O‘zbekiston | 18:58 / 08.05.2022
9915
3 daqiqa o‘qiladi

YuNeSKO «Boysun bahori» xalqaro folklor festivalini o‘z shafeligiga oldi

Bu haqda tashkilot rahbari nomidan Turizm va madaniy meros vaziri nomiga xat jo‘natilgan.

Foto: KUN.UZ

Turizm va madaniy meros vazirligi axborot xizmati rahbari Lola Rahmonboyevaning Kun.uz muxbiriga xabar berishicha, «Boysun bahori» xalqaro folklor festivalini BMTning maorif, fan va madaniyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkiloti – YuNeSKO o‘z shafeligiga olgan.

Bu haqda YuNeSKO bosh direktori Odre Azuledan Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov nomiga xat kelgan. Bundan buyon «Boysun bahori» xalqaro folklor festivali YuNeSKO shafeligi ostida har ikki yilda bir bor o‘tkazilishi belgilangan.

Shuningdek, festival davomida Boysun tumani turizm tumani deb e’lon qilingan. Boysun tumani hokimi Asqarali Jo‘rayevga Turizm va madaniy meros vazirligi ommaviy tadbirlar boshqarmasi boshlig‘i Zarina Abdullayeva vazir Aziz Abduhakimov nomidan ramziy kalit topshirgan.

Ma’lumot uchun, joriy yil 7-8 may kunlari tog‘li Boysun tumanidagi Padang qishlog‘ida «Boysun bahori» ochiq folklor festivali bo‘lib o‘tdi. Festivalda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan folklor jamoalar bilan bir qatorda bir qancha xorijiy davlatlardan kelgan folklor jamoalar qatnashdi.

Festivalda milliy kurash musobaqasi, etnosport, velomarafon, uloq-ko‘pkari, varrak uchirish, arqon tortish, chillak va boshqa xalq o‘yinlariga keng o‘rin ajratilgan. Festival yakunida eng yaxshi folklor-etnografik va eng yaxshi o‘tov-uy o‘rnatgan jamoalar, sport va xalq o‘yinlari g‘oliblari munosib taqdirlandi.

Jumladan, folklor yo‘nalishida:

1-o‘rin. «Boysun» folklor ansanbli (Surxondaryo viloyati);

2-o‘rin. «Jo‘ralar» folklor ansanbli (Xorazm viloyati);

2-o‘rin. «Bibiho» folklor ansanbli (Tojikiston Respublikasi);

3-o‘rin. «Oq machit» folklor ansanbli (Qoraqolpog‘iston Respublikasi)

3-o‘rin. «Ibrat» folklor ansanbli (Qirg‘iziston Respublikasi)

3-o‘rin. «Navoiy» folklor ansanbli (Navoiy viloyati)

Ma’lumot uchun, Boysun – YuNeSKO tomonidan «Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi» durdonasi sifatida e’tirof etilib, 2008 yilda YuNeSKOning «Insoniyatning nomoddiy madaniy meros» reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan. 

Mavzuga oid