Sport | 13:13 / 02.08.2022
11541
15 daqiqa o‘qiladi

Maqtalgan shayxlar qayerda? «Nyukasl»ning transfer kampaniyasi hafsalani pir qilmoqda

Saudiya Arabistoni jamg‘armasi «Nyukasl» klubini sotib olganida, Angliyada yana bir top-klub paydo bo‘lishi taxmin qilingan edi. Ammo klubning yozgi transfer kampaniyasi hafsalani pir qilmoqda.

Foto: Getty Images

«Hakkalar»ning hozirgi ahvoli, trasnfer bozoridagi ishi, top-klub darajasiga chiqish imkoniyatlarini Rossiyaning «Chempionat» nashri tahlil qildi.

2021 yil oktabr oyida Saudiya Arabistoni suveren jamg‘armasi Angliyaning «Nyukasl» klubini 300 million funt sterlingga sotib oldi. Klub xo‘jayini Mayk Eshli aksiyalarining barchasini sotib yubordi. Yangi xo‘jayinlar dastlab bosh murabbiy Stiven Bryus bilan xayrlashdi, uning o‘rniga Eddi Hau keldi. Uning oldiga global vazifa qo‘yilmadi, shunchaki, mavsumni juda yomon boshlagan va so‘nggi o‘rinlarda yotgan klubning Premer-Ligadagi o‘rnini saqlab qolsa kifoya edi. Hau vazifani uddaladi, «Nyukasl» Premer-liga mavsumini 11-o‘rinda yakunladi va so‘nggi 18 ta o‘yinning 12 tasida g‘alaba qozondi. Vaholanki, ungacha jamoa 14 o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan edi.

Mavsumning eng e’tiborga molik voqealaridan biri so‘nggi turda yuz berdi – ochkoga muhtoj bo‘lmagan «Nyukasl» o‘z uyida «Arsenal»ni (2:0) osonlikcha mag‘lub etib, raqibni Chempionlar Ligasiga qo‘ymadi.

Hau ajoyib ish qildi, ammo baribir jamoa elita darajasiga chiqa olmadi. Yozda shayxlar tomonidan tarkibni mustahkamlash uchun yetarlicha mablag‘ ajratilishi kutilgan edi. Yangi funksionerlar Den Eshvort (sport direktori) va Darren Ilzning (ijrochi direktor) kelishi katta o‘zgarishlarga ishora qildi. Albatta, «Manchester Siti» va «Liverpul» kabi chempionlikka da’vogarlar darajasiga zudlik bilan chiqish imkonsiz. Ammo jamoatchilik «Arsenal» darajasidagi top-klubni tashkil qilinishiga umid bog‘lagan edi. Unday bo‘lmadi.

«Nyukasl» unchalik mashhur bo‘lmagan ikki futbolchini oldi

23 iyun kuni «Nyukasl» Angliya milliy jamoasi va «Byornli» darvozaboni Nik Poupni 10 million funt sterlingga sotib oldi. Chempionshipga tushib ketgan klub darvozaboni «Nyukasl» bilan 4 yillik shartnomani imzoladi. Poup Premer-ligada 36 ta o‘yinda maydonga tushib, 47 ta gol o‘tkazib yuborgan. Nik asosiy darvozabon bo‘ladimi yoki yo‘qmi hozircha aniq emas. U katta ehtimol bilan Martin Dubravkaga o‘rinbosar bo‘ladi. Ambitsiyalari bo‘lgan klub uchun kamtarona transfer, ammo xulosa chiqarishga hali erta edi.

Foto: Nyukasl

Besh kundan keyin yanada salmoqli transfer e’lon qilindi. 28 iyun kuni «Nyukasl» Fransiyaning «Lill» klubi himoyachisi Sven Botman bilan shartnoma imzoladi. 22 yoshli niderlandiyalikning transfer qiymati 37 million yevroni tashkil qildi.

O‘tgan mavsumda Botman Liga 1 musobaqasida 25 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urgan. Umuman olganda, yaxshi transfer. «Nyukasl» futbolchi uchun kurashda «Milan»ni ortda qoldirdi. Botman nima uchun ingliz klubiga o‘tishga qaror qilganini aytdi.

«Nyukasl»ga borishimga nima undadi? Menga faqat Premer-Liga yoqadi. Ushbu loyihaning kelajagi porloq ko‘rindi. Men bu yerda o‘ynashim kerakligini tushundim, shuning uchun bu jamoani tanladim. Men uchun bu transfer hayratlanarli voqea edi.

«Nyukasl» tarixidagi eng qimmat himoyachi bo‘lganim bosim yoki motivatsiyani oshiradimi? Hozir transfer bozoridagi narxlar shunday. Klublar futbolchilar uchun juda ko‘p pul to‘layapti, bunga mening aloqam yo‘q. Men klubda o‘ynashni, maksimal darajamni ko‘rsatishni istayman. Men uchun to‘lagan pullar haqida ko‘p o‘ylamayman. Kelajak bizga nima olib kelishini ko‘ramiz», dedi Botman.

Foto: Nyukasl

«Nyukasl» keyingi bir oy ichida Svendan ko‘ra ko‘proq mashhur yana bir nechta o‘yinchilar bilan shartnoma imzolaydigandek ko‘rindi. Biroq iyul oyida klub hech qanday transferni amalga oshirmadi, balki aksincha, bir qancha futbolchilarni boy berdi.

Neymar, Vitinya, Ekitike, Nunes, Kunde, Dibala, de Vrey - «Nyukasl» taklifini rad etgan mashhur futbolchilar

Boy klub o‘zining shakllanish bosqichida qancha pul sarflab bo‘lsa ham yulduzlarni jalb qilishi kerak. Bu loyihaning jozibasini sezilarli darajada oshiradi. «Nyukasl» xuddi shunday imkoniyatni «PSJ» hujumchisi Neymarda ko‘rdi, fransuz klubi rahbariyati iyun oyida undan voz kechmoqchi edi. «Hakkalar» braziliyalik uchun da’vogar klublar orasida edi, lekin ro‘yxatning oxirida. Neymar Premer-Ligaga, ayniqsa sovuq «Nyukasl-apon Tayn»ga o‘tish ishtiyoqida emasdi. Hozir bu masala to‘liq yopildi. Hujumchi «PSJ» bosh murabbiyi Kristof Galte bilan til topishdi va Parijda qoladigan bo‘ldi.

«Nyukasl» elita darajaga chiqish uchun transfer bozorida «PSJ» yoki «Manchester Siti» kabi klublardan o‘zib ketishni o‘rganishi kerak, kamida superyulduz bo‘lmagan futbolchilar borasida. Biroq, buning aksi yuz berdi. «PSJ» inglizlarning ikkita asosiy maqsadini ko‘rgazmali tarzda qo‘lga kiritdi. Gap «Reyms» hujumchisi Ugo Ekitike va «Portu» yarimhimoyachisi Vitinya haqida ketmoqda.

«Nyukasl» «Reyms»ga 36+10 million yevro taklif qildi. Ammo Ekitike transferni rad etib, «PSJ» klubiga ijara asosida o‘tdi. «Reyms» Ekitike uchun kafolatli to‘lov sifatida 28,5 million yevro oladi. Yana 6,5 million yevro bonuslar shaklida taqdim etiladi. «PSJ» Ugoning «Nyukasl»ga qiziqmagani evaziga narxni tushirishga muvaffaq bo‘ldi.

«Nyukasl» men uchun ko‘p narsa taklif qildi. Agar xorijga ketishim kerak bo‘lsa, shu klubni tanlagan bo‘lardim. Ammo fransuz bo‘lsangiz va «PSJ» chaqirsa, rad eta olmaysiz», - deb o‘z qarorini tushuntirdi Ekitike.

Foto: PSJ

Vitinya uchun «PSJ» 40 million yevro berdi. «Nyukasl» ham xuddi shuni taklif qildi, ammo futbolchi Parijni tanladi. «PSJ» inglizlarni noqulay ahvolga solgan yagona klub emas. Hau jamoasiga o‘tishni istamagan futbolchilar ro‘yxati katta.

«Sevilya» himoyachisi Jyul Kunde iyun oyidayoq «Nyukasl» bilan muzokaralarni to‘xtatib, «Chelsi» va «Barselona» variantlarini ko‘rib chiqa boshladi. Yakunda 50 million yevro evaziga «Barselona»ga o‘tdi. «Nyukasl» hatto ko‘proq pul taklif qilgan bo‘lsa ham, futbolchini bu umuman qiziqtirmadi.

«Inter» markaziy himoyachisi Stefan de Vrey 30 yoshga kirgan bo‘lsa-da, Premer-Liga klublari e’tiborida bo‘lib turibdi. Unga «Chelsi» va «Manchester Yunayted» qiziqish bildirmoqda. Stefan muzokaralarning dastlabki bosqichidayoq «Nyukasl» taklifini rad etgan.

Paulo Dibala «Yuventus»dan ketgach, darhol «Nyukasl» taklifini rad etdi. Yakunda u «Roma»ga o‘tdi. Argentinalikning Italiyaga bog‘lanib qolganini sabab sifatida keltirish mumkin, ammo u «hakkalar» loyihasida hech qanday jozibani ko‘rmadi.

«Benfika» hujumchisi Darvin Nunes «Manchester Yunayted» va «Nyukasl» taklifidan voz kechib, «Liverpul»ga o‘tdi. Bu yerda sabab biroz boshqacha – u Chempionlar Ligasida o‘ynamoqchi.

«Nyukasl» kimlarni olishga muvaffaqiyatsiz urinmoqda

«Hakkalar» «Latsio» yarimhimoyachisi Sergey Milinkovich-Savich uchun 55 million yevro taklif qilmoqda. Italiya klubi uni 70-80 million yevroga qo‘yib yuborishga tayyor. «Chelsi» ham futbolchi uchun kurashmoqda.

«Lester» klubi yarimhimoyachi Jyeyms Meddisonni «Nyukasl»ga sotmayapti. «Hakkalar» 25 yoshli futbolchi uchun 50 million funt taklif qilishdi. «Lester» 60 million so‘ramoqda. «Nyukasl» hali hech kimga bunchalik ko‘p pul sarflamagan va transferdan voz kechish haqida o‘ylamoqda. Hozirgi vaqtda «Nyukasl» eng ko‘p pul to‘lagan futbolchi – «Lion» yarimhimoyachisi Bruno Gimaraynsh (yanvarda 42 million yevro).

Yangi transfer rekordchisi bo‘lishga yana bir qancha da’vogarlar bor. «Lion» yarimhimoyachisi Lukas Paketa 50 million funtga baholanmoqda. «Manchester Siti», «PSJ», «Arsenal» va «Tottenhem» ham futbolchi bilan aloqada bo‘lgan. Hau jamoasi bu «musobaqa»da favorit emas.

«Nyukasl» klubi «Real Sosedad» hujumchisi Aleksandr Isak va «Bayyer» yarimhimoyachisi Mussa Diabini o‘z safiga qo‘shib olishga muvaffaqiyatsiz urinmoqda. «Real Sosedad» Isak uchun 90 million yevro, «Bayyer» Diabi uchun 70 million yevro so‘rayapti. Qolaversa, Isak haftasiga 200 ming funt maosh olmoqchi. Diabi ham jamoaning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisi bo‘lishni istamoqda. Hozir bunday maqomga Kiran Tripper ega – haftasiga 110 ming funt.

Ko‘rinib turibdiki, loyihani «jozibali» qilish uchun dastlabki bosqichda klublarga ham, futbolchilarning o‘ziga ham ortiqcha mablag‘ to‘lash zarur.

Foto: Getty Images 

«Chelsi» hujumchisi Timo Verner ham «Nyukasl»ning qiziqish doirasiga kirgan. Ammo futbolchi Londonni tark etsa, faqat «Leypsig»ga qaytmoqchi. Bundan tashqari, unga «Yuventus» va «Real» ham qiziqish bildirgan.

«Brayton» himoyachisi Mark Kukurelya «Manchester Siti»ga o‘tmoqchi. «Brayton» uning transferi uchun 50 million funt talab qilmoqda, «Siti» esa 40 million funt to‘lashga tayyor. «Nyukasl» vaziyatni kuzatmoqda va savdoga aralashishi mumkin. Ammo Kukurelyaning o‘zi Hau jamoasiga o‘tish istagini bildirmagan va Xosep Gvardiola qo‘l ostida o‘ynashni xohlamoqda.

«Real» yarimhimoyachisi Marko Asensio ham «Nyukasl»ning qiziqish doirasiga tushib qolgan. Madridliklar Asensio uchun 30-35 million yevrodan ko‘proq pul ololmasligini tushunib turishibdi. Futbolchi uchun kurashda «Milan» favorit hisoblanadi. Keyingi o‘rinlarda «Arsenal», «Manchester Yunayted», «Yuventus» va shundan keyingina, ehtimol, «Nyukasl».

Milinkovich-Savich, Meddison, Paketa, Isak, Diabi, Verner, Kukurelya, Asensio – bu futbolchilardan birortasi ham «Nyukasl»ga o‘tishi dargumon. Aftidan, klub buni tushungan va ancha kamtarona maqsadlarga o‘tgan.

«Zalsburg» hujumchisi Benyamin Sheshko «hakkalar» e’tiborini tortdi. O‘tgan mavsumda 19 yoshli futbolchi Avstriya chempionatida 24 ta o‘yinda maydonga tushib, 5ta gol urdi. «Nyukasl» shuningdek, «Chelsi»ga tegishli 20 yoshli hujumchi Armando Broyani ijaraga olish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Yaqinda u «Real» nishoniga tushib qolgan edi. Har holda, Sheshko va Broya transferi amalga oshgan taqdirda ham «Nyukasl»ni yangi darajaga olib chiqolmaydi.

«Nyukasl» kelasi mavsumda yuqori o‘rinlar uchun kurashga tayyor emas

Poup va Sven hozircha klubning katta xaridlari bo‘lib turibdi. Vaziyat transfer oynasi yopilgunga qadar o‘zgarmasligi ham mumkin.

Foto: Getty Images 

Qanot himoyachisi Allan Sen-Maksimen faoliyatini «Chelsi» yoki «Tottenhem»da davom ettirishi mumkin. «Nyukasl» uni kamida 40 million funtga qo‘yib yuborishga tayyor. Bu borada prinsipial bo‘lish, futbolchini arzon berib yubormaslik talab etiladi, aks holda klub obro‘si yanada yomonlashadi.

Sen-Maksimen o‘tgan mavsumda «Nyukasl» safida Premer-ligada 35 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol urdi va shuncha golli uzatmani amalga oshirdi. Qolaversa, u mavsum yakunida top-5 liganing eng yaxshi driblyori bo‘ldi. Botman, Sen-Maksimen, Joelinton, Deniyel Byorn, Kallum Uilson, Bruno Gimaraynsh, Kiran Tripper hozirgi «Nyukasl»ning asosiy yulduzlari hisoblanadi. Bunday tarkibga ega jamoa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashga tayyor emas. Premer-Ligadagi raqobat darajasini hisobga oladigan bo‘lsak, hatto Yevropa Ligasi yoki Konferensiya Ligasiga chiqish ham oson bo‘lmaydi. Hau o‘tgan mavsumdagi kuchli ishtiyoqni saqlab qola olishi ham kafolatlanmagan.

«Nyukasl», katta ehtimol bilan o‘rtamiyona bo‘lib qoladi. Yevrokuboklar yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun Eddi Hau astoydil mehnat qilishiga to‘g‘ri keladi. Sarmoyalari klubni yangi darajaga olib chiqishi maqtalgan arab shayxlari qayerda? Hozircha bu javobi yo‘q savol.

Mavzuga oid