Jahon | 16:18 / 08.07.2022
35464
7 daqiqa o‘qiladi

«Ukraina hech narsadan qo‘rqmasa ham bo‘ladi»: ekspertlar Jonsonning ketishi haqida

Lavozimini tark etayotgan britanlar bosh vaziri so‘zda ham, amalda ham Kiyevni qo‘llab-quvvatlab, Moskva bilan murosaga kelishga qarshi chiqayotgan ukrainparast dunyo yetakchilaridan biri edi.

Foto: Carl Recine / Reuters

Uning iste’fosi va yangi bosh vazir kelishi G‘arbning Rossiya bilan munosabatlardagi pozitsiyasini zaiflashtirishi mumkinmi? BBC ekspertlar fikrini jamladi.

«Barchasi uchun rahmat, birodar»

Boris Jonson o‘z siyosiy faoliyati davomida Rossiya haqida turlicha qarashlarga ega bo‘lgan. Masalan, 2015 yilda, hali London meri ekanida, u G‘arbni Qrim annexiasi va Ukraina sharqidagi urushga qaramasdan Suriyada terrorchilarga qarshi kurashishda Putin bilan hamkorlik qilishga chaqirgandi.

Ammo bosh vazirga aylangach, Jonson Moskva bilan munosabatlarda qat’iyroq pozitsiyani egalladi va Ukrainani qizg‘in qo‘llab-quvvatlay boshladi. Uning hukumati 2022 yil boshida, hali Ukrainaga bosqin boshlanmagan vaqtda Ukraina qurolli kuchlariga tankka qarshi NLAW raketa tizimlarini yetkazib berishga kirishdi, ukrain armiyasi bu qurollardan amerikaliklarning «Javelin»lari kabi samarali foydalanib, Rossiya hujumini to‘xtatishga erishdi.

Hozirga kelib britanlar harbiy yordami reaktiv artilleriya tizimlari, o‘zi harakatlanuvchi tankka qarshi raketalar, zirhli transportyorlar va zirhli mashinalar, havo hujumidan mudofaa tizimlari, dronlar, radioelektron kurash vositalari, shuningdek minglab kaskalar, zirhli nimchalar, tibbiy to‘plamlarni o‘z ichiga oladi. Britaniya ukrain askarlarini o‘qitishda ham faol.

Urush boshidan buyon Britaniyaning Ukrainaga harbiy va iqtisodiy yordami hajmi 3,8 mlrd funtga yetgan.

Jonson urush boshlangach ikki bor Kiyevga tashrif buyurdi (urush arafasida ham borgandi) va xalqaro sammitlarda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash muhimligini aytdi, shuningdek, Yevropaning ayrim poytaxtlarida yangragan Putinga yon berib bo‘lsa-da, tezroq tinchlikka erishish haqidagi chaqiriqlarni rad etdi.

Uning rolini oddiy ukrainlar ham, siyosatchilar ham yuqori baholashadi. Payshanba kuni lavozimidan ketayotgan bosh vazirga Ukraina prezidenti ofisi minnatdorchilik bildirdi, o‘tgan haftada u Odessaning faxriy fuqarosiga aylangandi.

«Barchasi uchun rahmat, birodar!», - deya Jonsonning iste’fosiga munosabat bildirdi «Azov» polkining Dneprdagi bo‘limi komandiri Rodion Kudryashov.

Jonsonning ketishi Ukraina va uning ittifoqchilarida xavotir uyg‘otayotgani ajablanarli emas. Hatto ayrimlar uning iste’fosini «Kreml uchun sovg‘a» deb ham atadi. Amerikadagi Xalqaro munosabatlar kengashi tahlil markazidan bo‘lgan ekspert Jozef Chirinchonening taxmin qilishicha, Britaniyadagi siyosiy inqiroz G‘arbning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini susaytirishi va Kiyev ittifoqchilari qat’iyatini xavf ostida qoldirishi mumkin.

Inqirozga qaramay qo‘llab-quvvatlash davom etadimi?

Ukrainalik siyosatshunos, Londondagi Henri Jonson jamiyati tahlil markazi xodimi Alena Glivko ukrainlarning xavotirini tushunish mumkinligini aytadi: «Urush holatidagi millat Britaniyadagi siyosiy vaziyatning barcha nozik jihatlaridan xabardor emas, ular uchun asosiysi - yordam to‘xtab qolmasligi, barqaror va izchil bo‘lishidir».

Ammo ekspert Britaniyaning qo‘llab-quvvatlovi Boris Jonsonga emas, jamoatchilik fikriga bog‘liq bo‘lgani, britaniyaliklar tanlovi tufayli u ukrainlarning ashaddiy tarafdoriga aylanganini ham aytadi. Bunga misol sifatida u bugungi kunda ukrain bayroqlarini nafaqat Londonda, balki mamlakatdagi har bir kichik shahar va qishloqlarda ko‘rish mumkinligini keltiradi.

«Qo‘llab-quvvatlash saqlanib qoladi, chunki u birgina shaxs tufayli emasdi», deydi Alena Glivko.

Ammo uning ogohlantirishicha, hukumat o‘zgarishi qurol-yarog‘ yetkazish va moliyaviy yordam berishda uzilishlarga olib kelishi mumkin. U Britaniya tashqi ishlar vazirligi hozirda urushdan keyin Ukrainani tiklash bo‘yicha rejalar bilan shug‘ullanayotganini qo‘shimcha qilgan.

«Bu uzoq davom etuvchi jarayonlarning barchasi davom etadi, asosiysi, hozir uzilishlar bo‘lmasligi», degan u.

Britaniyaning Belarusdagi sobiq elchisi Nayjyel Guld-Devis ham bosh vazirning iste’fosi Londonning pozitsiyasiga ta’sir qilmasligi haqidagi fikrlarga qo‘shiladi.

«Britaniya Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordam - bosh vazirning shaxsiy siyosati emas, balki mamlakat siyosatidir. Ikki yirik partiyada, ularning siyosatchilari orasida, jamoatchilikda va xususiy sektorda bu masala bo‘yicha siyosiy konsensus mavjud», degan u BBC bilan suhbatda.

«Ukraina boshqa bosh vazir kelgach kurs o‘zgarishi masalasida qo‘rqishiga hojat yo‘q», deb hisoblaydi Guld-Devis.

U shuningdek qurol yetkazib berishda uzilishni kutmayapti va mudofaa vaziri Ben Uolles o‘z ish joyida qolayotganini qayd etadi.

Britaniyaning yordami tankka qarshi NLAW tizimlari bilan boshlangandi, endi esa artilleriya, dron va radarlar yetkazib berilmoqda. Foto: MOD

Britaniya qurolli kuchlari birlashgan qo‘mondonligining sobiq rahbari, general ser Richard Berrons BBC bilan suhbatda «hukumat yuragidagi drama» Londonning tashqi siyosati kursiga ta’sir ko‘rsatmasligini aytadi.

«Vaqtincha bosh vazir kim bo‘lishidan qat’i nazar, barcha nomzodlar hozirgi kursni saqlab qolishadi, chunki Britaniya o‘zini Ukrainaning G‘arbdagi asosiy himoyachisi sifatida ko‘rmoqda», degan general.

Ammo u Britaniyaning navbatdagi bosh vaziri Jonsonda bo‘lmagan muammolarga duch kelishidan ogohlantiradi: ko‘p oylar davomida Ukrainaga qurol-yarog‘ va texnika oqimini qanday qilib bir maromda ushlab qolish.

«G‘arb qanday qilib zarur vaqt davomida Ukraina kerakli darajada qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlashi mumkin», deya ifodalaydi bu chaqiruvni ser Richard.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu chorlov butun Yevropa qarshisidan chiqadi - Ukrainadagi urush endi uning aholisi uchun yangilik emas va inflatsiya o‘sishi, benzin va boshqa energiya resurslari narxlari ko‘tarilishi fonida Ukrainaga Rossiya bosqinini to‘xtatish hamda qarshi hujumga o‘tishda yordam ko‘rsatish faqat murakkablashadi.

Generalning fikricha, G‘arbda tanlov yo‘q, chunki Ukrainani himoya qilish o‘z manfaatlarini Rossiyadan himoya qilish hisoblanadi, ammo u bu masala atrofida keskin bahslar boshlanishini taxmin qilgan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid