O‘zbekiston | 18:28 / 20.04.2022
41144
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand va Jizzax viloyatlariga sel yopirildi. Qurbonlar bor

Kuchli yog‘ingarchilik Samarqand va Jizzax viloyatlarining ko‘plab hududlarida sel va suv toshqinlariga olib keldi. Forish tumanida to‘rt kishi halok bo‘lgan. G‘allaorolda bir yillik yog‘in miqdorining qariyb 10 foizi 2 soat ichida yog‘gani aytilmoqda.

Internetda tarqalayotgan videolardan kadrlar

19 aprelda boshlangan kuchli yog‘ingarchilik ortidan 20 aprel kuni Samarqand va Jizzax viloyatlarining qator tumanlarida sellar va suv toshqinlari kuzatildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, sel hodisasi Jizzax viloyatining Baxmal, Forish, G‘allaorol va Sh.Rashidov tumanlarida kuzatilgan.

Natijada ayrim aholi yashash joylari, ijtimoiy soha obektlari, ekin maydonlari sel oqimlaridan zararlangan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Forish tumanida 4 nafar fuqaro (1 nafar erkak, 3 nafar ayol) sel oqizib ketishi natijasida xalok bo‘lgan.

Ushbu tumanda bir nechta qishloqni sel bosgan, xonadonlar suv ostida qolgan, avtomobillarni suv oqizgan holatlar haqida xabarlar bor.

Gidrometeorolog Erkin Abdulahatovning ma’lum qilishicha, Jizzax viloyatining “G‘allaorol” meteorologik stansiyasida 2 soat 5 daqiqa oralig‘ida 31,5 mm yog‘in yog‘gan – bu bir yillik yog‘in me’yorining qariyb 10 foiziga teng.

Samarqandda esa Ishtixon, Bulung‘ur va Urgut tumanlarida sel kuzatilgan. M-39 xalqaro avtomobil yo‘lining ayrim qismlari suv ostida qolgan. Kuchli yog‘ingarchilik sabab Samarqand shahrida ham ko‘chalarga suv toshgan.

Qutqaruvchilar favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.

Mavzuga oid