O‘zbekiston | 14:30 / 03.03.2022
67062
3 daqiqa o‘qiladi

“Xarkovda ahvol juda og‘ir...” - Ukrainadagi urushning o‘zbekistonlik guvohi

O‘zbekiston urush ichida qolgan Ukrainadan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilmoqda. Hozirgacha 1800dan ortiq vatandosh maxsus reyslarda olib kelindi. Artilleriya zarbalari ostidagi Xarkov shahridan vatanga qaytgan talaba Kun.uz'ga u yerdagi vaziyat haqida so‘zlab berdi.

2 mart oqshomida Ukrainadan navbatdagi reysda o‘zbekistonliklar olib kelindi. Bugungacha 1800dan ziyod o‘zbekistonlik evakuatsiya qilindi. Kun.uz navbatdagi reys vaqtida Toshkent xalqaro aeroportida bo‘ldi.

Xarkov shahridagi tibbiyot oliygohida o‘qiydigan talaba qiz shahardagi vaziyatni eslarkan, ko‘ziga yosh oldi.

“Hozir Xarkovda ahvol juda og‘ir. Biz o‘sha 4-kun chiqib ketgan bo‘lsak, hatto (raketalar) yotoqxonalarimizning oldiga kelib tushmoqda. Yura olmayapmiz, oyoqlarimiz shunaqa qaltirayapti, ko‘chaga chiqolmayapmiz. Ko‘chada taksilar yo‘q. Biz-ku mayli, buyoqda ota-onalarimiz har daqiqa o‘lib tirilyapti.

Davlatimiz shuncha sharoit qildi. Asosiy qiyinchilik Polshagacha kirib olishda bo‘ldi. Polshaga kirdik, hamma narsa biz uchun yaratib berilgan. Har kuni reyslar qo‘yilyapti, lekin odam juda ko‘p. Xarkovda talabalar hali ko‘p. Ularning o‘zining aholisi-chi? Hamma joyda otishma bo‘lib yotibdi; (raketalar) universitetlarimiz oldiga, dekanatga tushgan…” – deydi u.

Evakuatsiya qilinadigan o‘zbekistonliklar uchun Polshada vizasiz rejim muddati 15 martgacha amal qiladi. Kiyevda elchixonaning 7 nafar xodimi vatandoshlarni evakuatsiya qilish uchun ishlamoqda.

Tashqi ishlar vazirligi faol harbiy harakatlar borayotgan Xarkov, Sumi va Xerson shaharlaridagi vatandoshlarga hozircha bunkerlarda qolishni tavsiya etgan: bu shaharlardan fuqarolarni Ukraina g‘arbiga yetkazib kelish murakkab va xavfli.

“Polshaning Katovitsa aeroportidan mamlakatimizga maxsus aviaqatnovlar orqali olib kelish jarayonlari uzluksiz davom etmoqda. Ushbu (oltinchi) reysda 251 nafar fuqaromiz mamlakatimizga olib kelindi. Umuman mana shu aviaqatnovlar kuniga 2tadan tashkil qilinmoqda. Aviaqatnovlarning bajarilish vaqti esa Ukraina hududidan Polshaga olib o‘tish va ularni to‘plash bilan bog‘liq jarayonlar yakunlangach aniqlanmoqda”, – dedi Kun.uz bilan suhbatda Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov.

Мадина Очилова
Muallif Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid