Jahon | 15:21 / 06.08.2022
17688
5 daqiqa o‘qiladi

The Insider: Rossiya qo‘shinlari Zaporojye AESni minalab qo‘ygan bo‘lishi mumkin

Rossiya qo‘shinlari Zaporojye AESni minalab qo‘ygan bo‘lishi mumkin, deb yozadi The Insider o‘z manbalariga tayanib. Ukrainaning «Energoatom» kompaniyasi stansiya o‘qqa tutilishi natijasida radioaktiv moddalar tarqalib ketish xavfi haqida ogohlantirdi. 

Foto: RIA Novosti

Mart oyida Zaporojye atom elektr stansiyasini egallab olgan Rossiya qo‘shinlari uning hududini minalab qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Bu haqda The Insider nashri 5 avgust oqshomida bosib olingan stansiyadagi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi

Nashr suhbatdoshlaridan biri 2 avgust kuni birinchi va ikkinchi energiya bloklari o‘rtasida to‘xtagan Rossiya harbiy yuk mashinalari karvoni AES hududiga yetib kelgani haqida gapirdi. Biroz vaqt o‘tgach, karvonning bir qismi birin-ketin yuk darvozalari orqali birinchi energiya blokining mashina zali hududiga kira boshlagan. Manbaning fikricha, mashina zali minalab qo‘yilgan. The Insider nashri tarqatgan videoda yuk mashinalari stansiyaga kirib ketayotganini ko‘rish mumkin. 

Nashrning ikkinchi manbasi aytishicha, stansiya atrofidagi hudud RF QK tomonidan minalangan. U Zaporojye AESda joylashgan Rossiya guruhi sonini 500 nafar rus askari atrofida baholadi, ular zirhli transport vositalari, zenit qurilmalari va radiokimyoviy razvedka uskunalari bilan jihozlangan. Ushbu ma’lumotga ko‘ra, «Grad» batareyalari AESga eng yaqin bo‘lgan Vodyanoye qishlog‘i yaqinida joylashtirilgan, Rossiya harbiylari mina va o‘q-dorilarni esa energiya bloklariga yaqin joyda saqlayapti. Energiya bloklaridan biri minalab qo‘yilganmi yoki yo‘qmi, The Insider’ning ikkinchi suhbatdoshi buni bilmaydi. 

Ayni paytda, Ukrainaning «Energoatom» davlat energetika kompaniyasi 6 avgust kuni Zaporojye AES bir kun avval Rossiya qo‘shinlari tomonidan yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari bilan ikki marta o‘qqa tutilganidan so‘ng radiatsiya va yong‘in xavfsizligi normalari xavfi ostida ishlayotgani haqida ogohlantirdi. 

«O‘q otilishi natijasida azot-kislorod stansiyasi va qo‘shma yordamchi korpus jiddiy zarar ko‘rdi. Vodorodning sizib chiqishi va radioaktiv moddalar tarqalishi xavfi hamon saqlanib qolmoqda, yong‘in xavfi ham yuqori», - deyiladi idora xabarida. Shu bilan birga, «Energoatom» AESning ukrainalik xodimlari «yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, zarar oqibatlarini bartaraf etish uchun ishlashda va barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishda davom etishini» ta’kidladi. 

Rossiya tomoni stansiyaning o‘qqa tutilishiga aloqadorligini rad etmoqda. Energodar shahrining okkupatsion «ma’muriyati» bu zarbada UQKni aybladi. Amerika Urushni o‘rganish instituti (ISW) 5 avgust kungi hisobotida Zaporojye AESni qaysi tomon haqiqatda o‘qqa tutganini aniqlashning hozircha imkoni yo‘qligini yozdi. 

Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA) ZAESdagi vaziyatdan xavotirda. Uning bosh direktori Rafael Grossi 3 avgust kuni AP agentligiga bergan intervyusida Rossiya harbiylari tomonidan bosib olingan elektr stansiyasida «hammasi bo‘lmasa ham, aksariyat» xavfsizlik choralari buzilganini aytdi. Shu sababli Zaporojye AES reaktorlarning erib ketishi «ehtimoli bor», deya ta’kidladi ekspert. 

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 5 avgust kuni kechki videomurojaatida stansiyadagi vaziyat tufayli Rossiya atom sanoatiga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi. 

«Bugun bosqinchilar Yevropada hamma uchun yana bir o‘ta xavfli vaziyatni yuzaga keltirdi – ular Zaporojye AESni bir kunda ikki marta o‘qqa tutdi», — dedi prezident bu Yevropadagi eng yirik AES ekanini eslatib. «Ushbu obektni har qanday o‘qqa tutish ochiqdan-ochiq jinoyat, terror aktidir. AESga tahdid yaratganining o‘zi uchun Rossiya javobgar bo‘lishi kerak». Ukraina prezidenti stansiyaning o‘qqa tutilishini «Rosatomdan tortib, barcha tegishli kompaniyalar va shaxslarga qadar – butun Rossiya atom sanoatiga nisbatan qattiq sanksiyalar qo‘llash foydasiga dalil» deb atadi: «Bu faqat xavfsizlik masalasidir. Kim boshqa xalqlar uchun yadroviy tahdidni yuzaga keltirsa, bu uning o‘zi hali yadroviy texnologiyadan xavfsiz foydalanishga qodir emasligini anglatadi». 

Mavzuga oid