O‘zbekiston | 20:50 / 28.05.2022
40655
2 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlar granti uchun tavsiyanomalar qachondan berilishi aniq bo‘ldi

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomasiga ega ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun OTMga kirishda qo‘shimcha 4 foizli grant ajratiladi. Qo‘mita tavsiyanomalar berish uchun murojaatlar qabuli qachondan boshlanishini ma’lum qildi.

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasining xabar berishicha, tavsiyanoma uchun talabgorlar hujjatlari xotin-qizlar.uz platformasi orqali elektron shaklda joriy yilning 30 mayidan 8 iyuniga qadar qabul qilinadi.

Tavsiyanoma olishga talabgorlar quyidagi toifalardan biriga mos bo‘lishi kerak:

  • Kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar (oilaning har bir a’zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 0,527 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila);
  • To‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
  • Turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
  • Nogiron farzandi bo‘lgan, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
  • 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida (ijarada) yashayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari; 
  • Ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar. 

Eslatib o‘tamiz, tavsiyanoma olishning o‘zi talaba bo‘lishni anglatmaydi. Biroq tavsiyanoma bilan tanlovda ishtirok etgan xotin-qizlar orasidan eng yuqori natija ko‘rsatganlar to‘plagan ballari ketma-ketligiga ko‘ra davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

O‘tgan yili talabgor xotin-qizlarga tavsiyanomalar elektron tarzda berilishi boshlangan edi. 

Mavzuga oid