O‘zbekiston | 10:46 / 01.08.2022
12182
2 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiyaga taklif qabul qilish to‘xtatildi

«Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga takliflarni qabul qilish 1 avgust soat 00:00 dan to‘xtatildi.

Foto: Kun.uz

Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitalari kelib tushgan takliflarni umumlashtirish, tahlil qilish va qonun loyihasini takomiliga yetkazish borasidagi faoliyatini davom ettiradi.

Bugun Qonunchilik palatasida Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalari tomonidan OAV vakillari uchun brifing o‘tkaziladi.

Unda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari to‘g‘risida axborot berilishi rejalashtirilmoqda.

Qonun loyihasida taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar O‘zbekiston konstitutsiyasi oltmishdan ortiq moddasini qamrab oladi. Unda inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini ta’minlash, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish kabi ko‘plab normalar belgilanmoqda. 

Davlat qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini, tadbirkorlik rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni ta’minlash, halol raqobat himoya qilinishini, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlash, tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqligi belgilab qo‘yilmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida davlat hokimiyati asoslarini yanada takomillashtirishga, parlament vakolatlarini kuchaytirishga, fuqarolar qonunchilik jarayonidagi faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan normalar aks etmoqda. 

Mavzuga oid