Jahon | 09:42 / 05.07.2022
31420
10 daqiqa o‘qiladi

Internetda xavfsizlik qoidalari yoxud ma’lumotlaringizni ehtiyot qiling

Internet tarmog‘i inson hayotining uzviy qismiga aylanib bo‘ldi. Biz ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilamiz, onlayn xaridlarni amalga oshiramiz, bank xizmatlaridan foydalanamiz. Biz haqimizdagi ma’lumotlar internetda aylanib yuradi. Afsuski, niyati nopok kimsalar ulardan o‘z maqsadida foydalanishi, ma’naviy va moddiy zarar yetkazishi mumkin. Ammo oddiy choralar orqali ma’lumotlarimizni to‘g‘ri himoya qila olsak, ular shum niyatiga yeta olmaydi.

Foto: Invest-Forsayt

1. Bank kartangiz haqidagi ma’lumotlarni firibgarlarga bermang

Bank kartangizdan pul yechilgani haqida SMS-xabar oldingiz, lekin hech narsa xarid qilmagan edingiz. Bunday holatda nima qilish kerak?

Karta balansini qayta tekshiring. Chunki bu firibgarlar tomonidan yuborilgan soxta xabar bo‘lishi ham mumkin.

Mablag‘ingiz haqiqatda yechib olingani yoki yo‘qligini bilish uchun avvalo balansni tekshiring. Agar yechib olinmagan bo‘lsa, SMS-xabar soxta ekani oydinlashadi. Shundan keyin firibgar sizga qo‘ng‘iroq qilishi, o‘zini «bank xavfsizlik xizmati» xodimi sifatida tanishtirib, pulni qaytarish va «jinoyatchilar»ni ushlashda yordam taklif qilishi mumkin.

Sizga qo‘ng‘iroq qilgan notanish shaxslarga karta ma’lumotlari, paroli va kodini aytmang, haqiqiy bank vakili bunday ma’lumotni so‘ramaydi.

Ba’zida firibgarlar qo‘ng‘iroq qilmaydi, lekin noma’lum xaridni bekor qilish uchun havolaga kirish so‘rovi bilan SMS-xabar yuboradi. Bunday havolaga kirmang, aks holda telefoningizga virusni yuqtirishingiz mumkin.

Ba’zida pul haqiqatan ham yechib olinadi. Ularni qaytarish oson bo‘lmaydi, ayniqsa, agar firibgarlarga karta ma’lumotlarini o‘zingiz bergan bo‘lsangiz. Ular karta mablag‘larini zudlik bilan xorijiy elektron karmonlarga o‘tkazib yuborishadi.

Oqibatlarni bartaraf qilgandan ko‘ra, noxush vaziyatning oldini olgan yaxshiroq. Onlayn to‘lovni amalga oshirayotganda, alohida kartadan foydalaning va unga faqat xarid uchun zarur bo‘lgan mablag‘ni o‘tkazing. Karta ma’lumotlarini hech kimga bermang.

Aytaylik, e’lonlar saytidagi sotuvchi sizga to‘lovni o‘zi amalga oshirishini taklif qiladi, buning uchun karta fotosuratini so‘raydi. Suhbatni davom ettirmang, ular sizni tuzoqqa ilintirmoqchi.

Foto: iStock

2. Ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntingiz buzilishi oldini oling

Ko‘pincha firibgarlar ijtimoiy tarmoq sahifalarini buzib kirishadi va akkaunt egasining tanishlaridan pul undirishadi. Masalan, ular og‘ir xasta bo‘lib qolgani va shoshilinch operatsiya qilish uchun mablag‘ kerakligi haqidagi xabarlarni yuborishadi.

Profilingizni himoya qilish uchun ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda ikki faktorli autentifikatsiyadan foydalaning. Bunda tizimga kirishda foydalanuvchi nomi va paroli, shuningdek, SMS-xabar orqali yuborilgan maxsus kodni kiritishga to‘g‘ri keladi. Agar firibgarlar parolni bilgan taqdirda ham, telefonga keladigan SMS-xabarni aniqlay olishmaydi.

Barcha ijtimoiy tarmoqlar uchun bitta paroldan foydalanmang. Agar jinoyatchilar bitta akkauntni buzib kirishsa, boshqa profillarni ham osongina qo‘lga kiritishi mumkin. Qaysi ilovalarda profilingizga kirish huquqi borligini tekshiring, eskirganlarini o‘chirib tashlang.

Agar begona odamning kompyuteridan ijtimoiy tarmoqlarga kirishga to‘g‘ri kelsa, «Inkognito» rejimidan foydalaning. Shu sababli xatti-harakatlaringiz haqidagi ma’lumotlardan boshqalar foydalana olmaydi. Ish tugagach, «Chiqish» tugmasini bosishni unutmang.

Foto:gov.kz

3. Firibgarlar nomingizdan qarz olishiga yo‘l qo‘ymang

Agar internetdagi shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish hayotingiz qoidalaridan biri bo‘lsa, firibgarlar nomingizdan qarz yoki kredit ololmaydi.

Ilgari qarz yoki kredit olish uchun bankka borish kerak edi. Bank xizmatlari rivojlangani tufayli endi onlayn tarzda ham qarz olish mumkin. Agar bank kartasi yoki pasport ma’lumotlari firibgarlar qo‘liga tushsa, ular nomingizga mikroqarz olishi yoki kreditni rasmiylashtirishi mumkin.

Hujjatlarning nusxalarini ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek, kompyuter va telefonda saqlamang. Foydalanib bo‘lgach, ularni o‘chirib tashlang. Hujjatlarni saqlash ilovalaridan foydalansangiz, ikki faktorli autentifikatsiyani sozlang.

Kirayotgan saytlarni diqqat bilan tekshiring - ba’zida firibgarlar manzili asl sahifadan bir yoki ikki harf bilan farq qiladigan soxta sahifani yaratadilar. Xavfsiz saytning URL manzili https:// bilan boshlanadi. Bundan tashqari, manzil satrida «qulf» belgisini qidiring, agar u yopiq bo‘lsa, ulanish xavfsizdir. Bu sizning ma’lumotlaringiz hakerlar tomonidan o‘g‘irlanmasligini anglatadi.

Foto: root-nation.com

4. Fotosurat, video va hujjatlarni ehtiyot qiling

Muhim hujjatlarni kompyuterda saqlamang. Ayniqsa qimmatli hujjatlarning qog‘oz nusxalarini ham tayyorlab qo‘ying.

Ba’zi viruslar kompyuterdagi barcha fayllarni yo‘q qilishga qodir va ularni qayta tiklash muammo bo‘ladi. Shuning uchun antivirusdan foydalanish va uni muntazam yangilab turish muhim - u zararli dasturlarni topadi va yo‘q qiladi.

Shuningdek, o‘zingiz ham ehtiyot bo‘lishingiz kerak. Noma’lum jo‘natuvchilardan kelgan elektron pochta xabarlarini ochmang yoki kompyuteringizga zararli dasturlarni kiritmaslik uchun noma’lum havolalarni bosmang.

Fotosuratlar uchun bulutli xizmatlar mos keladi. Faqat xavfsizlik qoidalarini unutmang: murakkab parollar va ikki faktorli autentifikatsiya bu yerda ham qo‘l keladi.

Bulutli servislarning afzalligi shundaki, agar kirishga ruxsat bersangiz, undan do‘stingiz yoki hamkasbingiz ham foydalanishi mumkin.

Biroq bulutli servisga kirish havolasini messenjer yoki ijtimoiy tarmoq orqali yuborsangiz, uni begonalar ham qo‘lga kiritishi ehtimoli paydo bo‘ladi. Shuning uchun, agar zarurat bo‘lmasa, bulutli servisga boshqalarning kirishini taqiqlab qo‘ying.

 5. Yozishma va fotosuratlaringiz ommaga oshkor bo‘lishining oldini oling

Internetdagi shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish shaxsiy yozishmalarda ham e’tiborli bo‘lishni nazarda tutadi.

Hatto ikki faktorli autentifikatsiya ham ijtimoiy tarmoq profilingiz hech qachon buzib kirilmasligiga kafolat bermaydi. Shuning uchun, obro‘yingizni tushirishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni internetda baham ko‘rmang. Bu qoida shaxsiy yozishmalar uchun ham amal qiladi.

Ba’zida jinoyatchilar shaxsiy fotosurat va videoni oshkor etish bilan tahdid qiladigan xabar yuborishadi. Agar siz bunday fayllarni hech kimga yubormaganingizga, ularni bulutli servislarda va kompyuterda saqlamaganingizga ishonchingiz komil bo‘lsa, xatni e’tiborsiz qoldiring. Bu holatda tajovuzkorlar qila oladigan maksimal narsa fotosuratni soxtalashtirishdir.

Agar ularda kompromat bor bo‘lsa va jinoyatchilar buning uchun pul talab qilsalar, taslim bo‘lmagan yaxshiroq. Keyingi safar ular ko‘proq narsani so‘rashi mumkin. Huquq-tartibot idoralariga murojaat qiling, shaxsiy hayot daxlsizligini buzgan shum niyatli odamlarning jazolanishiga erishing.

Foto: internet-proryv.com

6. Ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlar jinoyatchilarni jalb qiladi

Ko‘pchilik o‘z hayotini ijtimoiy tarmoqlarda doimiy qoldiradigan postlarsiz tasavvur qila olmaydi. Ba’zilar deyarli har bir qadamini fotosuratga, videoga olib, tarmoqqa joylashtirishni xush ko‘radi. Ammo firibgarlar bunday ma’lumotlardan o‘z maqsadida foydalanishi mumkin.

Aytaylik, ta’tilda olingan suratingizni ijtimoiy tarmoqqa joylab, o‘g‘rilarga hozir uyingizda hech kim yo‘qligini bildirib qo‘yishingiz mumkin. Shuning uchun, shaxsiy kontentni ko‘radigan odamlar sonini cheklagan yaxshiroqdir.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda quyidagi ma’lumotlarni qoldirmaslikka harakat qiling:

- Geoma’lumotlar, lokatsiyalar. Kvartira, ofis va tez-tez boradigan boshqa joylaringiz manzilini belgilamang. Ushbu ma’lumot jinoyatchilarga sizning jadvalingiz, marshrutlaringiz va odatlaringizni kuzatish imkonini beradi. Ba’zan uy manzilini bilib olish uchun oddiy narsalar ham kifoya qiladi, masalan, derazadan olingan ko‘cha suratlari. Bunday rasmlarni yaxshisi shaxsiy arxiv uchun qoldiring.

- Shaxsiy ma’lumotlar va hujjatlar. Pasport, vizalar, bank kartalari fotosuratlarini e’lon qilmang. Telefon raqamingizni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmang, aks holda reklama mazmunidagi spam-xabarlarga ko‘milib qolishingiz mumkin.

- Farzandlaringiz haqida ma’lumot. Bolaning qaysi maktabga, qaysi to‘garakka borishi haqidagi ma’lumotlarni faqat yaqin odamlar bilgani ma’qul. Agar bola ijtimoiy tarmoqlardan foydalansa, unga internetda nima haqida gapirish mumkinmasligini tushuntiring. Jinoyatchilar bolalarni turli narsalar bilan qiziqtirib, qayerda yashashi va kvartirada qanday qimmatbaho narsalar borligini bilishga harakat qilishi mumkin. Bundan tashqari, oilangiz haqida ma’lumotga ega bo‘lgan odam bolaga zarar yetkazishga urinishi ham mumkin.

- Kelajak rejalari. Bo‘lajak sayohatlar haqida gapirmang, aviachiptalar va samolyotga chiqish talonlarini e’lon qilmang. Jinoyatchilar raqam va shtrix-koddan foydalanib, akkauntingizga kirishi va bronlash ma’lumotlarini o‘zgartirishi mumkin.

Shaxsiy ma’lumotlarni sir tutishga harakat qiling, ularning oshkor bo‘lib ketishi juda ko‘p muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

7. Internet parollarni ishonchli joyda saqlang

Ijtimoiy tarmoqlar, elektron pochtalar, mobil ilovalarning barchasi login va parol orqali kirishni talab qiladi. Hech qachon oddiy parolni tanlamang. Barcha parollar katta-kichik harflar va raqamlar aralashmasidan iborat bo‘lishi lozim. Shuningdek, ism-familiya, yaqinlaringiz ismi-sharifini parol sifatida tanlamang. Parollarni internetda, telefon yoki kompyuterda saqlamang. Ularni yon daftarchangizga yozib qo‘ying.

Nurmuhammad Said tayyorladi.

Mavzuga oid