«Hakkalar»ning hozirgi ahvoli, trasnfer bozoridagi ishi, top-klub darajasiga chiqish imkoniyatlarini Rossiyaning «Chempionat» nashri tahlil qildi.

2021 yil oktabr oyida Saudiya Arabistoni suveren jamg‘armasi Angliyaning «Nyukasl» klubini 300 million funt sterlingga sotib oldi. Klub xo‘jayini Mayk Eshli aksiyalarining barchasini sotib yubordi. Yangi xo‘jayinlar dastlab bosh murabbiy Stiven Bryus bilan xayrlashdi, uning o‘rniga Eddi Hau keldi. Uning oldiga global vazifa qo‘yilmadi, shunchaki, mavsumni juda yomon boshlagan va so‘nggi o‘rinlarda yotgan klubning Premer-Ligadagi o‘rnini saqlab qolsa kifoya edi. Hau vazifani uddaladi, «Nyukasl» Premer-liga mavsumini 11-o‘rinda yakunladi va so‘nggi 18 ta o‘yinning 12 tasida g‘alaba qozondi. Vaholanki, ungacha jamoa 14 o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan edi.

Mavsumning eng e’tiborga molik voqealaridan biri so‘nggi turda yuz berdi – ochkoga muhtoj bo‘lmagan «Nyukasl» o‘z uyida «Arsenal»ni (2:0) osonlikcha mag‘lub etib, raqibni Chempionlar Ligasiga qo‘ymadi.

Hau ajoyib ish qildi, ammo baribir jamoa elita darajasiga chiqa olmadi. Yozda shayxlar tomonidan tarkibni mustahkamlash uchun yetarlicha mablag‘ ajratilishi kutilgan edi. Yangi funksionerlar Den Eshvort (sport direktori) va Darren Ilzning (ijrochi direktor) kelishi katta o‘zgarishlarga ishora qildi. Albatta, «Manchester Siti» va «Liverpul» kabi chempionlikka da’vogarlar darajasiga zudlik bilan chiqish imkonsiz. Ammo jamoatchilik «Arsenal» darajasidagi top-klubni tashkil qilinishiga umid bog‘lagan edi. Unday bo‘lmadi.

«Nyukasl» unchalik mashhur bo‘lmagan ikki futbolchini oldi

23 iyun kuni «Nyukasl» Angliya milliy jamoasi va «Byornli» darvozaboni Nik Poupni 10 million funt sterlingga sotib oldi. Chempionshipga tushib ketgan klub darvozaboni «Nyukasl» bilan 4 yillik shartnomani imzoladi. Poup Premer-ligada 36 ta o‘yinda maydonga tushib, 47 ta gol o‘tkazib yuborgan. Nik asosiy darvozabon bo‘ladimi yoki yo‘qmi hozircha aniq emas. U katta ehtimol bilan Martin Dubravkaga o‘rinbosar bo‘ladi. Ambitsiyalari bo‘lgan klub uchun kamtarona transfer, ammo xulosa chiqarishga hali erta edi.

Foto: Nyukasl

Besh kundan keyin yanada salmoqli transfer e’lon qilindi. 28 iyun kuni «Nyukasl» Fransiyaning «Lill» klubi himoyachisi Sven Botman bilan shartnoma imzoladi. 22 yoshli niderlandiyalikning transfer qiymati 37 million yevroni tashkil qildi.

O‘tgan mavsumda Botman Liga 1 musobaqasida 25 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urgan. Umuman olganda, yaxshi transfer. «Nyukasl» futbolchi uchun kurashda «Milan»ni ortda qoldirdi. Botman nima uchun ingliz klubiga o‘tishga qaror qilganini aytdi.