O‘zbekiston | 15:00 / 24.06.2022
10405
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi “al-Qomus: arabcha-o‘zbekcha qomusiy lug‘at” kitobining taqdimoti o‘tkazildi

2022 yil 23 iyun kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiyot uyi tomonidan nashr etilgan 4 jildli “al-Qomus: arabcha-o‘zbekcha qomusiy lug‘at” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

al-Qomus: arabcha-o‘zbekcha qomusiy lug‘ati

Lug‘at atoqli sharqshunos olim, akademik Ne’matullo Ibrohimov boshchiligidagi mualliflar guruhi tomonidan tuzilgan. 4 jilddan iborat ushbu lug‘at 100 mingdan ortiq so‘z va iborani o‘z ichiga olgan. 

Mazkur lug‘at arab tilining klassik davrdan to bugungi kun jonli shakligacha, aniq, tabiiy va insoniy ilmlardan tortib diniy manbalar asosida, adabiy til bilan bir qatorda turli shevalardagi ko‘rinishi haqida ma’lumot beradi.

“Al-Qomus” lug‘atining ahamiyati shundaki, u o‘zbek xalqining o‘tmishi, ilm-fanidan madaniyatigacha, adabiyotidan san’atiga qadar foydalaniladigan so‘zlarning arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima lug‘ati hisoblanadi. Chunki o‘zbek xalqidan yetishib chiqqan taniqli shaxslarning aksariyati o‘z ijodini arab tilida taqdim etishgan.

Arabcha-o‘zbekcha lug‘atni tayyorlash ustida atoqli olim, akademik, filologiya fanlari doktori Ne’matullo Ibrohimov boshchiligidagi guruh 10 yildan ortiq ish olib bordi.

Taqdimotda yurtimizning atoqli sharqshunos, arabshunos, tilshunos, islomshunos, tarixchilari, akademiklar, fan doktorlari, professorlar ishtirok etdilar. Taqdimotda so‘zga chiqqanlar lug‘atning ahamiyati, uning o‘zbek ilm-fani tarixida misli ko‘rilmagan yutuq ekanini ta’kidladilar.

Lug‘atshunos olimlar professor A.Madvaliyev, professor M.Umarxo‘jayevlar lug‘at so‘z boyligining kattaligi, qamrovining kengligi, ilmiy atamalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilganiga alohida e’tibor qaratdilar.

Shayx Abdulaziz Mansur, professor M.Imomnazarov, professor Q.Sodiqov va boshqalar so‘zga chiqib, bunga qadar juda ko‘p lug‘atlardan foydalanganliklarini, lekin “al-Qomus”ga o‘xshagan mukammal lug‘at hali tuzilmaganligi, uning boshqa lug‘atlardan tubdan farq qiluvchi original ilmiy-ensiklopedik tadqiqot sifatida yuzaga kelganini e’tirof etdilar.

Taqdimotda so‘zga chiqqanlarning ko‘pchiligi bir ovozdan akademik Ne’matullo Ibrohimov boshchiligidagi mualliflar guruhi tomonidan amalga tuzilgan “al-Qomus” lug‘ati O‘zbekistonning yangi davr yuksalishi, uchinchi renessansi uchun tamal toshi vazifasini o‘tashini ta’kidlab, lug‘at davlat mukofotiga loyiq fundamental tadqiqot ekanini qayd etishdi.

 

Mavzuga oid