O‘zbekiston | 10:17 / 28.02.2022
19220
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjondagi elchixona o‘zbekistonlik yuk tashuvchi haydovchilarni ogohlantirdi

Foto: Shutterstock

O‘zbekistonning Ozarboyjondagi elchixonasi mamlakat xalqaro tashuvchilariga yuk avtomobillari haydovchilariga nisbatan taqiq mavjud emasligini oldindan tekshirishni tavsiya qilmoqda, deb xabar berdi «Dunyo».

Ushbu tavsiya «Yuqori Lars» nazorat-o‘tkazish punkti orqali Gruziya-Rossiya chegarasini kesib o‘tish vaqtida haydovchilarning Rossiya hududiga kirishiga ruxsat berilmayotgani holatlari davom etayotganiga asoslanmoqda.

Bildirilishicha, bunday harakatlarga chegarani kesib o‘tayotgan haydovchi bundan avvalroq Rossiya qonunchiligini buzgani, shu jumladan, turli jarimalarni to‘lamagani uchun deportatsiya qilinganlar ro‘yxatiga kiritilgani sabab bo‘lmoqda.

Yuz berayotgan ushbu holatlar COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish doirasida qabul qilingan cheklovlar sababli ham murakkablashmoqda.

«O‘z navbatida, o‘zbekistonlik diplomatlar har bir holat bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish, vatandoshlar manfaatlarini himoya qilish borasida maqsadli sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda», deyiladi xabarda.

Elchixona yana bir bor o‘zbekistonlik xalqaro yuk tashuvchilaridan Rossiya hududiga, shu jumladan, Ozarboyjon va Gruziya orqali tashuvlarni amalga oshirishdan oldin xorijiy mamlakatga kirish uchun taqiq mavjud emasligini tekshirib ko‘rishni so‘raydi.

Mavzuga oid