O‘zbekiston | 20:42 / 20.07.2022
16472
3 daqiqa o‘qiladi

Davletov: “Murojaatsiz pensiya tayinlash tizimiga o‘tmoqchimiz”

Uzoq yillar davlat va jamiyatga xizmat qilgan insonlar umrining oxirgi bosqichlarida byurokratiyadan qiynalib, pensiya tayinlanishi uchun yugurib yurmasligi kerak, deb hisoblaydi adliya vaziri Ruslanbek Davletov. U har qanday noaniqliklar pensiya oluvchining foydasiga talqin qilinadigan tizimga o‘tilishini aytdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov bugun, 20 iyul kuni Qonunchilik palatasidagi chiqishida davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini aholi uchun qulaylashtirish bo‘yicha axborot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Vazir o‘z axborotida hozir pensiya tayinlash uchun fuqaro faqatgina pasport bilan murojaat qilishi yetarli ekani, kelgusida tizim bundan-da soddalashtirilishini aytdi.

“Yoshga doir pensiya tayinlash bo‘yicha davlat o‘zining majburiyatini to‘g‘ri his qilib, murojaatsiz pensiya tayinlash tizimiga o‘tmoqchimiz. Insonlar shuncha ishlaydi, davlatga, jamiyatga xizmat qiladi, umrining oxirgi bosqichlari kelganda esa byurokratiyadan qiynalib, kerak bo‘lsa sudlashib yuradi.

Tahlil qilinadigan bo‘lsa, pensiya masalasida juda ko‘p sud nizolari bor. Aslida bunday bo‘lmasligi kerak. Pensiya bo‘yicha hech qanday nizo qolmasligi kerak. Shuncha ishlaganidan keyin davlat tegishli imkoniyatlarni yaratib berishi kerak.

Har qanday noaniqliklar pensiya oluvchining foydasiga talqin qilinishi kerak. Biz bir yilda mana shu tizimga o‘tishga harakat qilamiz. Bu yerda asosiy ijrochi – Moliya vazirligi, ularda juda yaxshi jamoa shakllangan”, – dedi Davletov.

Adliya vazirligi rahbariga ko‘ra, notariuslarga ham nikohni qayd etish huquqini berish masalasi ko‘rib chiqiladi.

“FHDYo tizimiga ham o‘zgarish kiritamiz. Bitta dalolatnoma asosida shakllanadigan qilmoqchimiz. Hozir tug‘ilish, nikoh, o‘lim, familiyani o‘zgartirish kabilar uchun har xil dalolatnomalar shakllantiriladi.

Nikohni qayd etish huquqini notariuslarga ham berishni ko‘rib chiqmoqchimiz. Notariuslar ham kuchli yuristlar, hammasini tushunadi, ikki tomonning xohish-irodasini tasdiqlab shahodatlay oladi.

FHDYo organlari soni 200 ta bo‘lsa, notariuslar soni mingta – fuqarolar mingta notariusga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Buni endi ko‘rib chiqyapmiz”, – dedi Ruslanbek Davletov.

Mavzuga oid