Jamiyat | 21:46 / 26.06.2022
18129
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda hokimlik va tadbirkor muhtojlarga 114 ta uy qurib berdi

Samarqand shahridagi Nurli kelajak mahallasida viloyat hokimligi «SXF Construction Group» qurilish kompaniyasi bilan hamkorlikda muhtojlarga 114 ta kvartira qurib berdi. Uylar nogironligi bor, uy-joyga chindan muhtoj, yetim va ota-onasi qaramog‘ida bo‘lmagan bolalar uyi tarbiyalanuvchilariga topshirildi.

Uylarni rasman topshirish marosimida Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va boshqa rahbarlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqan viloyat hokimining aytishicha, hokimlik budjet mablag‘lari hisobidan qurilgan uylarning har bir kvadrati uchun 3 million so‘mdan to‘lab bergan. Qolgan xarajatlar va jihozlashni ushbu korxona o‘z hisobida amalga oshirgan.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, uchta ko‘p qavatli uydagi 116 ta kvartira qurilishiga budjet mablag‘laridan 19,3 milliard so‘m sarflangan. Uylarning 38 tasi yetim va ota-onasi qaramog‘ida bo‘lmagan bolalarga berilgan. 76 ta xonadon esa ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bor fuqarolarga sotish huquqisiz faqat yashash huquqi bilan berilgan. Qurilgan uylarning bittasi mahalladagi profilaktika inspektoriga, yana bittasi esa mahalla binosi uchun ajratilgan.

«SXF» rahbari bo‘lmish taniqli tadbirkor Xurshid To‘rayev korxona uylarni yashash uchun maksimal darajada qulay qilib qurishga harakat qilganini aytdi. Tadbirkor shunga o‘xshash ijtimoiy loyihalarda ishtirok etganidan mamnunligini bildirdi.

O‘tkir Jalolxonov va Jahongir Aliboyev tayyorladi

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid