O‘zbekiston | 11:05 / 01.08.2022
65978
8 daqiqa o‘qiladi

Mardikor bozorda do‘pposlangan ayollar: sabab va tafsilotlar

Samarqand tumanida ayollar erkaklar tomonidan do‘pposlanishi tasviri ijtimoiy tarmoqlarda tarqab, katta rezonans keltirib chiqardi. Ayniqsa, berilgan zarbalar oqibatida o‘zidan ketib qolgan ayol ustida turgan norasida go‘dak holatidan ko‘pchilikning g‘azabi junbishga keldi.

Kun.uz ijodiy guruhi voqea aslida qanday ro‘y bergani xususida surishtiruv o‘tkazdi.

Samarqand tumani Yangiariq mahallasi hududida joylashgan aylanma yo‘l yoqasi 10 yillardan buyon mardikor bozor bo‘lib kelgan. Bir tomonda erkaklar, bir tomonda ayollar yo‘l chetida turishadi. Erkaklar turli og‘ir ishlarga jalb qilinsa, ayollar asosan qishloq xo‘jaligi ishlari, tozalash supurish-sidirish va hokazo yumushlarga olib ketilar ekan.

Ma’lum bo‘lishicha, pastdarg‘omlik yigitlar ertalab «Gazel» mashinasida qishloqlardan yosh-qari ayollarni shu yerga kunlik ishga olib kelib, kun qorayganda olib ketisharkan. Ular «brigadir» deb atalarkan. Brigadirlar orasida ayollar ham bor.

Shuningdek, bozorga o‘zi ish izlab chiqqan erkak va ayollar ham bor. Janjal shu yerdagi mardikor ayollar guruhi ichidagi kelishmovchilikdan kelib chiqqan.

Voqea 21 iyul kuni soat 17:00 lar atrofida ro‘y bergan. Asli Past Darg‘om tumanidan bo‘lgan, Kimyogarlar qo‘rg‘onida ijara uyda yashovchi Sh.I. va X.I. ismli 33 va 25 yoshli opa-singilni go‘yoki o‘sha «Gazel»da ayollarni olib keluvchi «brigadir» ayollardan biri haqorat qilgan. O‘rtada chiqqan janjaldan so‘ng opa-singillar u ayolni M37A yo‘lidagi «Gazel»lar turgan joygacha ta’qib qilib borishgan.

«U «brigadir» ayol meni qattiq haqorat qildi. Keyin biz uni «Gazel»lar turgan joygacha quvib bordik. U yo‘l chetida turgan ikki «Gazel»dan biri ichiga yashirindi. Mashinaga chiqmoqchi bo‘lsak «mashinamga qadamingni bosib harom qilma» qabilida yana haqoratlar eshitdik, bizni turtib, urib tashlashdi. Ha, so‘ngra jahl ustida tosh otdik mashinalarga», — dedi Sh.I.

Internetda do‘pposlanayotgani tasvirlangan opa-singillar Qarshi shahriga eltuvchi taksilar turadigan avtoturargohdan tosh olib, ikkita «Gazel»ning oynalarini to‘kib tashlashgan. Mashina haydovchilaridan biri va dastlab o‘sha yerdagi janjalni ajratishga uringan yigitcha o‘zlariga yopishayotgan opa-singillarni itarib tashlab, so‘ngra haqorat eshitgach, ularni ura boshlashgan. Singil X.I. yegan zarbalari ta’sirida holdan toyib, quruq yer ustida yotib qolgan.

«Gazel» minibuslaridan birini ijaraga olib haydovchi Zohidning aytishicha, mashina oynalarini almashtirish unga 9,6 million so‘mga tushgan. Hozir minibuslar surishtiruv ishlari tugagunga qadar jarima maydonchasiga kiritib qo‘yilgan.

 

Do‘pposlashda qatnashgan ikkinchi yigitning aytishicha, u janjalda ishtirok etmagan. Shunchaki so‘kinib yulishib yotgan ayollarni ajratib qo‘ymoqchi bo‘lgan. Biroq opa-singillar unga ham tashlanib, haqoratlay boshlagan. Shunda u ham jahllanib, qo‘l ko‘targanini tan oldi.

Bu yerda ikkinchi «Gazel» avtomashinasining egasi ham hech qanaqa janjalga aralashmagan bo‘lsa-da, uning mashinasiga ham tosh otilib, 3,5 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Do‘pposlangan ayollardan biri Sh.I. o‘sha kuni pivo ichganini tan oldi. Agar «brigadir» ayollardan biri kelib uni haqorat qilmaganda urush bo‘lmasligini aytdi.

Unga ko‘ra, «brigadir»lar ayollarni arzon-garovga ishga jo‘natishadi. Boz ustiga, ulardan odam boshiga 15 ming so‘mdan haq ham olishar ekan. Bu ayollar esa kunlik ishda kamida 100 ming so‘m topishi kerakligi uchun kurashishadi.

Opa-singillar o‘zlariga yaqin bir ayolning 4 va 1,5 yashar bolalariga ham qarashar ekan. Opasi «hech joyda o‘qimaganman, maktabga ham bormaganman hatto», dedi.

Yerda yotgan va tepasida yosh bola turgani tasviri tarqagan qiz Sh.I.ning singlisi X.I. bo‘larkan. X.I. bola o‘ziniki emasligi, lekin u bolani 5 oyligidan buyon o‘zi qarab, katta qilib kelayotganini aytdi. Shu kuni opa-singil birovning bolasi bo‘lgan o‘sha go‘dak aka-ukalarni tuman ichki ishlar bo‘limiga ham olib kelishgan ekan.

Ular o‘zlarini do‘pposlagan yigitlarga da’volari yo‘qligini ham aytishdi.

Biz mardikor bozorga borganimizda o‘sha yerda kundalik ish axtaruvchi ayollardan biri janjal nima sababdan kelib chiqqanini aytib berdi.

«Bu puldorlar qishloqlardan yosh qizlar va ayollarni yig‘ib kelishadi, fermerlarga 15 ming so‘mdan hisoblab topshirishadi. Bizni qari, ishlay olmaydi, deb ish beruvchilarni aynitishadi. Bizlar ham odam-ku, biz ham non yeyishimiz kerak, ro‘zg‘orimiz bor. Uchastka nozirlari ham ular taraf bo‘ladi, shuncha odamni ish bilan ta’minlayapti, deb. Ular xolis o‘rtada turishi kerak, hech kimga yon bosmasdan», — deydi u.

Zebiniso Rahmonova, Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i

Opa-singillar bilan suhbatlashgan viloyat hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova har qanday holatda ham ayollarning bu tarzda kaltaklanishiga yo‘l qo‘yish mumkin emasligini ta’kidlab, ayollarni kaltaklagan erkaklarning qilmishini qoraladi. Ayollarni doimiy ish va uy-joy bilan ta’minlash masalasida yordam qilinajagini aytdi. Ammo bunday yordam ko‘rsatilishiga opa-singillar ishonqiramay turishibdi.

Nilufar Sattorova, Samarqand viloyat IIB JXX huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi katta inspektori

Samarqand viloyat IIB JXX huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi katta inspektori Nilufar Sattorova voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Samarqand – Qarshi trassasi bo‘yidagi mardikor bozorda ro‘y bergan janjalning tafsiloti shu. Janjalning tub mohiyati yetishmovchilikka taqaladi. Ro‘zg‘ordagi yetishmovchilik, ishsizlik nozik xilqat bo‘lgan ayollarning yanada xo‘rlanishiga sabab bo‘lmayaptimi?

Har qanday vaj-korson bo‘lmasin, ayollarni ko‘chada, hammaning ko‘z o‘ngida «samosud» qilib, kaltaklash o‘rinlimi?

Qolaversa, bu manzilda kuzatilayotgan muammolarni yechishning qandaydir imkoni bormi – mardikor bozorga borishni taqiqlab qo‘yishdan boshqa?

Uch yilcha avval Samarqand shahri Sadriddin Ayniy ko‘chasidagi tartibsiz mardikor bozor, odamlarning mulki «snos» qilinib, vaqtinchalik ish bilan ta’minlash mehnat bozori barpo etilishi ortidan kelib chiqayotgan nohaqliklar haqida yozgan edik.

Xo‘sh, bu ishlar oxiriga yetkazildimi? Yetkazilgan bo‘lsa, nega hamon mardikor bozor bilan bog‘liq muammolar bo‘y ko‘rsatmoqda. Bu savollarga tushunarli qilib javob bera oladigan odam bormi Samarqandda?

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz jurnalisti
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid