O‘zbekiston | 07:53 / 28.07.2022
11520
4 daqiqa o‘qiladi

«Virtual ofis» O‘zbekistonda tadbirkorlar muammolari bilan shug‘ullanishni boshlaydi

Foto: Shutterstock

Prezident “Tadbirkorlik sub’yektlari bilan samarali muloqot tizimini joriy etish va ularning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining “business.gov.uz” yagona interaktiv portalini quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘lgan “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portaliga aylantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi:

  • tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlarini kecha-yu kunduz qabul qilish, hal etish va ushbu jarayonlarni nazorat qilish;
  • davlat organlari va tashkilotlari hamda tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida tematik onlayn muhokamalar va so‘rovnomalar o‘tkazish orqali tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni shakllantirish;
  • qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tadbirkorlik sub’yektlarining jamoaviy murojaatlarini qabul qilish;
  • tadbirkorlik sub’yektlari uchun zarur bo‘lgan xizmatlardan foydalanish, shu jumladan, litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar, kredit, subsidiya, kompensatsiya hamda kafilliklar olish, soliq va bojxona ma’muriyatchiligini amalga oshirish imkonini beruvchi axborot tizimlari bilan ulanish.

2022 yil 1 avgustdan shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) portalga quyidagilar tomonidan murojaatlar kiritiladi:

  • tadbirkorlik sub’yektlari;
  • Savdo-sanoat palatasi huzuridagi “Sall-markaz” xizmati;
  • Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – tadbirkorlardan sayyor qabullarda kelib tushgan murojaatlar asosida;
  • mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlarining yordamchilari. Bunda, hokim yordamchilari tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlarini mahallaning o‘zida ko‘rib chiqish va hal etish choralarini ko‘radi, mahalla darajasida hal etish imkoniyati mavjud bo‘lmagan murojaatlarni portalga kiritadi;

b) portalga kiritilgan murojaatlar avtomatik ravishda yoki tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan (murojaatda vakolatli organ ko‘rsatilmaganda) tegishli vakolatli organlarga ko‘rib chiqish va hal etish uchun yo‘naltiriladi;

v) vakolatli organlar portal orqali kelib tushgan murojaatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqadi hamda natijalari to‘g‘risida axborotni portalga kiritadi;

g) tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil:

portalga kiritilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan raqamli nazorat o‘rnatadi hamda qonunbuzilish holatlari bo‘yicha tegishli ta’sir choralarini qo‘llaydi;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda murojaatlar tahlili asosida hududlar va sohalar kesimida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha prezident administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga har oyda takliflar kiritib boradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid