O‘zbekiston | 14:55 / 30.04.2022
18074
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shnilar bilan avtobus qatnovlari tiklandi. Avtovokzaldan reportaj

2 yillik kovid-tanaffusdan keyin, aprel oyida O‘zbekistondan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga avtobus qatnovlari tiklandi. Ilk kunlardanoq yerusti qatnoviga talab yetarlicha ekani ma’lum bo‘ldi. Turgan gapki, aviaparvozlar va hali tiklanmagan temiryo‘l qatnoviga muqobil avtobus reyslari arzonroqligi bilan ajralib turadi. Kun.uz muxbiri Toshkent avtovokzalidan maxsus reportaj tayyorladi.

Dastavval eng muhim ma’lumot – reyslar jadvali va narxlar bilan tanishtirib o‘tsak (ayrimlar reyslar har kuni, ayrimlari haftaning ma’lum kunlarida amalga oshiriladi):

  • 12:00 | Toshkent – Chimkent (chipta narxi 60 000 so‘m))
  • 16:00 | Toshkent – Olmaota (chipta narxi 200 000 so‘m)
  • 17:00 | Toshkent – Olmaota (chipta narxi 200 000 so‘m)
  • 18:00 | Toshkent – Nur-Sulton (chipta narxi 350 000 so‘m)
  • 18:00 | Toshkent – Olmaota (chipta narxi 200 000 so‘m)
  • 18:00 | Toshkent – Xo‘jand (chipta narxi 100 000 so‘m)
  • 18:00 | Toshkent – Bishkek (chipta narxi 250 ming so‘m)
  • 19:00 | Toshkent – Turkiston (chipta narxi 100 000 so‘m)
  • 19:00 | Toshkent – Qizilo‘rda (chipta narxi 200 000 so‘m)
  • 19:00 | Toshkent – Bishkek (chipta narxi 250 ming so‘m)
  • 19:30 | Toshkent – Olmaota (chipta narxi 200 000 so‘m)

Rossiyaga avtoqatnovlar hozircha tiklanmagan. Ayni paytda Toshkent avtovokzalidan 13ta mahalliy yo‘nalishda ham avtobus qatnamoqda.

Shuningdek, Qo‘qon– Xo‘jand, Termiz – Dushanbe va Nukus – Olmaota yo‘nalishlarida avtobus qatnovlari ham tiklangan. Denov – Dushanbe va Samarqand – Panjikent yo‘nalishlarida tajriba-sinov tariqasida qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.

Ayrim reyslar har kuni, ba’zilari haftaning ma’lum kunlarida amalga oshiriladi. Toshkentdan yo‘lga chiqadigan reyslar, chiptalar narxi va boshqa savollar yuzasidan avtovokzalning ma’lumot bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin: (71) 207-87-00.

Avtobus qatnovlari orqali chegaradan o‘tish vaqtida yo‘lovchilardan manfiy PZR testi yoki kovidga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lish talab etiladi. Koronavirusga testni avtovokzalning o‘zida topshirish va qisqa vaqt ichida javobini olish mumkin.

Rekonstruksiyadan so‘ng 2019 yilda ishga tushirilgan avtovokzalda namozxona, ona-bola xonasi, konferens-zal, tablo va informatorlar, oziq-ovqat do‘koni, bufet ishlab turibdi.

Biz avtovokzal menejyeri, Toshkent-Chimkent yo‘nalishi haydovchisi va maydon nazoratchisi bilan suhbatlashib, avtovokzaldagi sharoitlar, reyslar, chegaradan o‘tish masalalari va boshqa mavzularda ma’lumot oldik. Bu haqda video orqali ma’lumot olishingiz mumkin.

Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid