Putin Rossiya «do‘st bo‘lmagan davlatlar»ga gazni faqat rublda sotishini e’lon qildi
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, gazni shartnomalarda ko‘rsatilgan hajm va narxlarda yetkazib berish davom etadi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya gazining «do‘stona bo‘lmagan davlatlar»ga eksporti uchun to‘lov rublda amalga oshirilishini ma’lum qildi. Bunday davlatlar ro‘yxati mart oyida Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga javoban kiritilgan sanksiyalar tufayli jiddiy kengaytirilgan. Endi qariyb 50 mamlakat Rossiya ichki bozorida rubl sotib olishiga to‘g‘ri keladi.
«Interfaks»ning yozishicha, Putin Markaziy Bank va hukumatga bir hafta ichida Rossiya gazi xaridorlari Rossiya ichki bozorida rubl sotib olishi bo‘yicha operatsiyalar o‘tkazishi tartibini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan.
«Ko‘rinib turibdiki, mahsulotlarimizni Yevropa davlatlari va AQShga yetkazib berib, to‘lovni dollar va yevroda qabul qilishdan ma’no qolmadi. Shu sababli to‘lovlarni rublga o‘tkazish bo‘yicha choralarni amalga oshirishga qaror qildim. Ishni tabiiy gazdan boshlaymiz — nodo‘st mamlakatlarga yetkazib beriladigan gaz uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazamiz. Ya’ni hisob-kitoblarda o‘zini oqlamagan barcha valutalardan foydalanishdan voz kechamiz», degan Putin.
Putinning so‘zlaridan keyin dollar kursi 101 rubldan kamaydi, keyinroq Moskva birjasida bir dollar 95 rublgacha tushgan.
O‘z navbatida, Rossiyaning bu qarori e’lon qilinishidan keyin Yevropada gaz narxi 10 foizga ko‘tarilgan. Shu bilan birga, o‘sish o‘tgan kundagi yopilishdagi narxga qaraganda 25 foizdan ortiqni tashkil etgan.
Putinning bayonotidan keyin ICE Futures birjasida aprel fyucherslari ming kubmetr gaz uchun 1359 dollarga chiqdi. Bir kun avvalgi savdolar 1077 dollar darajasida yopilgandi.
Ayni vaqtda Rossiya hukumati «nodo‘st mamlakatlar» ro‘yxatiga 48 davlatni kiritgan.
7 mart kuni bu ro‘yxat rossiyalik harbiylarning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli qo‘llangan sanksiyalarga javoban keskin kengaytirilgandi. «Nodo‘st mamlakatlar»ning avvalgi ro‘yxatida atigi ikki davlat - AQSh va Chexiya bor edi. Ular bu ro‘yxatdan 2021 yil 14 mayda o‘rin olgan.
Rossiya hukumati yana 46 davlatni qo‘shib, yangi ro‘yxatni tasdiqlagan: bular YeIning barcha a’zolari, shuningdek Avstraliya, Albaniya, Andorra, Buyuk Britaniya (Jyersi, Angilya, Britan Virjin orollari va Gibraltar bilan birga), Islandiya, Kanada, Lixtenshteyn, Mikroneziya, Monako, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Janubiy Koreya, San-Marino, Shimoliy Makedoniya, Singapur, AQSh, Tayvan, Ukraina, Chernogoriya, Shveytsariya va Yaponiya.
Endi Rossiya kompaniyalarining «nodo‘st mamlakatlar» kompaniyalari bilan kelishuvlari MB vakillari va prezident ma’muriyati vakillaridan iborat hukumat komissiyasi tomonidan ma’qullanishi kerak bo‘ladi.
Rossiya fuqarolari va kompaniyalarining «nodo‘st mamlakatlar» oldidagi qarzlari ham rublda - to‘lov kunidagi MB kursi bo‘yicha to‘lanishi mumkin.
«Joriy etilayotgan bu sanksiyalar urush ochish bilan teng», degandi Putin 5 mart kuni. Keyingi kuni esa u hukumatga «nodo‘st mamlakatlar» ro‘yxatini yangilashni buyurgandi.
Rossiya moliya vazirligi 14 mart kuni davlat qarzi bo‘yicha xorijiy valutadagi to‘lovlarning vaqtincha tartibini tasdiqladi. Agar valuta zaxiralarini tasarruf etishiga ruxsat berishmasa, Rossiya davlat qarzini rublda to‘laydi. Moliya vaziri Anton Siluanov sanksiyalar tufayli Rossiya zaxiralarining qariyb yarmi - 640 milliard dollardan 300 milliard dollari bloklangani haqida ma’lum qilgan.
Gaz uchun to‘lov ilk bor rublda amalga oshirilishi 2019 yil martida kuzatilgan, o‘shanda «Gazprom eksport» 80 mln kub metr gazni Germaniyadagi habga yetkazib bergandi. Kompaniya rahbari Yelena Burmistrova o‘shanda bu kelishuv «ramziy ma’noga egaligi»ni aytgandi.
Hozirda Rossiya bir oyda taxminan 10 mlrd dollarlik gaz eksport qiladi. Urush holatiga qaramay, Yevropaga Ukraina orqali gaz yetkazib berilishi davom etmoqda.
«Rossiya tabiiy gazni shartnomalarda ko‘rsatilgan hajm va narxlarda yetkazib berishda davom etadi», - dedi Putin va hukumatdan «Gazprom»ga amaldagi shartnomalarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ko‘rsatma berishni so‘radi.
«Ular uchun to‘lovlarni amalga oshirishning tushunarli, shaffof tartibini yaratish kerak, jumladan, bizning ichki valuta bozorimizdan Rossiya rublini sotib olish bo‘yicha. Rossiya Banki va hukumatdan bir hafta ichida bunday operatsiyalarni amalga oshirishning tartibini belgilab berishni so‘rayman», degan rossiyaliklar prezidenti.
YeI davlatlari va Yevrokomissiya kelgusida tabiiy gazni, shu jumladan suyultirilgan gazni birgalikda sotib olishni rejalashtirmoqda, dpa agentligi xabar berishicha, bu boradagi yakuniy qaror Yevroittifoqning hafta oxirida o‘tkaziladigan sammitida qabul qilinishi kutilmoqda.
YeI sotib oladigan gazning 40 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi, shu tufayli Bryussel imkon qadar tez muddatda Rossiya gazi importiga qaramlikdan xalos bo‘lishni istamoqda. DW xabariga ko‘ra, yangi hamkorlar qidirish uchun GFR iqtisodiyot vaziri Robert Habek Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyurgan, tomonlar energetika sohasida hamkorlikni muhokama qilishgan.
Olga Shamina, BBC rus xizmatining iqtisodiyot bo‘limi muharriri:
Rossiya nefti va gazi eksportiga qarshi sanksiyalar Rossiya iqtisodiyoti uchun eng og‘riqlilaridan biri hisoblanadi. Hozircha Rossiyadan neft va gaz import qilishga to‘liq embargo faqat AQSh tomonidan joriy etilgan. Buyuk Britaniya yil oxiriga qadar Rossiya energoresurslaridan voz kechishni rejalashtirmoqda.
Ammo YeI davlatlari energoresurslardan voz kechishi Rossiya iqtisodiyotiga beriladigan eng katta zarba bo‘ladi. Hozircha yevropaliklar bunga jazm etmagan, chunki bundan Yevropa aholisi ham jabr ko‘radi. Ammo Rossiya energetika sektoriga sanksiyalar masalasi kundan kunga faol muhokama qilinmoqda.
Nazariy jihatdan rublda to‘lov majburiyati yevropaliklarni yanada qat’iy harakatlarga undashi mumkin, chunki endi ular uchun gaz xarid qilish qoidalari jiddiy ravishda kuchaytirilmoqda. Bundan tashqari, qator yevropalik iqtisodchilar ham shunga chaqirmoqda.
Ular Rossiya nefti importidan bosh tortish va Rossiya gazi sotib olish uchun soliq joriy etilishi Rossiya iqtisodiyotiga jiddiy putur yetkazadi deb hisoblashadi.
Rossiya uchun energoresurslar sotuvi - valutaning asosiy manbalaridan biri. Bu pullardan mamlakat xalqaro hisob-kitoblarda yoki turli qurilmalarni sotib olishda foydalanishi mumkin. Eksportyorlar hozirda valutani ichki bozorga sotishmoqda - bu bilan rubl kursi qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Hukumat bir oy mobaynida yangi tizim qanday ishlashi bo‘yicha qoidalarni taqdim etishi kerak. Savollar ko‘p. Masalan, Yevropa davlatlari ruslar valutasini qanday sotib olishi mumkin - yoki bunday to‘lovlar qanday amalga oshiriladi. Rubl hozirda hisob-kitoblar uchun xalqaro valuta hisoblanmaydi va ko‘plab kompaniyalar va banklar shunchaki bunday to‘lovlarni amalga oshirishga tayyor bo‘lmasligi mumkin.
Bundan Rossiya iqtisodiyoti yutishi yoki yutqazishi ko‘p jihatdan Rossiya hukumati taklif etadigan mexanizmga bog‘liq bo‘ladi.
Mavzuga oid
09:01 / 16.11.2024
«Gazprom» Avstriyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi
18:17 / 08.11.2024
AQSh ortidan Britaniya ham O‘zbekistonning Uzstanex kompaniyasiga qarshi sanksiya kiritdi
22:23 / 30.10.2024
AQSh Rossiya «do‘stlariga» qarshi sanksiyalar kiritdi
20:56 / 14.10.2024