Sport | 08:05 / 20.08.2022
24363
4 daqiqa o‘qiladi

Ikkinchi urinishda ikkinchi o‘rin. Konya qahramonlari kutib olindi

Turkiyaning Konya shahrida o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlarida 51ta oltin, 42ta kumush va 65ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida mezbonlardan so‘ng 2-o‘rinni egallagan O‘zbekiston delegatsiyasi Toshkentga qaytdi.

G‘olib va sovrindorlarni aeroportda bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi davlat rasmiylari ko‘tarinki ruhda kutib olishdi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov yig‘ilganlarga mamlakat rahbari tabrigini va g‘oliblarni bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlash bo‘yicha qarorni o‘qib berdi.

Shundan so‘ng qahramonlar sharafiga she’r o‘qildi, kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Tadbirdan so‘ng bir qator chempionlar bilan suhbatlashdik.

Og‘ir atletika bo‘yicha 3ta oltinni qo‘lga kiritgan Ruslan Nuriddinov navbatdagi g‘alabadan so‘ng ham hayajonda: «Shoda-shoda medallar bilan kelyapmiz. Islom davlatlari ichida 2-o‘rin, 158ta medal! Albatta, hayajonda bo‘lamiz. Kichik bir mehnatimiz e’tirof etilayotganidan doim xursandmiz».

Uch hatlab sakrash bo‘yicha chempion, 15 yoshli Sharifa Davronova tajribali raqiblarini dog‘da qoldirganidan xursandligini yashirmadi: «Musobaqa men uchun juda ham qiyin bo‘ldi. Kuchli raqiblar yig‘ilgandi. Eng yoshi men edim. G‘alabadan xursandman. Bu hali boshlanishi.

Kumushning oltinga aylanishi? Hakamlarning xatosi sabab 2-o‘rin bo‘layotgandi. Keyin apellyatsiya berdik. Ko‘rib chiqishgach, menga oltinni qaytarishdi».

Og‘ir atletikada 2ta oltin va 1ta kumushni O‘zbekistonga taqdim etgan Adhamjon Ergashev mezbon sportchining «hurmatini joyiga qo‘yganini» aytdi: «Taassurotlar juda ajoyib. Ilk bor bu turnirda ishtirok etdim. Bu 3ta medal katta motivatsiya bo‘ldi. Chunki bizda doim bittadan medal taqdim etilardi, bu safar uchala yo‘nalishda alohida berishdi.

Uchinchisi ham oltin bo‘lishi mumkin edi, biroz texnik xatolikka yo‘l qo‘ydim. Qolaversa, oltin olgan raqib turkiyalik sportchi edi, biroz do‘stonalik ko‘rsatdik. Albatta, bu hazil. Oldimizga katta maqsadlar qo‘yganmiz. Xudo xohlasa, ularni ham amalga oshiramiz».

Kam gapirib, ko‘p medal oladigan og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev (3ta oltinga sazovor bo‘ldi) g‘alabalar oldinda ekanini ta’kidladi: «Ko‘p medallar bilan qaytdik. Bu — biz uchun katta yutuq. Og‘ir atletika jamoamiz 15ta oltin, 3ta kumush va 6ta bronza bilan 1-o‘rinni qo‘lga kiritdik. Endi asosiy musobaqamiz — Parij olimpiadasi».

Eslatib o‘tamiz, Prezident qaroriga asosan g‘olib sportchilar har bir oltin medal uchun $5000 bilan mukofotlanadi. Kumush medalga $3000, bronza uchun $2000dan beriladi. Sportchilarni tayyorlagan murabbiylarga esa $2500 (oltin), $1500 (kumush) va $1000dan (bronza) taqdim etiladi.

Ma’lumot uchun, ikkinchi bor ushbu turnirda qatnashgan O‘zbekiston debyutdagi natijasini (4-o‘rin) yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi.

A’zamjon Izzatillayev, Tribuna.uz muxbiri
Operator — Javohir G‘ayratov

Mavzuga oid