Jahon | 14:30 / 17.02.2022
13951
3 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada suv toshqinlari oqibatida yuzdan ortiq kishi halok bo‘ldi (video)

35 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Foto: Reuters

Rio-de-Janeyrodan shimoldagi tog‘li hududda joylashgan tarixiy Petropolis shahrida kuchli yomg‘irlar ortidan ro‘y bergan suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida yuzdan ortiq kishi qurbon bo‘ldi.

Mahalliy rasmiylarning xabar qilishicha, uch soat ichida bu hududga bir oylik yog‘ingarchilik normasi tushgan. Petropolisda suv toshqini boshlangach, nishablikdagi uylar tuproq ostida qolib vayron bo‘lgan, ko‘chalarni suv bosgan. Qidiruv-qutqaruv otryadlari omon qolganlarni izlashda davom etmoqda.

Fuqarolik mudofaasi milliy xizmati tvitterdagi sahifasida ayni vaqtga kelib 104 kishining o‘limi tasdiqlangan, 24 kishi tirik holda topilganini ma’lum qilgan. Yana 35 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda falokat ko‘lami naqadar jiddiy ekanini ko‘rish mumkin.

«Fojia ko‘lami qay darajada ekanini hozircha bilmaymiz. Bu juda og‘ir kun bo‘ldi», dedi Petropolis shahri meri Rubens Bontempu.

«Vaziyat xuddi urushdagidek. Avtomobillar sim ustunlarida, ustunlar ag‘darilgan, juda ko‘p joy ifloslangan va suv ostida qolgan», degan jurnalistlar bilan suhbatda Rio-de-Janeyro shtati gubernatori Klaudio Kastro.

Petropolis - Rio-de-Janeyro yo‘nalishidagi tog‘li hududda joylashgan va sayyohlar orasida mashhur hisoblangan shahardir. XIX asrda bu yerda Braziliya imperatorlarining yozgi qarorgohi joylashgan - shaharni Imperator shahri deb atashgan.

Tabiiy ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan tumanlardan birida 80 uy vayronaga aylangan, 300 dan ortiq kishi boshpanasini tark etishga majbur bo‘lgan.

«Suv juda tez va katta kuch bilan keldi. Men borimni yo‘qotdim. Hayotimiz pandemiya tufayli shusiz ham og‘irlashgandi, endi esa bu fojia boshimizga tushdi», deydi Reuters muxbiri bilan suhbatda vayron bo‘lgan do‘konlardan birining egasi.

«Men qarindoshimni va uning besh yoshli qizini yo‘qotdim. Biz ularni hamon topa olmayapmiz. Biz bunday fojiani kutmagandik. Shahrimiz tamom bo‘ldi», degan agentlikka mahalliy aholi vakillaridan biri.

Ayni vaqtda Rossiyada tashrif bilan bo‘lib turgan Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru tvitterdagi sahifasida hukumatdan Petropolisdagi jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatishni so‘ragani haqida yozgan. Moskvada jurnalistlarga intervyu bergan Bolsonaru shaharning tiklanishi uchun federal mablag‘lar ajratilishini bildirgan.

Petropolis meriysi uch kunlik motam e’lon qilgan.

Rio-de-Janeyro shtati gubernatorining so‘zlariga ko‘ra, Petropolisda bunday yog‘ingarchilik oxirgi marta 1932 yilda bo‘lgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid