Jahon | 11:07 / 23.06.2022
9251
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistondagi zilzila qurbonlari soni 1,5 ming kishiga yetishi mumkin 

Afg‘onistondagi yer silkinishlari natijasida bir yarim ming kishi halok bo‘ldi, ikki mingga yaqin kishi jarohatlandi, deya xabar bermoqda Al Jazeera telekanali «Tolibon» vakiliga tayanib.

Foto: Picture Alliance

22 iyun, chorshanba kuni Afg‘oniston sharqida ro‘y bergan kuchli zilzila qurbonlari soni avval xabar qilinganidan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. Pokiston chegarasi yaqinidagi Paktika va Xo‘st provinsiyalarida ro‘y bergan silkinishlar natijasida 1500 ga yaqin odam halok bo‘lishi mumkin, deb xabar bermoqda Qatarning Al Jazeera telekanali «Tolibon» harakati vakiliga tayanib. 

Bu ma’lumotlarga ko‘ra, 2000 ga yaqin odam jarohatlangan, qulagan binolar vayronalari ostida qancha kishi qolgani noma’lum. Avvalroq Afg‘onistonning Bakhtar agentligi kamida 1000 kishi halok bo‘lgani va 1500 kishi yaralangani haqida xabar bergan edi. «Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etar ekan, qurbonlar soni ortishi kutilmoqda», dedi BMT vakillari o‘z navbatida. 

Dastlab mahalliy hokimiyat zilzila magnitudasi 6,1 ga yetganini bildirgan edi. AQSh Geologiya xizmati (USGS) hisob-kitoblariga ko‘ra, episentri Xost shahridan 46 km janubi-sharqda bo‘lgan yer silkinishlari kuchi 5,9 magnitudaga yetgan. Qutqaruv ishlariga kuchli yomg‘ir va mablag‘ yetishmasligi to‘sqinlik qilmoqda, deyiladi BBC xabarida. 

Afg‘onistonda so‘nggi 20 yil ichida sodir bo‘lgan eng halokatli zilzila G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hukumat qulaganidan keyin 2021 yilda hokimiyatni tiklagan «Tolibon» harakati uchun katta muammo bo‘ldi. O‘shandan beri mamlakat iqtisodiy va gumanitar inqirozni boshidan kechirmoqda. «Tolibon» vakillari xalqaro hamjamiyat va xayriya tashkilotlariga yordam so‘rab murojaat qilishgan. 

Afg‘onistonda, ayniqsa, Hindiqush tog‘ tizmalarida zilzilalar ko‘p uchraydi. Afg‘onistonda ko‘plab uylar yomon qurilgani tufayli zilziladan ko‘p zarar ko‘radi. 

Mavzuga oid