Jahon | 08:12 / 02.08.2022
31301
5 daqiqa o‘qiladi

«Al-Qoida» yetakchisi AQSh amaliyoti davomida yo‘q qilindi

AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistonda «Al-Qoida» yetakchisi Ayman az-Zavohiriy o‘ldirilgani haqida e’lon qildi.

Foto: AP

«Al-Qoida» yetakchisi Ayman az-Zavohiriy Kobulda Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) uchuvchisiz qurilmalari hujumi natijasida o‘ldirildi. Bu ma’lumotni 1 avgust, dushanba kuni Oq uyda AQSh prezidenti Jo Bayden tasdiqladi.

«Endi adolat qaror topdi va bu terrorchilar yetakchisi yo‘q. biz hech qachon ortga chekinmaymiz», dedi Bayden.

Uning so‘zlariga ko‘ra, az-Zavohiriyning joyi yil boshida Amerika maxsus xizmatlari tomonidan aniqlangan.

«U o‘zidan Amerika fuqarolari, amerikalik harbiy xizmatchilar, amerikalik diplomatlar va Amerika manfaatlariga qarshi qotillik va zo‘ravonliklar bilan iz qoldirdi», deya qo‘shimcha qilgan Bayden.

Bayden «Al-Qoida» rahbarining yo‘q qilinishi 2001 yil 11 sentabr teraktlari qurbonlari yaqinlariga tinchlik olib kelishiga umid bildirdi.

Maxsus brifingda Oq uy vakili yakshanba kuni Afg‘oniston poytaxtida Zavohiriy so‘nggi vaqtlarda yashirinib kelgan uyga yuqori aniqlikdagi zarba berilgani haqida aytgan.

«Bir necha oy mobaynida Zavohiriy Kobuldagi aynan shu joyda ekaniga ishonchimiz oshib bordi. Ko‘p vaqt mobaynida biz Zavohiriyni uy balkonida payqadik, yakunda unga zarba berildi», degan u.

Uning so‘zlariga dron orqali ikkita Hellfire raketasi uchirilgan. Zarba oqibatida Zavohiriyning ushbu uydagi yaqinlari ham, atrofdagi tinch aholi vakillari ham jabrlanmagan.

Zavohiriyga qarshi maxsus amaliyot amerikalik harbiylar o‘tgan yil avgustida Afg‘onistondan olib chiqilganidan buyon ushbu mamlakatda «Al-Qoida»ga qarshi o‘tkazilgan ilk amaliyot bo‘ldi.

Zavohiriy 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlar tashkilotchilaridan biri sifatida tan olingan va shu vaqtgacha amerikaliklar ta’qibida edi.  O‘shanda terrorchilarning to‘rt guruhi to‘rtta yo‘lovchi samolyotini egallab olib, ulardan ikkitasi Nyu-Yorkdagi Manxettenda joylashgan Jahon savdo markazi minoralariga borib urildi, natijada ikkala osmono‘par bino qulab tushdi. Uchinchi layner Vashington yaqinidagi Pentagon binosiga urildi. To‘rtinchi samolyot ekipaji va yo‘lovchilari terrorchilardan nazoratni o‘z qo‘liga olishga harakat qilishgan, samolyot Pensilvaniya shtatining Shanksvill shahri yaqinidagi dalaga qulagan. Hujumlarda 19 nafar xudkush-terrorchidan tashqari 2977 kishi halok bo‘lgan, yana 24 kishi bedarak yo‘qolgan.

Zavohiriy 2011 yilda Pokistonda tashkilotning avvalgi rahbari Usoma bin Lodin amerikaliklar maxsus amaliyoti natijasida o‘ldirilganidan keyin «Al-Qoida» boshqaruvini qo‘lga olgan. 2021 yilda u AQShdagi 11 sentabr teraktlarining 20 yilligiga bag‘ishlab alohida video chiqaradi.

AQSh Zavohiriyning joylashuvi haqida ma’lumot uchun 25 mln dollar miqdorida mukofot e’lon qilgandi.

«Tolibon» reaksiyasi

«Tolibon» harakati vakili Zabihulloh Mujohid zarbani qoralab, uni «xalqaro tamoyillar»ning buzilishi deb atadi. 

«Bunday harakatlar so‘nggi 20 yillikdagi muvaffaqiyatsiz tajribaning takrorlanishi bo‘lib, AQShning ham, Afg‘oniston va mintaqaning boshqa mamlakatlarining ham manfaatlariga zid keladi», degan u.

Zavohiriyga Afg‘onistondan boshpana 2021 yil avgustida toliblar tomonidan taqdim etilgani masalasi noaniq bo‘lib qolmoqda.

Oq uydagilar esa «Tolibon»ning yuqori martabali mansabdorlari «Al-Qoida» yetakchisi Kobulda yashiringanidan xabardor bo‘lganini ma’lum qilgan.

Ma’muriyat vakili jurnalistlarga Zavohiriyning Afg‘oniston poytaxtida bo‘lishi 2020 yilgi kelishuvning qo‘pol tarzda buzilishi hisoblanishini aytgan, kelishuvda toliblar Afg‘onistonni xalqaro terrorchilar uchun boshpanaga aylantirmaslikka va’da berishgandi.

«Biz ular Dohada tuzilgan bitim shartlariga rioya etishini kutgandik. Zavohiriyning Kobul markazida bo‘lishi esa bu shartlarning ochiqchasiga buzilishidir. Biz toliblarni mas’uliyatli bo‘lishga chaqirishda davom etamiz», degan u.

Jo Bayden o‘z murojaatida Amerika maxsus xizmatlari «Tolibon»ni shunday amaliyotga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ogohlantirmaganini aytgan, shu bilan birga AQSh bundan buyon Afg‘onistondagi yangi hukumat bilan hamkorlikka umid qilishini bildirgan.

Amerika qo‘shinlari Afg‘onistonni 11 oy oldin tark etdi. AQSh qo‘shinlari va ularning ittifoqchilari olib chiqib ketilganidan so‘ng «Tolibon» harakati a’zolari 2021 yil 15 avgust kuni Kobulga kirib keldi va 3 sentabrda butun mamlakat ustidan nazorat o‘rnatganini e’lon qildi. «Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgach, zo‘ravonlik to‘lqini va teraktlar, jumladan, 2015 yildan buyon mamlakatda faoliyat yuritib kelayotgan hamda toliblarga dushman bo‘lgan IShID tomonidan sodir etilgan hujumlar soni keskin ortdi.

Mavzuga oid