Jahon | 17:00 / 22.03.2022
8071
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaliklar fevralda 1,2 trillion rubl omonatlarini banklardan qaytib olgan

Foto: TASS

2022 yilning fevral oyida rossiyaliklarning bankdagi pullari 1,2 trillion rublga (3,5 foizga) kamaydi. Rossiya aholisi o‘tgan oy davomida shuncha miqdordagi omonat jamg‘armalarini bankdan olgan.

Mart oyida omonatlar foizi keskin oshgani sabab vaziyat stabillashgan. Bu haqda Rossiya Markaziy banki hisobotiga tayanib, RBK habar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, 2008 yildan buyon rossiyaliklar bir oyda bankdan bu qadar ko‘p pul yechib olmagan. 14 yil avval sodir bo‘lgan butunjahon iqtisodiy inqirozi cho‘qqiga chiqqan vaqtda rossiyaliklarning jamg‘armalardagi pullari bir oyda 6 foizga kamaygan. O‘sha vaqtda bu 354 milliard rublni tashkil etgan.

Rossiya markaziy banki hisobotida aytilishicha, eng ko‘p omonatlarni qaytib olish fevral oyining oxirgi haftasiga to‘g‘ri kelgan.

«Rossiyadagi yirik banklarga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar sabab yuzaga kelgan salbiy axborot makoni odamlar orasida pullarni naqd ko‘rinishda saqlash istagini oshirgan», deyilgan Rossiya Markaziy banki hisobotida.

21 fevral kuni Rossiya Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXRni tan olganini e’lon qildi. Buning ortidan AQSh, Britaniya va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan sanksiyalar qo‘llay boshladi. 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga kirgach, sanksiyalar keng qamrovli ko‘rinish oldi.

Birinchilardan bo‘lib Rossiyaning yirik banklari sanksiyaga uchradi. Hatto Rossiya Markaziy banki valuta rezervlari, Rossiya davlat qarziga nisbatan sanksiyalar qo‘llandi. Oqibatda odamlar pullarini omonat kassalarida emas, naqd ko‘rinishda yonlarida saqlashni afzal bila boshlagan.

Mavzuga oid