Jahon | 09:00 / 29.07.2022
4094
4 daqiqa o‘qiladi

OCCRP: VTB rahbari Andrey Kostin Yevropada ko‘chmas mulkka ega

Sanksiyalar ostida bo‘lgan VTB rahbari Yevropa va Rossiyada taxminan 130 million dollarlik ko‘chmas mulkka ega. Bu obektlar Kanada fuqarosi Erik Uayt va uning kompaniyasi nomiga rasmiylashtirilgan, deydi surishtiruvchilar.

Foto: Bloomberg

Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tergov qilish loyihasi (OCCRP) jurnalistlariga ko‘ra, VTB rahbari, AQSh, YeI va Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatida bo‘lgan Andrey Kostin Rossiya va Yevropada 130 million dollarlik hashamatli ko‘chmas mulkka egalik qiladi. Bu haqda 28 iyul, payshanba kuni chop etilgan materialda aytilgan.

«Pandora arxivi» hujjatlarini o‘rgangan surishtiruvchilarga ko‘ra, Kostinda ko‘chmas mulkka egalik qilish bo‘yicha kamida bitta asli boshqa kishi bo‘lgan shaxs bor – Erik Uayt ismli Kanada fuqarosi. Hujjatlarga ko‘ra, u Britaniya Virjiniya orollari va Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan ofshor kompaniyalar tarmog‘iga egalik qiladi, bu kompaniyalarga Yevropa va Rossiyadagi bir nechta hashamatli mulklar, shuningdek, Rossiyaning Burger King hamda KFC franshizalaridagi biznes bir qismi tegishli.

Uayt nomiga ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarga tegishli aktivlar qatoriga Avstriya Alp tog‘larida joylashgan Tannenhof mehmonxonasi kiradi, u yerda xonani ijaraga olish bir kecha uchun 6000 dollargacha turadi. 2014 yilda VTBga qarshi Yevroittifoq sanksiyalari kiritilishidan oldin, bank Kipr tuzilmasi orqali mehmonxonaga egalik qilgan, ammo keyin muassasa egalarini o‘zgartirdi: ular ikkita kompaniyaga aylandi, ulardan birining benefitsiari Uayt, ikkinchisi esa Kostin bilan aloqador kiprlik buxgalter hisoblanadi.

Bundan tashqari, Uayt Sen-Trope yaqinidagi villa va Parijda kvartiraga, shuningdek, Rossiyadagi bir nechta mulkka va annexia qilingan Qrimda zavodga ega. Uaytning kompaniyalaridan biri Moskvadagi kvartirani teleboshlovchi Noila Asqarzodaga topshirishda vositachi bo‘lgan - Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi o‘z tergovida Kostinning o‘zi Asqarzodaga kvartirani sovg‘a qilganini bildirgan.

Ko‘chmas mulkdan tashqari, Uayt bilan bog‘liq bo‘lgan firmalar Ozon, Fix Price va Hoff’da ulushga ega. 

Iyun oyi oxirida OCCRP surishtiruvchilari va Meduza nashri Vladimir Vladimir Putin bilan bog‘liq deb hisoblangan mulklarga ega bo‘lgan boshqa soxta shirkatlar tarmog‘ini aniqladi. 

Rossiya hukumati VTB rahbarining Asqarzoda bilan aloqalari haqidagi xabarlarga qarshi qattiq kurash olib bordi - 2019 yilda teleboshlovchiga sovg‘a qilingan kvartira bo‘yicha tergov e’lon qilingandan so‘ng, Roskomnadzor (RKN) ushbu mavzu bo‘yicha materiallarga yo‘naltiriluvchi 1000 ga yaqin havolalarni blokladi. «Roskomsvoboda» rahbari Artem Kozlyuk bunday ommaviy bloklashni Rossiya uchun pretsedent deb atadi. 

2021 yilda Roskomnadzor internetning Rossiya segmentida navbatdagi «tozalash» to‘lqinini amalga oshirdi va OAVdan «Proyekt» nashri surishtiruvlariga havolalarni olib tashlashni talab qildi, ular orasida Kostinning Asqarzoda bilan aloqasi haqidagi material bo‘lgan. Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, idora talabini qonuniy deb atash qiyin, chunki bu materiallar RF qonunchiligiga muvofiq chop etilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid