O‘zbekiston | 09:55 / 01.03.2022
4422
1 daqiqa o‘qiladi

Polshadan yana 258 nafar o‘zbekistonlik Toshkentga olib kelindi

2022 yil 1 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 9:15 da Ukrainadan evakuatsiya qilingan 258 nafar o‘zbekistonlikni Polshaning Katovitse shahridan olib kelgan navbatdagi maxsus samolyot poytaxtga qo‘ndi.

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 1 mart holatiga O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari va mutasaddi tashkilotlarining sa’y-harakatlari natijasida Ukrainadan jami 509 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi.

«Hozirgi vaqtda «Karchova» nazorat-o‘tish punktidagi to‘planish joyida bo‘lib turgan 650 dan ortiq fuqarolarimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Yurtdoshlarimizni olib kelish uchun yana qator evakuatsion reyslarni tashkillashtirish ko‘zda tutilmoqda», deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi diplomatlari fuqarolarning masalalarini hal qilish bilan shug‘ullanmoqda va ularning aeroportda bo‘lib turishlarini muvofiqlashtirmoqda. Elchixonada uzluksiz ishlaydigan tezkor shtab tashkil etilgan.

Avvalroq, Ukrainadan evakuatsiya qilingan o‘zbekistonliklarning ilk guruhi Toshkentga yetib kelgandi.

Ushbu maxsus reys bilan 251 nafar O‘zbekiston fuqarosi Polshaning Katovitse shahridan olib kelindi. Olib kelinganlarning 37 nafari bolalar va 10 nafar chaqaloqlar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid