Jamiyat | 08:33 / 12.05.2022
28800
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Nexia kanalga tushib ketdi. Uch kishi vafot etdi

Haydovchi kanalga tushib ketgan Nexia’dan chiqib qochib ketgan. Mashina ichida bo‘lgan uch kishi esa undan chiqa olmay vafot etgan.

Foto: Samarqand viloyati IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 8 may kuni soat 02:40 larda Toyloq tumanida joylashgan Badal qishlog‘idan o‘tgan mahalliy yo‘lda odamlar o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Samarqand tumanida yashovchi haydovchi Nexia bilan ketayotib boshqaruvni yo‘qotgan va mashina kanalga tushib ketgan. Oqibatda uning salonida bo‘lgan Samarqand tumani Puli Mug‘ob mahallasida yashovchi 15 va 16 yoshli ikki nafar voyaga yetmagan o‘smirlar hamda 29 yoshli yigit vafot etgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, haydovchi mashinani boshqara olmay kanalga tushirib yuborgach mashinadan chiqib qochib ketgan, yana bir yo‘lovchi esa undan omon chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan Toyloq tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Jizzaxda sodir bo‘lgan YTHda bir kishi vafot etgan yana to‘rt kishi jarohatlangan, Surxondaryoda multiradar o‘rnatilgan Cobalt ishtirokida sodir bo‘lgan YTHda 6 yoshli bola vafot etgandi.

Mavzuga oid