O‘zbekiston | 19:35 / 21.07.2022
45239
7 daqiqa o‘qiladi

Quriyotgan Aydarko‘l – O‘zbekistonda Orol qismati takrorlanishi mumkin 

O‘zbekiston yaqin kelajakda katta ekologik muammoga duch kelishi xavfi bor. Bu Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi bilan bog‘liq. Ko‘l atrofida yashovchi aholi so‘nggi yillarda uning suvi keskin kamayayotgani va sohil kilometrlarga chekinganini aytmoqda. Oldinlari suv bo‘lgan hududlar bugun oppoq tuzli maydonga aylangan.

Aydarko‘l O‘zbekistonda Orol dengizidan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi sho‘r ko‘l hisoblanadi. Navoiy va Jizzax viloyatlari hududida sharqdan g‘arbga tomon 250 kilometrga, eni esa shimoldan janubga 25-30 kilometrga cho‘zilib ketgan Aydarko‘l 1969-1970 yillarda paydo bo‘lgan. Bungacha uning o‘rni quruq yer, yaylov edi. 1969 yilda Qozog‘istonning “Chordara” suv omborida suv ko‘payib, to‘g‘onlarni buzish xavfi tug‘iladi. To‘g‘on o‘pirilishining oldini olish maqsadida ochilgan suv Arnasoy pasttekisligiga oqib, Aydarko‘l hosil bo‘ladi.

Nurota tumanining Qizilcha qishlog‘ida yashovchi nafaqadagi o‘qituvchi Nishon bobo Jonibekov Aydarko‘lning paydo bo‘lishini shunday eslaydi:

“Avvallari bu yerda Aydarko‘l yo‘q edi. 1969 yilda juda qattiq qish bo‘ldi. Shunchalik qalin qor yog‘diki, texnikalar yurolmay qoldi. Otarlarni ko‘chirishda harbiy texnikalar, tanklardan foydalanildi. Mart oylaridan qor erishni boshladi va hamma joyni suv bosdi. Chordara suv omborida ham suvning ma’lum qismi qo‘yib yuborildi. Qancha mol bo‘lgan, qancha otarlar bo‘lgan, hammasini ko‘chirishdi. Ko‘p narsalar, chorvachilik fermalari suvning tagida qolib ketdi, odamlar zo‘rg‘a qochib qutuldi. Lekin hozir ko‘lning suvi kamayyapti. Suv tortilgan joylar oppoq tuz bo‘lib qoldi”.

Ulkan suv havzasining paydo bo‘lishi asosan cho‘l zonasi bo‘lgan Arnasoy botig‘ining nabotot va hayvonot olamini ham o‘zgartirib yuborgan. Afsuski, bugun ko‘l suv sathining yil sayin pasayishi oqibatida bularning barchasi halokatga yuz tutib, katta ekologik muammoga aylanish xavfi bor. 

2021 yil 16 dekabrda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida yuzaga kelayotgan muammolarning ekologiya va aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborilgandi.

Parlament so‘rovida ma’lum qilinishicha, ko‘llar tizimining suv hajmi 1994-2000 yillarda 44 mlrd metr kub bo‘lib, hududning umumiy maydoni 350 ming gektarga, uzunligi 250 kilometrga yetgan bo‘lsa, «Chordara» suv omboridan 2013-2021 yillarda ko‘llar tizimiga suv tashlanmagani bois suv hajmi qariyb 34 mlrd metr kubga tushib qolgan. Ko‘llar tizimida yillik suvlarning parlanishi 10 foizni tashkil etmoqda. Suv sathining pasayishi va suv tarkibi sho‘rlanishi natijasida ayrim qirg‘oq bo‘ylari 15-50 metrga ortga chekinib, 15-20 santimetrgacha tuz qatlami hosil bo‘lgan.  

Aydarko‘l muammosi haqida “Jonli tabiat” jamoat birlashmasi rahbari Eshmamat Tog‘ayev shunday deydi:

Hozirgi vaqtga kelib, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining umumiy sathi 4 metrga pasaydi. Bu ko‘lning yer maydoni ham ancha qisqarib ketdi degani. Agar bu holatning oldini olmasak, Oroldagi kabi ekologik holatni bu yerda ham kuzatishimiz mumkin bo‘lib qoladi. Chunki yil sayin Aydarko‘lga suvning tushishi kamayib, qirg‘oq chekinib bormoqda. Buning oqibatida qirg‘oq bo‘ylarida tuzli qatlamlar paydo bo‘lyapti. Yagona najot – Chordara suv omboridan suv tashlab turilsagina Aydarko‘lni hozirgi holatda saqlab qolishimiz mumkin”.

Aydarko‘l “Chordara” suv ombori, mahalliy kollektorlarning oqova suvlari va Sirdaryo o‘zanidan to‘yinadi. So‘nggi yillarda “Chordara” suv ombori va Sirdaryodan ko‘lga suv tashlanmagan. Buning oqibatida ko‘lning suv sathi kamayishi bilan birgalikda suvining sho‘rlanish darajasi ham ortib bormoqda. NDPI mustaqil tadqiqotchisi Shahob Sulaymonovning ta’kidlashicha, suvning sho‘rlanishi oshgani sabab so‘nggi 3-4 yilda ko‘lda yashovchi baliq turlari 21 tadan 16 taga kamaygan.

“Chordara suv omboridan suv quyilmayotgani uchun Aydarko‘lning sho‘rlanish darajasi ham ortib boryapti. Bu baliqlarning ko‘payuvchanligiga, rivojlanishiga salbiy ta’sir qilmoqda. Hayvonot olamida turlarni o‘zaro ozuqaviy zanjir bog‘lab turadi. Ko‘lda baliqlarning kamayishi qushlarga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yaqin yillargacha Aydarko‘lda 7 ta oilaga mansub 21 turdagi baliqlar yashagan. So‘nggi 3-4 yilda ulardan suvning sho‘rlanishi oqibatida ularning 5 turi yo‘qolib ketgan”, — deydi mustaqil tadqiqotchi Shahob Sulaymonov.

Aydarko‘lda ekologik muammoning yuzaga kelishida inson omili ham yo‘q emas: yoz oylarida respublikaning ko‘plab hududlardan ko‘l sohiliga kelib, dam olib ketuvchilar ko‘p. Garchi suv kamayishiga aloqador bo‘lmasa ham ularning “hissasi” tufayli ko‘lning atrofi chiqindixonaga aylanib bormoqda.

“Aydarko‘l bo‘yida qariyb 30 yildan buyon yashayman. Oldinlari bu yerlarda qamishzorlar bo‘lardi, yaylov juda yaxshi edi. Yillar o‘tgan sayin suvning kamayishi va atrof sho‘rlanishi oqibatida yaylov qisqarib boryapti. Bundan tashqari, yoz oylarida shahar va qishloqlardan ko‘plab aholi ko‘l bo‘yiga dam olishga keladi. Ularning tabiatga nisbatan e’tiborsizligi tufayli Aydarko‘l atrofi chiqindixonaga aylanib boryapti”, — deya ta’kidlaydi nafaqadagi o‘qituvchi Qarshibek Husenov. 

Muammo bor: agar o‘z vaqtida oldi olinmasa, yaqin kelajakda u yirik ekologik tanazzulni keltirib chiqarishi mumkin. To‘g‘ri, Do‘stlik va Janubiy Mirzacho‘l kanallari orqali Aydarko‘lni to‘yintirish loyihasi amalga oshirilyapti. Biroq kuzatuvlar bu yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. Hukumat O‘zbekistonda Orol qismati qayta takrorlanmasligi uchun Aydarko‘lni qutqarib qolishga jiddiyroq kirishishi zarur.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.   

Mavzuga oid