O‘zbekiston | 11:55 / 02.05.2022
23115
2 daqiqa o‘qiladi

“25 yilda 70ga yaqin uy qurdim” – tosh teruvchi usta

Navoiy viloyati Nurota tumanining ko‘plab hududlarida uylar toshdan quriladi. Hatto ayrim qishloqlarda g‘isht yoki paxsa uylarni deyarli uchratmaysiz. Xususan, Sentob qishlog‘ini “mozaikali qishloq” deyish mumkin: uylar, qo‘rg‘on devorlar o‘zgacha shaklda toshdan terib chiqilgan.

Qishloq aholisining ta’kidlashicha, tashqi ko‘rinishi o‘ziga xos chiroyga ega bo‘lgan bunday uylar ular uchun ancha arzonga tushadi. Qolaversa, toshdan terilgan uy anchagina mustahkam bo‘ladi. Sentobda eng arzon qurilish materiali tosh hisoblanadi.

Hududda tosh teruvchi maxsus ustalar bor. Ularning uslubi ham turlicha. Qo‘rg‘on devor terilganida oddiy tosh va loy ishlatiladi xolos. Tsement mahsulotidan deyarli foydalanilmaydi. Bunday uylar hududning iqlim sharoitiga ham mos: yozda salqin bo‘ladi.

25 yildan beri shu ish bilan shug‘ullanaman. Tosh terishni asli otamdan o‘rganganman. Otam usta bo‘lgan. 60-70 ta uy qurib berdim qishloqdagilarga. Toshdan uy qurish bizda arzonga tushadi. Tsement olib kelish va boshqa xarajatlari yo‘q. Toshni olib kelamiz, tuproq va shag‘al o‘zimizdan chiqadi. Qolaversa, mustahkam bo‘ladi. Toshni terishning ham ma’nosi bor. Bir tomonini to‘g‘rilab termasangiz bo‘lmaydi. Tosh terishda ustaning ustadan farqi bor. Shuning uchun aytganlarga boramiz, qilamiz. Farzandlarimizni shuning orqasidan boqib, o‘qitib yuribmiz”, — deydi tosh teruvchi usta Navro‘zboy O‘ljiyev.

Ma’lum bo‘lishicha, Sentobda azaldan insonlar uylarini toshdan qurishgan. Buni qishloq chetida, tog‘ ustida joylashgan tarixiy qo‘rg‘on qoldiqlarida ko‘rish mumkin.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid