Xitoy va Tayvan - 70 yillik dushmanlik tarixi
AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy, Tayvan hamda tayvanliklarning ittifoqchisi hisoblangan Amerika o‘rtasidagi keskinlik yanada kuchayishiga olib keldi. Bu munosabatlar o‘zida doimiy «tutab turuvchi» mojaroni aks ettirib, buning tarixi 70 yil oldinga borib taqaladi.
Xitoy xalq respublikasi Tayvanni o‘zining ajralib chiqqan provinsiyasi deb hisoblaydi va ertami-kechmi hududni o‘z tarkibiga qaytarishi haqida aytib keladi. Ammo ko‘plab tayvanliklar yetmish yillik alohida yashashdan keyin o‘zlarini alohida xalq deb, orolni esa alohida davlat deb hisoblashni boshlagan, ammo orol hozirgacha mustaqillik e’lon qilmagan, shu bilan birga o‘zini butun Xitoyning qonuniy vorisi deb biladi.
Mojaroning tarixi qanday?
Tayvanga ilk ko‘chib kelganlar avstroneziya qabilalari bo‘lib, ma’lumotlarga ko‘ra, ular hozirgi Xitoy janubidan ko‘chib o‘tishgan.
Orol xitoyliklarning solnomalarida, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, eramizning 239 yilida ilk bor qayd etilgan, o‘shanda xitoyliklar imperatori bu hududni o‘rganish uchun ekspeditsiya korpusi yuborgan — Pekin ushbu fakt bilan orolga egalik huquqini asoslamoqchi bo‘ladi.
Qisqa muddat davomida, 1624 yildan 1661 yilga qadar Tayvan gollandlar mustamlakasi bo‘lgan, keyin esa, 1683 yildan 1895 yilga qadar xitoyliklarning Sin sulolasi hukmida bo‘lgan.
O‘shanda, XVII asrda, Tayvanga Xitoyning materikdagi hududidan ko‘plab odamlar oqib kela boshlagan, odamlar tartibsizliklar va qashshoqlikdan qochib o‘tishgan. Ularning aksari Fuzyan provinsiyasi hududidagi xoklo xitoylari yoki Guandun provinsiyasida yashagan xakka xitoylari bo‘lishgan. Ularning avlodlari bugungi kunda oroldagi eng yirik demografik guruhni tashkil qilishadi.
1895 yilda, birinchi xitoy-yapon urushi boshlangach, Sin sulolasi Tayvanni Yaponiyaga qoldirishga majbur bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi yakunida Yaponiya Xitoydan tortib olingan hududlarni nazorat qilishdan voz kechadi. Urush g‘oliblaridan biri bo‘lmish Xitoy Respublikasi — o‘z ittifoqchilari AQSh va Buyuk Britaniya roziligi bilan Tayvanni boshqara boshlaydi.
Ammo keyin Xitoyda Chan Kayshi boshqaruvidagi Gomindan partiyasining milliy hukumati va Mao Tszedun rahbarligidagi Xitoy Kommunistik partiyasi qo‘shinlari o‘rtasida fuqarolik urushi boshlanib ketadi. Yakunda Gomindan mag‘lubiyatga uchraydi.
1949 yilda Chan Kayshi o‘z tarafdorlari bilan - ularning soni bir yarim million atrofida bo‘lgan - Tayvanga qochib o‘tadi. U bu yerda surgundagi hukumat ta’sis etib, o‘ziga bo‘ysungan hududni Xitoy Respublikasi deb e’lon qiladi va keyingi 25 yilda hukmronlik qiladi.
Chan Kayshi bilan birga materik hududidan qochib kelgan xitoyliklar butun aholining 14 foizini tashkil qilsa-da, ko‘p yillar mobaynida Tayvan siyosatida ustunlik qilishadi.
Chan Kayshidan keyin Tayvanda hokimiyat tepasiga uning o‘g‘li Jiang Jingguo keladi, u Nikolay Vladimirovich Yelizarov nomi bilan ham ma’lum edi. Bolalikda uni o‘qish uchun Moskvaga yuborishgan, u Leninning singlisining uyida yashagan, kollektivlashtirishda qatnashgan va hatto ma’lum vaqt «Uralmash» zavodining mexanik sexida ishlagan, 1937 yilda esa qamoqqa olingan.
O‘sha 1937 yilda Jiang Jingguo vataniga rus rafiqasi bilan qaytadi (Tayvanda u Jiang Fanlyan nomini oladi).
Jiang Jingguo ochiqligi va demokratik qarashlari bilan ajralib turardi. Otasining Tayvandagi hukumatida ichki ishlar vaziri sifatida u bir necha bor kommunistlarning isyon uyushtirishga bo‘lgan urinishlarni bartaraf etgan.
Otasi o‘limidan keyin u avvaliga Gomindanni boshqara boshladi, keyin 1978 yilda Tavayn prezidenti bo‘ldi va umri oxirigacha - 1988 yilgacha yana ikki muddatga saylandi. Uning boshqaruvi davrida hukumat avtoritar shaklda saqlanib qolgan bo‘lsa-da, Tayvanda demokratik islohotlar o‘tkazildi.
Jiang Jingguoning o‘rniga uning hukumatida vitse-prezident bo‘lgan Li Denxuey keladi. Uni «Tayvan demokratiyasi otasi» deb atashgan. U konstitutsion islohot o‘tkazadi va 2000 yilda mamlakatda ilk bor Gomindan partiyasi a’zosi bo‘lmagan nomzod Chen Shuybyan prezidentlikka saylanadi.
Tayvanni kimlar tan oladi?
Tayvan maqomi borasida ixtilof va chalkashlik mavjud. Orolning o‘z konstitutsiyasi, demokratik saylangan yetakchilari va 300 ming kishilik armiyasi mavjud.
Bir vaqtlar surgundagi hukumatni tuzgan Chan Kayshi bu hukumat butun Xitoyni ifodalashini va mamlakatni qaytadan o‘z izmiga olishini da’vo qiladi. Tayvan hatto BMT Xavfsizlik kengashida Xitoyning o‘rnini egallagan, chunki G‘arbning ko‘plab mamlakatlari aynan uni Xitoyning haqiqiy hukmdori deb hisoblagan.
Ammo o‘tgan asrning 70-yillarida Xavfsizlik kengashining ayrim a’zolari Tayvan bundan buyon Xitoyning materikdagi qismida yashovchi yuz millionlab kishilarning manfaatlarini ifodalay olmasligi haqida ayta boshlashdi.
1971 yilda BMT bu joyni Pekinga qaytaradi, Tayvan esa kengashdan chiqariladi. 1978 yilda Xitoy o‘z iqtisodiyotini jahon uchun ocha boshlaydi. AQSh esa savdo imkoniyatlari va munosabatlarni rivojlantirish zarurligini tan olib, 1979 yilda Pekin bilan rasmiy diplomatik munosabatlar o‘rnatadi.
Shundan buyon Tayvanni rasman tan oluvchi mamlakatlar son keskin qisqaradi - hozirda ularning soni 15 ta atrofida.
Endilikda, mustaqil davlatning barcha xususiyatlariga va Xitoydan ajralib turadigan siyosiy tizimga ega bo‘lishiga qaramay, Tayvanning huquqiy maqomi noaniqligicha qolmoqda.
Tayvan va Xitoy munosabatlari hozirda qanday?
1980 yilda Xitoy va Tayvan munosabatlari iliqlasha boshlagan: avvaliga Tayvan Xitoyga borish va sarmoya kiritish qoidalarini yumshatadi, 1991 yilda esa Xitoy Xalq Respublikasi bilan urush yakunlanganini e’lon qiladi.
Xitoy «bir mamlakat, ikki tizim» variantini taklif etadi, unga ko‘ra Pekin Tayvanni qayta birlashishga rozi bo‘lsa, avtonomiyani saqlab qolishga ishontiradi. Pekin shunday va’dalar bilan 1997 yilda Hongkongni o‘ziga qaytargandi - xitoyliklar yaqin vaqtgacha so‘zida turdi, ammo keyin kuch bilan demokratik Hongkongni o‘z tartiblariga bo‘ysundirdi.
Tayvan esa bunday taklifni rad etgan.
Tayvan prezidenti, 2000 yilda hokimiyatga kelgan Chen Shuybyan Xitoy uchun jiddiy bosh og‘rig‘iga aylanadi, chunki u va uning Demokratik taraqqiyot partiyasi ochiqchasiga alohida davlat tuzishni targ‘ib qiladi.
2004 yilda Chenni ikkinchi muddatga saylashadi, bir yil o‘tib esa Xitoy «ajralib chiqishga qarshi qonun» nomli qonun qabul qiladi, bu agar Tayvan ajralib chiqishga harakat qilsa, Xitoy Tayvanga qarshi «tinchlikparvar bo‘lmagan vositalar»dan foydalanishiga imkon beradi.
2008 yilda Chenning o‘rniga hokimiyat Ma Inszyuga o‘tadi - u Gomindan partiyasi vakili bo‘lib, iqtisodiy kelishuvlar orqali munosabatlarni yaxshilashga harakat qilgan.
2016 yilda esa yana Demokratik taraqqiyot partiyasi vakili Say Inven prezidentlikka saylanadi, natijada Tayvanning Xitoy bilan munosabatlari yana yomonlasha boshlaydi.
2018 yilda vaziyat keskinlashadi, o‘shanda Pekin xalqaro kompaniyalarga bosimni kuchaytirib, agar o‘z saytlarida Tayvanni Xitoyning bir qismi sifatida ko‘rsatmasa, ularga Xitoyda biznes yuritishni taqiqlash bilan tahdid soladi.
2020 yilda Say rekord darajada 8,2 million ovoz qo‘lga kiritib, ikkinchi muddatga saylanadi va ko‘plar buni tayvanliklar XXR bilan birlashish g‘oyasidan butunlay soviganini anglatishini aytadi.
Bu vaqtda Hongkongda Xitoy ta’siri kuchayishiga qarshi keng miqyosli namoyishlar avj olgandi va Tayvan bu voqealarni diqqat bilan kuzatib borayotgandi.
Keyinroq, o‘sha yil oxirida Xitoy Hongkongdagi milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi, bu esa hongkongliklar erkinligini bo‘g‘ishga qaratilgan navbatdagi qadam bo‘ldi.
Tayvan uchun mustaqillik naqadar muhim?
Pekin va Taybey fundamental siyosiy masalada kelisha olmasa-da, so‘nggi o‘n yilliklarda iqtisodiyot borasida ularning munosabatlari faqat kengaygan va mustahkamlangan. Tayvan rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 1991 yildan 2021 yil may oyi oxirigacha Xitoydagi Tayvan investitsiyalari hajmi 193,5 mlrd dollarni tashkil etadi.
Tayvandagilarning ayrimlari ularning iqtisodi endi Xitoyga qaram bo‘lib qolganidan xavotirlanadi. Boshqalar esa yanada qalin iqtisodiy aloqalar XXRning ehtimoliy hujumi xavfini kamaytiradi deb hisoblashadi.
2014 yilda Xitoy va Tayvan «Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo kelishuvi to‘g‘risida»gi hujjatni imzolagan. Bu «Kungaboqarlar harakati» nomi ostida norozilik harakatini paydo qilgan. Harakat ishtirokchilari, talabalar va faollar Xitoy ta’siri o‘sishi ehtimoliga qarshi namoyish o‘tkazib, ma’lum vaqtga Tayvan parlamentini egallab olishgan.
Hozirgi hukmron Demokratik taraqqiyot partiyasi hamon orol mustaqilligi tarafdori hisoblanadi, o‘z navbatida Gomindan birlashishga qarshi emas.
Yaqinda Tayvanda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar ko‘rsatishicha, aholining asosiy qismi - amalda suverenitet tarafdori hisoblanadi.
Ammo tayvanliklarning katta qismi, aftidan, qandaydir o‘rtalikni tutadi. 2022 yil iyunida o‘tkazilgan so‘rov faqat 5,2 foizlik aholi tez orada mustaqillik e’lon qilinishini yoqlaydi va faqat 1,3 foizi - birinchi imkon tug‘ilgandayoq materikdagi Xitoy bilan birlashish tarafdori.
AQShning bu ziddiyatga qanday aloqasi bor?
Vashingtonning mintaqadagi azaliy siyosati strategik ikkilanish uchun namunadir: Qo‘shma Shtatlar rasman «yagona Xitoy» siyosatiga amal qiladi va faqat Pekinni tan oladi hamda Taybey bilan emas, aynan u bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Ammo shu bilan birga Tayvan bilan ittifoqchilik munosabatlarini saqlab keladi.
Shu yil mayida prezident Baydendan Xitoy bosqini ro‘y bergan taqdirda, AQSh Tayvanni himoya qilishga qanchalik tayyor bo‘lishi to‘g‘risidagi savolga tasdiq javobini bergandi. Shundan keyin Oq uy zudlik bilan AQShning Tayvan bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmasligi va «yagona Xitoy» siyosatiga amal qilishini ma’lum qilishiga to‘g‘ri kelgandi. Shu kabi holat Baydenning Tayvanni harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi avvalgi bayonotlaridan keyin takrorlangandi.
Pekin Vashington tomonidan Taybeyni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan har qanday harakatni qoralaydi va Baydenning bayonotlariga javoban Tayvan havo hujumidan mudofaa tizimi nazoratidagi hududga harbiy samolyotlarini yuborishni faollashtirgandi.
Mavzuga oid
14:54 / 22.11.2024
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
19:13 / 21.11.2024
Xitoyda 83 mlrd dollarlik oltin zaxirasi topildi
21:37 / 20.11.2024