Iqtisodiyot | 18:35 / 12.08.2022
33522
7 daqiqa o‘qiladi

Moliyaviy xizmatlar eksperimentiga yo‘l ochilmoqda. MB qumdoni qanday ishlaydi?

O‘zbekiston Markaziy banki tartibga solish qumdonini joriy etmoqda. Bunda tashabbuskorlar qonunchilik bilan tartibga solinmagan yangi turdagi moliyaviy xizmatlarni aholi orasida sinovdan o‘tkazishi mumkin. Islom moliyasi xizmatlari ham shular jumlasidan.

12 avgust kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan media muloqotda tartibga solish qumdoni haqida batafsil tushuntirish berildi. Kun.uz berilgan ma’lumotlar asosida yangi tizim borasida sharh tayyorladi.

Yangi tizim haqida qisqacha

Moliyaviy xizmatlar qumdoni – yangi moliyaviy xizmatlarni joriy qilish uchun sinovdan o‘tkazishni tartibga soluvchi huquqiy rejimdir.

Masalan, biror tashabbuskor yangi moliyaviy xizmatni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lsa va qonunchilikda unga oid norma bo‘lmasa, huquqiy tartibga solinmagan yoki noaniqliklar mavjud bo‘lsa, tashabbuskorlar shu tizimdan foydalangan holda, yangi xizmatni sinovdan o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan xizmatlarga doir normativ hujjatlar ishlab chiqilishi mumkin.

Nega endi “qumdon”?

Buyuk Britaniyada joriy qilingan bu tizim (regulyatory sandbox)da bolalar o‘ynaydigan qumli maydoncha ramz qilib olingan bo‘lib, tizim yangi moliyaviy xizmatlarni sinovdan o‘tkazish uchun sinov maydonchasini yaratib berishni nazarda tutadi.

Bundan kimga nima foyda?

Tizim moliyaviy bozorda yangi moliyaviy xizmatlarni ko‘paytirishga va bu orqali iste’molchilarga ko‘proq qulayliklar yaratishga yordam beradi.

“Oddiy aholiga shu paytgacha bo‘lmagan xizmatni bor qilib yoki bor xizmatni yaxshilab beradi. Aytaylik, hozirgi kunda qaysidir xizmat bozorda yo‘q, qumdon esa – iste’molchi uchun xizmatlar ko‘lamini yoki bor xizmatni yaxshilab berish uchun platforma.

Masalan, Islom moliyasi bo‘yicha xizmatlarni olaylik. Bizda Islom moliyasiga oid qonunchilik to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan. An’anaviy banklar odamlarga 100 so‘m berib, 120 so‘m qaytarib berish talabini qo‘ysa, Islom moliyasida bu shartlar iste’molchining e’tiqodiga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Bunda bank iste’molchiga kerak bo‘lgan biror tovarni avval o‘zi sotib olib, keyin uni mijozga sotishiga to‘g‘ri keladi. Mana shu savdo-sotiqqa nisbatan an’anaviy banklar uchun qonunda to‘siq bor. Ya’ni bank iste’molchiga tovar olib bera olmaydi, lekin tovar uchun pul berishi mumkin. Ammo, yuqorida aytganimizdek, iste’molchi foizli kredit olishga e’tiqodi yo‘l qo‘ymasligi mumkin. Bunda bu yangi xizmat turiga ehtiyoj paydo bo‘lishini anglatadi. Xuddi shu yangi xizmat turi qumdon tizimi asosida sinovdan o‘tkazilishi mumkin. Bu bitta misol xolos.

U xalqaro tajribadagi yangi moliyaviy xizmatlarda risk bo‘lishi mumkinligi va bizga to‘g‘ri kelish yoki kelmasligini aniq bilmaganimiz uchun ularni darrov joriy qila olmaymiz. Bu tizim aynan shu risklarni baholash uchun sinov o‘tkazishga yordam beradi”, – deya tushuntiradi Markaziy bank departament boshlig‘i Sanjar Nosirov.

Qanday moliyaviy xizmatlar sinovdan o‘tkaziladi?

Moliyaviy bozorda yangi xizmatlar yoki u uchun qonunchilikda cheklovlar mavjud bo‘lsa yo qonunchilik bilan tartibga solinmagan bo‘lsa, bunday xizmatlar sinovdan o‘tkaziladi.

Markaziy bank vakolatlaridan tashqari bo‘lgan, ya’ni boshqa davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tartibga solinuvchi moliyaviy xizmatlarni sinovdan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tashabbuskorlar qanday hollarda ariza berishi mumkin?

Yuridik shaxslar yakka o‘zlari yoki Markaziy bank nazorati ostidagi tashkilotlar bilan birgalikda ariza berishi mumkin.

Markaziy bank nazorati ostida bo‘lmagan tashabbuskorlarga qayta tashkil etish yoki tugatish, bankrotlik holatida bo‘lmaslik, bir qator jinoyatlar uchun sudlanganlik hamda ofshor hududning rezidenti bo‘lmaslik yoki ushbu hududdan ro‘yxatdan o‘tmaganlik kabi talablar qo‘yiladi.

Hujjatlar qanday ko‘rib chiqiladi?

Arizalar 60 kunda ko‘rib chiqiladi. Markaziy bank zarur hujjatlarni so‘rash, sinov jarayoni haqida hisobotlarga o‘zgartirish kiritish va ishchi guruh tashkil etish huquqiga ega.

Tashabbuslarga qanday shartlar qo‘yiladi?

  • yangi moliyaviy xizmatga test rejimida ruxsat berilgani sabab xizmat mijozlarining soni cheklangan bo‘lishi lozim (risk to‘la baholanmagani bois aholining katta qismini qamrab olishiga yo‘l qo‘yilmaydi);
  • tartibga solish qumdoni muddati 3 yildan oshishi mumkin emas;

Quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim:

  • tartibga solish qumdoni ishtirokchisi tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar soni va hajmi;
  • sinovdan o‘tkazishni amalga oshirish joyi (hududi);
  • berilgan to‘lov instrumentlari yoki tuzilgan shartnomalar soni;
  • bir mijoz tomonidan, shu jumladan belgilangan vaqt (kun, hafta, oy, kvartal) davomida amalga oshiriladigan operatsiyalarning maksimal hajmi;
  • moliyaviy xizmatni sinovdan o‘tkazishda o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan boshqa shartlar.

Sinov natijalari muvaffaqiyatli bo‘lishi nimani anglatadi?

Iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikka jiddiy xavf tug‘diruvchi tavakkalchiliklar mavjud bo‘lmaganda, shuningdek tartibga solish qumdoni ishtirokchisi tomonidan miqdor va sifat ko‘rsatkichlariga erishilganda loyiha muvaffaqiyatli deb topiladi.

Muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan moliyaviy xizmatlar bo‘yicha Markaziy bank quyidagilardan birini tayyorlaydi:

  • o‘zining normativ-huquqiy hujjati;
  • sinovdan o‘tkazilgan moliyaviy xizmatning cheklovlarsiz amal qilishini joriy etish bo‘yicha qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni;
  • moliyaviy xizmatni joriy qilishga to‘sqinlik qiluvchi huquqiy to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni.

Muvaffaqiyatsiz o‘tgan sinovlarda zarar ko‘rgan iste’molchilar zararini kim qoplab beradi?

“Markaziy bank arizalarni qabul qilganda yangi moliyaviy xizmatning risklarini kamaytirishga harakat qiladi va sinov davomida doimiy ravishda tashabbuskordan hisobotlarni so‘raydi. Xizmatning risklari oshib boraversa, Markaziy bank qumdonni to‘xtatadi. Agar sinovda ishtirok etgan iste’molchilarga zarar yetadigan bo‘lsa, bu zarar tashabbuskor tomonidan qoplanadi”, –deydi Sanjar Nosirov.

Tartibga solish qumdonlari ro‘yxati Markaziy bank

veb-saytida joylashtiriladi. Unda quyidagi ma’lumotlar aks etadi:

  • tartibga solish qumdoni ishtirokchisining nomi;
  • tartibga solish qumdoni ishtirokchisining veb-sayti (mavjud bo‘lganda);
  • vaqtinchalik tartib imzolangan sana;
  • sinovdan o‘tkazish boshlanadigan va tugatiladigan sana;
  • sinovdan o‘tkaziladigan moliyaviy xizmatning qisqacha tavsifi;
  • sinovdan o‘tkazish natijalari (muvaffaqiyatli, muvaffaqiyatsiz).

Madina Ochilova tayyorladi.

Mavzuga oid