O‘zbekiston | 10:56 / 13.04.2022
10765
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat organlariga ko‘maklashuvchi volontyorlik guruhlari tuziladi 

Foto: iStock

Vazirlar Mahkamasining “Volontyorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi hamda Adliya vazirligining volontyorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifalari va funksiyalarini bajarishda volontyorlik faoliyatini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

2022 yil 1 iyundan boshlab quyidagilarni amalga oshirish imkonini beruvchi O‘zbekiston yoshlar portali negizida yaratilgan volontyorlar elektron platformasi ishga tushiriladi:

  • volontyorlarning ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlar, loyihalar va aksiyalardagi ishtiroki, shuningdek, davlat organlari faoliyatiga ko‘maklashgan davrini qayd etib borish;
  • volontyorlar guruhiga kiritilgan volontyorlarni hisobga olish;
  • hududlar va faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha volontyorlik yordamini jalb qilishga qiziqish bildirayotgan davlat organlari ro‘yxati hamda ularning tadbirlari, loyihalari va aksiyalarini joylashtirish;
  • davlat organlarining volontyorlar bilan ishlashiga oid metodik tavsiyalarni joylashtirish; 
  • volontyorlik faoliyatini chet elda amalga oshirish.

Yoshlar ishlari agentligi volontyorlar platformasini to‘liq ishga tushiradi hamda uning doimiy texnik qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlaydi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

  • davlat organlari rahbarlari volontyorlar jalb etiladigan yo‘nalishlar ro‘yxatini hamda ichki yo‘riqnomasini tasdiqlaydi;
  • davlat organlariga ularning faoliyatini samarali va tejamli shaklda amalga oshirishga ko‘maklashuvchi volontyorlik guruhlari tuziladi hamda ularga volontyorlar ushbu davlat organlarida tashkil etiladigan komissiya tomonidan suhbat asosida tanlab olinadi;
  • davlat organlarida tuziladigan volontyorlik guruhlarining faol a’zolari davlat organlarining budjetdan tashqari mablag‘lari doirasida hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan rag‘batlantirib boriladi;
  • har bir davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatiga volontyorlik tashkilotlarining tashabbuskor vakillari jalb qilinadi.

Davlat organlarining yoshlar bilan ishlashga mas’ul bo‘lgan rahbar o‘rinbosarlariga (maslahatchilariga) volontyorlar bilan ishlash vakolati yuklatiladi va uning doirasida ularning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • davlat organi faoliyati bilan bog‘liq volontyorlik dasturlarini tayyorlash va tasdiqlash uchun davlat organi rahbariga kiritish;
  • davlat organi tomonidan volontyorlar ishtirokida ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlar, loyihalar va aksiyalar o‘tkazilishini tashkil etish;
  • davlat organi faoliyatini amalga oshirishga jalb etiladigan volontyorlar huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash;
  • davlat organi faoliyatini amalga oshirishga jalb etiladigan volontyorlar tomonidan qaror bilan tasdiqlangan nizom talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
  • davlat organining vazifalari va funksiyalarini volontyorlik orqali samarali va tejamli shaklda amalga oshirish yuzasidan takliflar kiritish;
  • davlat organi faoliyatini amalga oshirishga jalb etiladigan volontyorlarni moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish to‘g‘risida takliflar kiritish.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid