Bosqin uchun jazo: Rossiyaga qarshi kiritilgan iqtisodiy sanksiyalar
Ukrainaga bostirib kirgani Rossiyaga nihoyatda qimmatga tushmoqda. Yirik davlatlar nafaqat Putin va uning atrofidagi odamlarga sanksiya kirityapti, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham jiddiy zarba bo‘ladigan jazolarni qo‘llamoqda. Kun.uz urush boshlanganidan keyin Rossiyaga kiritilgan iqtisodiy sanksiyalar ro‘yxatini taqdim etadi.
G‘arbning ilk javobi: Germaniya “Shimoliy oqim 2” sertifikatsiyasini to‘xtatib qo‘ydi
22 fevral kuni Germaniya “Shimoliy oqim 2” sertifikatsiyasini to‘xtatib qo‘ydi. Bu Germaniyaning Rossiya DXR va LXRni mustaqil deb tan olganiga birinchi reaksiyasi bo‘ldi.
Rossiya Yevropaga gaz yetkazib beruvchi asosiy davlat hisoblanadi. “Shimoliy oqim 2” orqali Rossiyadan Yevropaga katta miqdorda gaz eksport qilish ko‘zlangan. U hali ishga tushgani yo‘q va bu aynan Germaniya bevosita nazorat qila oladigan operator hisoblanadi. Uning oxirgi manzili ham aynan Germaniya. Rossiya gazi AESlaridan voz kechayotgan Germaniya uchun muhim energetik xomashyo hisoblanadi.
Yevropa gaz masalasida Rossiyaga qanchalik bog‘liqligi haqida iqtisodchi Otabek Bakirov Kun.uz'ga bergan intervyusida gapirib o‘tgandi.
AQShning birinchi javobi: davlat qarzi va banklar
23 fevral, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan bir kun avval AQSh ilk sanksiya paketini e’lon qildi.
AQShning birlamchi sanksiyalari Rossiya davlat qarziga qaratildi. Shuningdek, Rossiya harbiy tuzilmasiga xizmat ko‘rsatuvchi “Rospromsvyaz” harbiy banki ham sanksiyaga tushgani ma’lum qilindi. Bundan tashqari, Bayden Rossiyaning “Promsvyazbank”, “VEB” banki va ularga aloqasi bo‘lgan 42 ta shu’ba kompaniyalar sanksiyaga tushganini aytdi.
Kanada, Avstraliya va Yaponiya sanksiyalari
23 fevral kuni Kanada, Avstraliya va Yaponiya hukumatlari Rossiya o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olishiga javoban Rossiyaga qator sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.
Kanada sanksiyalari Rossiya suveren qarzlari va DXR hamda LXR bilan kelishuvlarni qamrab oldi. Bundan tashqari, ular Rossiyaning ikki banki va Rossiya parlamentining DXR va LXR tan olinishi uchun ovoz bergan vakillariga taalluqli bo‘ladi. Kanadaliklarga ushbu respublikalar bilan moliyaviy operatsiyalar o‘tkazish taqiqlandi.
Avstraliya ham Rossiya banklari, DXR va LXR jismoniy va yuridik shaxslarini sanksiyaga duchor etdi. Kanberra Rossiya Xavfsizlik kengashining DXR va LXR tan olinishini qo‘llab-quvvatlagan sakkiz vakilini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan.
Yaponiyaning sanksiyalari mamlakatga DXR va LXRdan rasmiy shaxslar kelishini cheklash, shuningdek bu respublika bilan eksport va import mahsulotlarini taqiqlashni nazarda tutdi. Bundan tashqari, yapon bozorida rossiyaliklar obligatsiyalari joylashtirilishi cheklanmoqda. Rossiya hukumatining yangi suveren qarzi bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatildi. Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida vaziyat yomonlashgan taqdirda, chora-tadbirlar ro‘yxati kengaytirilishi mumkinligini qayd etgan.
Yevropa ittifoqi
25 fevral kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga sanksiyalar ro‘yxatini e’lon qildi. Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, quyidagi cheklov choralari ko‘riladi:
- Rossiya bank bozorining 70 foiziga va asosiy davlat kompaniyalari, shu jumladan mudofaa sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalarga ta’sir qiluvchi moliyaviy sanksiyalar;
- Energetika sohasidagi sanksiyalar: YeI sub’yektlari Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qila olmaydi;
- Rossiyaga samolyotlar va aviatsiya uskunalarini sotishni taqiqlash;
- Rossiyaning texnologiyalar, shu jumladan yarimo‘tkazgichlardan foydalanishini cheklash;
- Viza sanksiyalari – diplomatlar va biznes vakillari endi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga kirish imtiyozlaridan foydalana olmaydi.
Bundan tashqari, Financial Times nashri sanksiya ostida qolgan banklar, moliyaviy xizmatlar va kompaniyalarning to‘liq ro‘yxatini keltirdi. Unda moliyaviy operatsiyalar bilan bog‘liq sanksiyalar ham o‘rin olgan.
Markaziy bank: G‘arb davlatlari kollektiv ravishda Rossiya Markaziy banki aktivlarini muzlatishga qaror qildi. Shu paytgacha faqatgina Eron, Suriya, Afg‘oniston va Venesuela Markaziy banklarining aktivlari muzlatilgandi. Rossiya Banki qariyb 640 mlrd dollarlik valuta zaxiralariga ega, uning katta qismi G‘arbda – Nyu-York, London va Frankfurtdagi Markaziy banklarda saqlanadi.
Zaxiralarning muzlatilishi regulyatorning banklarni qo‘llab-quvvatlash qobiliyatini falajlaydi, rubl kursini ushlab turish uchun pul bozoriga intervensiyalar qilish imkoniyatidan mahrum qiladi.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi 2022 yil 12 apreldan keyin chiqariladigan qimmatli qog‘ozlar va pul bozori vositalari bilan investitsiya xizmatlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita savdosini taqiqladi. Bundan tashqari, AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada va Yevropa Ittifoqi Rossiya Markaziy bankining xalqaro zaxiralaridan sanksiyalar ta’siriga putur yetkazadigan tarzda foydalanishiga to‘sqinlik qiladigan cheklov choralarini qo‘llashga intilmoqda.
SWIFT: Iqtisodiy choralarning eng og‘iri Rossiya bank tizimini xalqaro SWIFT to‘lov tizimidan uzib qo‘yish tahdidi hisoblangan va bu har doim eng oxirgi chora sifatida ko‘rib kelingan. Ukrainaga bosqin ortidan xalqaro sanksiyalarga tushgan Rossiya banklari SWIFT'dan uziladi, zaruratga qarab boshqa banklar ham tizimdan uzilishi mumkin. Rossiya banklarini SWIFT tizimidan chiqarib tashlash mamlakatning butun dunyo bo‘ylab moliyaviy bozorlarga kirishini cheklab qo‘yadi.
Kun.uz Rossiyaning SWIFT’ning uzilishi qanday oqibatlarga olib kelishi haqida maqola e’lon qilgandi.
Sberbank: AQSh Rossiyaning eng yirik banki va 25 ta shu’basini AQSh moliya tizimidan uzdi. Sanksiyalar Sberbankning AQSh dollaridagi operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini cheklaydi. Moliyaviy tashkilot Rossiya bank tizimining deyarli uchdan bir qismini tashkil qiladi va jahon moliya tizimi bilan chambarchas bog‘liq.
VTB Bank: AQSh va Buyuk Britaniya Rossiyaning ikkinchi yirik bankining aktivlarini muzlatib qo‘ydi, u G‘arb moliyaviy tizimlariga qattiq bog‘liqdir. Bu shuni anglatadiki, bank va uning shu’ba korxonalari Buyuk Britaniya va AQShda ularning fuqarolari bilan biznes yurita olmaydi.
Rossiya hukumati uchun muhim daromad manbayi hamda yirik rivojlanish moliya instituti bo‘lmish VEB RF Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qoldi. U allaqachon AQSh va Buyuk Britaniya ro‘yxatida edi.
Yevropa Ittifoqi Alfa-Bank va Otkritiye Bank qayta moliyalash uchun obligatsiyalar, aksiyalar yoki kreditlar chiqarishiga taqiq qo‘ydi. AQSh esa Alfa-Bank qarzi va kapitaliga cheklovlar kiritdi, Otkritiye Bank, Sovcombank va Novikombankka qarshi to‘liq blokirovka qiluvchi sanksiyalar kiritdi. Shuningdek, Amerika Rosselxozbank, Moskva kredit banki va Gazprombankning qarz va kapitaliga yangi cheklovlar qo‘ydi.
Buyuk Britaniya Promsvyazbank aktivlarini muzlatib qo‘ydi. IS Bank, Genbank va Qora dengiz taraqqiyot va tiklanish banki ham Britaniya sanksiyalari ostida qoldi.
Belarusdagi banklar
AQSh Minskning Rossiya bosqinidagi ishtirokiga javoban ikki davlat banki – Belinvestbank va Bank Dabrabyt'ga qarshi sanksiyalar kiritdi. Bundan tashqari, Minskda joylashgan ikkita kompaniya, Belinvest Engineering ko‘chmas mulk guruhi va CJSC Belbizneslizing moliyaviy lizing kompaniyasi Belinvestbank nomidan ish olib borish uchun ro‘yxatga kiritilgan.
Rossiyaning quyidagi yirik kompaniyalari xalqaro sanksiyalar ostida qoldi:
- “Aeroflot” aviakompaniyasi. Unga Buyuk Britaniya havo hududida parvoz qilish taqiqlandi.
- “Rostec” – Rossiyadagi eng yirik mudofaa kompaniyasi.
- “Uralvagonzavod” – dunyodagi eng yirik tank ishlab chiqaruvchisi.
- Tactical Missile Corporation – havo va dengiz raketalarining asosiy yetkazib beruvchisi
- United Aircraft Corporation – Rossiyaning barcha yirik samolyot ishlab chiqaruvchilarini o‘z ichiga olgan harbiy samolyotlarni yetkazib beruvchi Rossiya holding kompaniyasi.
- Birlashgan kemasozlik korporatsiyasi. Rossiyaning asosiy harbiy kemalarini qurgan mamlakatdagi eng yirik kemasozlik kompaniyasi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi kompaniyalariga texnologiyalarni Rossiyaning qurol ishlab chiqaruvchi “Kalashnikov” OAJ, shuningdek, farmatsevtika kompaniyalari, harbiy aloqa bo‘linmalari va kemasozlik zavodlariga eksport qilish taqiqlandi.
Yevropa Ittifoqi kompaniyalariga quyidagi davlat kompaniyalari bilan biznes yuritish taqiqlandi:
- qurol ishlab chiqaruvchi Almaz-Antey;
- yuk mashinalari ishlab chiqaruvchi Kamaz;
- Novorossiysk dengiz savdo porti;
- “Rostec” mudofaa korxonasi;
- Rossiya temir yo‘llari;
- Atom suvosti kemalari ishlab chiqaruvchi “Sevmash”;
- Uglevodorod yetkazib beruvchi “Sovcomflot”;
- Rossiyaning eng yirik kema quruvchisi “Birlashgan kema qurish korporatsiyasi”.
Shuningdek, Ukrainada dezinformatsion kampaniyalar uyushtirganlikda ayblanib, Yevgeniy Prigojin tomonidan moliyalashtirilishi aytiladigan va Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Internet tadqiqot agentligi ham sanksiyalarga uchradi.
Amerika Qo‘shma shtatlarining rus kompaniyalariga sanksiyalari
Rossiyaning eng yirik moliya institutlarini nishonga olishdan tashqari, Qo‘shma Shtatlar mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan kompaniyalarning AQSh bozori orqali pul yig‘ishlarini keskin cheklab qo‘ydi. Bunga quyidagilar kiradi:
- Dunyodagi eng yirik gaz kompaniyasi “Gazprom”;
- Rossiyaning eng yirik neft ishlab chiqaruvchilari va qayta ishlovchilaridan biri “Gazprom Neft”;
- “Transneft” neft quvurlari kompaniyasi;
- Rossiyaning eng yirik energetika kompaniyalaridan biri “RusHydro”.
- Rossiyaning eng yirik dengiz va yuk tashish kompaniyasi “Sovcomflot”;
- dunyodagi eng yirik temiryo‘l kompaniyalaridan biri – “Rossiya temir yo‘llari”.
- Rossiyaning yirik aloqa operatori “Rostelekom”;
- dunyodagi eng yirik olmos qazib oluvchi “Alrosa” kompaniyasi.
Boshqa sanksiyalar
Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi quyidagi qo‘shimcha sanksiyalarni qo‘llamoqda:
- Badavlat rossiyaliklarning Buyuk Britaniya banklariga kirishini cheklash, jumladan, bank hisoblariga 50 ming funt sterling miqdorida cheklov;
- Rossiyaning barcha moliya institutlaridagi aktivlarni muzlatish;
- Rossiya kompaniyalarining Buyuk Britaniyada qimmatli qog‘ozlar va pul bozori vositalarini chiqarishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari;
- Belgilangan banklarning Buyuk Britaniya orqali sterling va kliring to‘lovlariga kirishini taqiqlash;
- Elektron, telekommunikatsiya va aerokosmik sohalarda yuqori texnologiyali va muhim texnik jihozlar va butlovchi qismlarni eksport qilishni taqiqlash;
- Buyuk Britaniyaning Qrimga nisbatan qo‘ygan hududiy sanksiyalari Donetsk va Luganskka ham qo‘llaniladi, ya’ni Ukraina ularni qaytadan o‘z nazoratiga olmaguncha, Britaniya fuqarosi bu hududlarda biznes bilan shug‘ullana olmaydi.
Yevropa ittifoqi:
- Rossiyaning Yevropa Ittifoqi banklarida 100 ming yevrodan ortiq depozit qo‘yishi, Yevropa Ittifoqining markaziy depozitariylaridagi Rossiya hisobraqamlari va yevrodagi qimmatli qog‘ozlarni rossiyalik mijozlarga sotishni taqiqlash;
- Rossiya davlat tuzilmalarining aksiyalarini Yevropa Ittifoqi savdo maydonchalarida joylashtirishni taqiqlash;
- Rossiyaga neftni qayta ishlash texnologiyalarini sotish, yetkazib berish, uzatish yoki eksport qilishni taqiqlash va tegishli xizmatlarga cheklovlar;
- Rossiya aviakompaniyalariga, shuningdek, Rossiya kosmik sanoatiga barcha samolyotlar, ehtiyot qismlar va jihozlarni eksport qilishni taqiqlash (bu sug‘urta va qayta sug‘urtalash, texnik xizmat ko‘rsatishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi);
- ikki maqsadli tovarlar va texnologiyalar, shu jumladan yarimo‘tkazgichlar eksportiga qo‘shimcha cheklovlar;
Shuningdek, AQSh Rossiya armiyasini G‘arb texnologiyasidan mahrum qilish uchun Rossiyaga yuqori darajali Amerika texnologiyasi eksportini chekladi. Rossiyaga Amerikadan chiplar va kompyuterlar eksportiga ham cheklovlar qo‘yildi.
Yarimo‘tkazgichlarning dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchisi bo‘lmish Tayvanning TSMC kompaniyasi AQSh sanksiyalari tufayli Rossiyaga mahsulot yetkazib berishni to‘xtatdi.
Rossiya iqtisodiyoti yarimo‘tkazgichlar eksportiga qattiq bog‘langan, chunki Rossiya maishiy elektronika yoki yuqori texnologik tovarlar uchun mo‘ljallangan mikrochiplarni ishlab chiqarmaydi. Bu sohada Tayvan, Janubiy Koreya, AQSh, Yevropa va Yaponiya yetakchilik qiladi.
Mavzuga oid
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
20:42 / 09.11.2024
Oq uy Trampning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Ukrainaga harbiy yordam yuborishni tezlashtirdi
16:25 / 09.11.2024