O‘zbekiston | 20:39 / 27.05.2022
17921
2 daqiqa o‘qiladi

“Ipoteka bank” fuqarolardan asossiz ustama undirib kelgani ma’lum qilindi

Ayrim tijorat banklari elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun bank yoki pochta kassalari orqali to‘lovlar amalga oshirilganda, iste’molchilardan noqonuniy ravishda komissiya puli olib kelgan. Aslida ushbu ustama haqi ta’minotchi tashkilotlar tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan. Bu haqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ma’lum qildi.

Foto: Ipoteka bank

Ijtimoiy tarmoqlarda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun bank yoki pochta kassalari orqali to‘lov amalga oshirilganda, asossiz ravishda komissiya puli olib qolinayotgani yuzasidan e’tirozlar bildirildi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, “Ipoteka bank” viloyat filiallari tomonidan aholidan kommunal xizmatlari uchun to‘lovlarni bank kassalari orqali amalga oshirilganda, ushbu to‘lovlar summasiga nisbatan, qo‘shimcha 2 000 so‘m komissiya puli undirish holatlari kuzatilgan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bankka nisbatan ish qo‘zg‘atilib, iste’molchilardan undirilgan mablag‘larni belgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilib berish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Vaziyat yuzasidan Moliya vazirligidan olingan xulosaga ko‘ra, aholi uchun belgilangan elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz tariflari bank xizmatlari xarajatlarini inobatga olgan holda shakllantirilgan. Shunga muvofiq, “Hududgazta’minot” va “Hududiy elektr tarmoqlari” tijorat banklari bilan kelishuv bitimini imzolab, bank xizmatlari uchun ustama haqini o‘z tushumi hisobidan amalga oshirishi lozim bo‘lgan. Ammo ta’minotchi tashkilotlar bilan tijorat banklari o‘rtasida kelishuv bitimlari tuzilmaganligi sababli, iste’molchilar bir xizmat uchun ikki marotaba haq to‘lashga majbur bo‘lishgan.

Shu bilan bir qatorda, ayrim tijorat banklari ustama haqni ta’minotchi tashkilotlardan shartnomalar asosida qoplab kelayotgan bo‘lishiga qaramasdan, qo‘shimcha ravishda iste’molchilardan ham to‘lovlar undirib kelgan.

Mavzuga oid