Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qoraqalpog‘iston shimolida tadbirkorlik rivojlantiriladi - Prezident qarori
Prezident tomonidan “Qoraqalpog‘iston shimoliy tumanlarida tadbirkorlikni rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov, Qorao‘zak, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Mo‘ynoq, Nukus, Taxiatosh, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Chimboy, Shumanay tumanlarida (shimoliy tumanlar) mavjud yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish hamda qulay agrobiznes muhitini yaratish maqsad qilingan.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2027 yil 1 yanvarga qadar shimoliy tumanlarda joylashgan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini sotishning istisno tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi:
- auksion savdolarida sotilgan narxidan qat’i nazar barcha xaridorlarga xarid to‘lovlarini 7 yil muddatda bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish;
- auksion savdolarida sotilgan davlat ko‘chmas mulk obektlari bo‘yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomalariga muvofiq to‘lovlar 3 oy ichida to‘liq to‘langanda shartnoma qiymatining 25 foiziga teng miqdorda chegirmalar berish;
- jismoniy va yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalariga ijara huquqini elektron onlayn-auksionda sotib olish qiymatini 5 yil davomida bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish;
- tuman hokimliklari balansidagi bo‘sh turgan binolarni xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etish uchun davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlik sub’yektlariga tanlov orqali berish va binoni tuman hokimligi balansida qoldirish, uch yildan so‘ng xususiy sherikka davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzolash paytida baholangan qiymatning 50 foizi miqdorida haq to‘lash hisobiga besh yil davomida to‘lash sharti bilan taqdim etilgan binolarni xususiylashtirish imkonini berish.
Shimoliy tumanlarda 2025 yil 1 yanvarga qadar eksperiment tariqasida qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan hamda yangidan o‘zlashtirishga mo‘ljallangan yer maydonlarini investorlarga “E-AUKSION” elektron savdo platformasida ochiq elektron tanlov asosida 30 yilga qishloq xo‘jaligi faoliyatini yuritish uchun ijaraga berishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi joriy etilmoqda:
a) ijara huquqini yutib olish uchun to‘lanadigan to‘lovning eng ko‘p miqdorini taklif etgan talabgor ustuvorlikka ega bo‘lib, qolgan mezonlar bo‘yicha ball berish tartibi qo‘llanilmaydi;
b) ochiq elektron tanlov g‘olibi ijara huquqini yutib olish uchun to‘lanadigan to‘lovni eng ko‘p miqdorining 50 foizini to‘lagan davrdan boshlab, ushbu yer maydonlariga ijara huquqini uchinchi shaxsga sotishi va ushbu huquqni tijorat bankidan kredit olish uchun garovga qo‘yishi mumkin;
v) shimoliy tumanlardan ro‘yxatdan o‘tib, mazkur yer maydonlarida faoliyat yuritadigan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’yektlariga (bundan klasterlar mustasno) ushbu faoliyatdan olinadigan daromadi bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliq, shuningdek, mazkur tumanlardagi qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish va saqlash maqsadida foydalaniladigan yer uchastkalari va mol-mulki bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi;
g) Qishloq xo‘jaligi vazirligi talabnomalariga muvofiq foydalanishdan chiqqan sug‘oriladigan yerlarni o‘zlashtirish, sug‘oriladigan yerlarda yer tuzish, buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish yuzasidan loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda qishloq xo‘jaligi yerlari avtomatlashtirilgan yer-axborot tizimini yaratish va yangilab borish ishlariga Davlat budjetidan mablag‘lar ajratiladi;
d) qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan har bir gektar yerni foydalanishga kiritish hamda zaruratga ko‘ra sug‘orish tik qudug‘ini burg‘ilash yoki nasos stansiyasini qurish va ishga tushirish bo‘yicha xarajatlarning bir qismi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tuzilgan investitsiya shartnomasi yoki davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim doirasida bir marta qoplab beriladi.
ye) qishloq xo‘jaligi yerlarini foydalanishga kiritgan yerdan foydalanuvchilarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini mustaqil joylashtirish huquqi beriladi.
Mavzuga oid
15:01 / 10.11.2025
Toshkent shahri va Xorazmda tadbirkorlik zichligi eng yuqori
15:11 / 04.11.2025
Bitiruvchilarni ishga olgan tadbirkorlar uchun imtiyozlar joriy etildi
11:51 / 27.10.2025
Soliq nizolarini ko‘rib chiqish uchun ekspert kengashi ish boshlaydi
17:58 / 24.10.2025