O‘zbekiston | 08:29 / 03.08.2022
7723
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda taekvondoni yanada rivojlantirish choralari belgilandi

Foto: Getty Images

Prezident tomonidan “Taekvondo (WT) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.

Prezident qaroriga muvofiq quyidagilar 2022-2024 yillarda taekvondoni (WT) rivojlantirish asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

taekvondoni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, professional sportchilarni saralash hamda tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;

ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ko‘p bolali oilalar farzandlari taekvondo bilan shug‘ullanishi uchun hududlarda "Taekvondo (WT) hamma uchun" dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;

umumiy o‘rta ta’lim maktablarida taekvondo bo‘yicha darsdan tashqari alohida sport seksiyalarini tashkil etish, o‘rta maxsus, professional hamda oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchi va talabalari uchun taekvondo bo‘yicha fakultativ mashg‘ulotlarni joriy etish va taekvondo klublarini tuzish;

taekvondo bo‘yicha xalqaro talablarga muvofiq zamonaviy sport majmualarini qurish, mavjud sport majmualari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan ta’minlash;

hududiy terma jamoalar asosiy tayyorgarlik markazlari sifatida Qoraqalpog‘istonda, viloyatlar va Toshkent shahrida yengil konstruksiya asosida quriladigan markazlar tashkil etish;

taekvondoni o‘qitish zamonaviy metodikalariga asoslangan ilmiy-uslubiy va o‘quv adabiyotlar bilan ta’minlash hamda tibbiy xizmatni rivojlantirish va boshqalar.

Hujjat bilan taekvondo (WT) sport turini 2022-2024 yillarda kengroq rivojlantirish dasturi va taekvondo sport turini rivojlantirish maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

2023 yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda:

respublika barcha hududlarida 4 sentabr - Butunjahon taekvondo kuniga bag‘ishlangan taekvondo festivali;

taekvondo va parataekvondo bo‘yicha "G2" darajasidagi nufuzli "Uzbekistan Open" xalqaro turniri;

taekvondo bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari, o‘rta-maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchi va talabalari o‘rtasida "Vazir kubogi" musobaqalari o‘tkaziladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid