10:33 / 28.02.2022
2751

«Xorazm» klubi yangi mavsum arafasida: transferlar, nazorat o‘yinlari

Urganchning «Xorazm» klubida Pro-Liga 2022 mavsumi oldidan bir qator jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi.

Foto: Xorazm FK

Yanvar oyida jamoa bosh murabbiy Aleksandr Yejov bilan xayrlashdi. U 2017 yildan beri (orada tanaffuslar bilan) klubni boshqarib kelayotgan edi. Yejov qo‘l ostida «Xorazm»ning Pro-Ligadagi eng yaxshi natijasi o‘tgan mavsumda qayd etildi – 5-o‘rin.

Bosh murabbiylikka 50 yoshli mutaxassis Ruslan Ahmedov taklif etildi. U Xorazm futboliga begona emas: shu yerda tug‘ilib o‘sgan, futbolchi sifatida «Xorazm» klubi sharafini himoya qilgan. Murabbiylik faoliyatida «Mash’al», «So‘g‘diyona», «Sho‘rtan», «Metallurg» klublari shtabida ishlagan.

Ruslan Ahmedov - «Xorazm» klubining yangi bosh murabbiyi  / Foto: Xorazm FK

Ruslan Ahmedov qo‘l ostida «Xorazm» klubi qariyb 1 oy davomida Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazdi. Bir qator nazorat o‘yinlarida ishtirok etdi. 

Natijalar quyidagicha: 
«Xorazm» - «Ontustik» (Qozog‘iston) 3:2 
«Xorazm» - «G‘ijduvon» 2:2
«Xorazm» - «Zomin» 4:4 
«Xorazm» - «Mash’al» 1:0
«Xorazm» - «Neftegazmontaj» 4:1
«Xorazm» - «Sho‘rtan» 1:0 
«Xorazm» - «Chig‘atoy» 2:1

Foto: Xorazm FK

 

O‘quv-mashg‘ulot yig‘inidan so‘ng «Xorazm» klubi tarkibda jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Jumladan, 10 futbolchi bilan shartnoma imzolandi. Ularning orasida 20 yoshli kamerunlik hujumchi ham bor.

Taklif etilgan futbolchilar:

Ozodbek Rajabov (14.01.2002, Jizzax viloyatida tug‘ilgan), himoyachi, «Nasaf» klubidan keldi, shartnoma muddati 2 yil.

Ja’far Karimov (01.09.2001, Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan), himoyachi, «Nasaf» klubidan keldi, shartnoma muddati 2 yil.

Ulug‘bek Sharipov (06.03.2001, Toshkent viloyatida tug‘ilgan), himoyachi, «Metallurg» klubidan keldi, shartnoma muddati 2 yil.

Sherzod G‘ulomjonov (23.04.2001, Namangan viloyatida tug‘ilgan), yarimhimoyachi, «Navbahor» klubidan keldi, shartnoma muddati 2 yil.

Muhammadqodir Rahimberganov (11.03.2001, Xorazm viloyatida tug‘ilgan), yarimhimoyachi, «Yangiyer» klubidan keldi, shartnoma muddati 2 yil.

Boburjon Asqarov (09.02.1999, Toshkentda tug‘ilgan), yarimhimoyachi, «Lokomotiv» klubidan keldi, shartnoma muddati 2 yil.

Azizbek Pirmuhammadov (20.04.2002, Buxoro viloyatida tug‘ilgan), yarimhimoyachi, «Bunyodkor» klubidan keldi, shartnoma muddati 2 yil.

Hayotjon Shodmonov (31.05.2001, Jizzax viloyatida tug‘ilgan), yarimhimoyachi, «So‘g‘diyona» klubidan keldi, shartnoma muddati 2 yil.

Idris Bikmaykin (27.05.1996, Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan), hujumchi, «Alay Qirg‘iziston» klubidan keldi, shartnoma muddati 1 yil.

Chachua Chato «Rokki Marsiano» (03.01.2002, Kamerunda tug‘ilgan), hujumchi, «Jizzax Bars» klubidan keldi, shartnoma muddati 2 yil.

«Xorazm» klubining yangi hujumchilari – Idris Bikmaykin va Rokki Marsiano / Foto: Xorazm FK

Shu bilan birga, «Xorazm» klubi 7 futbolchi bilan xayrlashdi: Mirjalol Qurbonov, Ma’ruf Murodov, Islom Karimov, Bobur Farhodov, Danila Yejov, Qo‘shnazar Qo‘shnazarov va Abduholiq Qurbonov.

Himoyachi Temur Masharipov «Orol» klubiga ijaraga berildi.

Foto: Xorazm FK

Eslatib o‘tamiz, Pro-Liga yangi mavsumi 6 mart kuni boshlanadi. «Xorazm» o‘z maydonida Nukusning «Orol» klubini qabul qiladi.

Mavzuga oid
Top