O‘zbekiston | 13:18 / 24.06.2022
14075
2 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi parlamentda birinchi o‘qishda qabul qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: Kun.uz

Majlisda deputatlar “O‘zbekiston konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini ko‘rib chiqdi. 

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar O‘zbekiston konstitutsiyasi oltmishdan ortiq moddasini qamrab oladi. Unda inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini ta’minlash, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish kabi ko‘plab normalar belgilanmoqda. 

Davlat qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini, tadbirkorlikning rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni ta’minlash, halol raqobat himoya qilinishini, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlash, tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqligi belgilab qo‘yilmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida davlat hokimiyati asoslarini yanada takomillashtirishga, parlamentning vakolatlarini kuchaytirishga, fuqarolarning qonunchilik jarayonidagi faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan normalar ham aks etmoqda. 

Xususan, hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashlariga ham rahbarlik qilishi haqidagi norma chiqarib tashlanib, xalq deputatlari kengashi va hokimlar vakolatlari alohida mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Majlisda konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini davom ettirib, fuqarolardan kelayotgan takliflarni umumlashtirgan holda, ularni Qonunchilik palatasiga kiritib borish qayd etildi.

Konstitutsiyaviy komissiya konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi mobaynida kelib tushgan taklif va mulohazalar hisobini yuritish, umumlashtirish, o‘rganib chiqish, tahlil etish va shu asosda loyihani maromiga yetkazish borasida Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi va Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi bilan hamkorlikda ish olib boradi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Mavzuga oid