08:57 / 21.02.2022
4885

O‘zbekiston va Eron ikki davlat hududi orqali tovarlar tranzitini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi

O‘zbekiston hukumati va ishbilarmon doiralari delegatsiyasining tashrifi doirasida Eronga borgan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Tehron shahrida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Tomonlar savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Eron hukumatlararo komissiyasining bo‘lajak 14-yig‘ilishi doirasida bir qator yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolanishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston va Eron o‘rtasida agrosanoat, suv resurslarini boshqarish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qora metallurgiya, mashinasozlik, yengil sanoat va tibbiyot sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. 

Maxsus iqtisodiy zonalar, xususan, “Chabahor”, “Aras” (Eron) hamda “Navoiy” va “Angren” (O‘zbekiston) EIZ sub’yektlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish istiqbollari alohida ta’kidlandi. Yuqorida qayd etilgan tarmoqlarda aniq investitsiyaviy loyihalarni tayyorlash va tasdiqlash hamda ikki mamlakatning manfaatdor tadbirkorlari orasidan loyihalar tashabbuskorlarini aniqlash bo‘yicha birgalikda ish olib borish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Tomonlar ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida transport va logistika sohasida o‘tkazilgan ikki tomonlama muzokaralarda erishilgan muvaffaqiyatlarni olqishladi. O‘zbekiston idoralararo delegatsiyasining joriy yil yanvar oyida Eronga tashrifi chog‘ida transport yo‘laklarini rivojlantirish hamda ikki davlat hududlari orqali tovarlar tranzitini oshirish yo‘nalishida kelishuvlarga erishildi va hamkorlik to‘g‘risidagi bir qator muhim bitimlar imzolandi.

Tomonlar ikki mamlakat va mintaqa davlatlarini bir-biri bilan bog‘laydigan yangi, kam xarajatli savdo yo‘nalishlarini shakllantirish, har ikki mamlakatning transport va tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida izchil qo‘shma ishlarni davom ettirish ustuvor ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Muzokaralar kun tartibiga ikki mamlakatning xalqaro tashkilotlardagi ishtiroki doirasida birgalikda amalga oshiriladigan choralar, mintaqaviy xavfsizlikni, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash va transport aloqalarini mustahkamlash maqsadida hamkorlik qilish, mintaqaviy ahamiyatga ega qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar kiritildi.

Top