Xitoyda dengizda tutilgan baliqlar ham koronavirus uchun testdan o‘tkazilmoqda - OAV
Butun pandemiyadagi eng kuchli COVID-19 tarqalishiga duch kelgan Xitoyda dengizda tutilgan baliqlar SARS-CoV-2 koronavirusi uchun testdan o‘tkazila boshlandi.
Xitoyda hatto dengizda ovlangan baliqlar ham endi SARS-CoV-2 koronavirusiga tekshirilishi kerak. Bu haqda dpa agentligi 19 avgust, juma kuni xabar berdi. Ayni paytda tarmoqda tarqalayotgan, Syamen portida baliq qanday og‘zini ochgani va u yerdan paxta tayoqchasi yordamida kovid testi uchun namuna olinayotgani aks ettirilgan video internetning Xitoy segmentida shov-shuv va kulgili sharhlarga sabab bo‘ldi.
Dpa so‘roviga javoban, Syamen sog‘liqni saqlash departamenti vakili port shaharda haqiqatan ham nafaqat dengizdan qaytayotgan baliqchilar, balki ular olib kelgan baliqlar ham COVID-19 uchun testdan o‘tkazilayotganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tekshiruvlar Jimey tumani hokimiyatining maxsus buyrug‘iga asosan amalga oshirilmoqda. Hujjat iyul oyi oxirida xitoylik baliqchilar dengizga chiqishda boshqa mamlakatlardan kelgan baliqchilar bilan noqonuniy shartnomalar tuzib, ulardan baliq sotib olishiga bog‘liq holda chiqarilgan.
SARS-CoV-2 virusi birinchi marta 2019 yil dekabr oyida aniqlangan Xitoy qat’iy «nol kovid» strategiyasini amalga oshirmoqda. U chet elliklar uchun butunlay yopiq. Mamlakatga kirishga ruxsat berilgan oz sonli tashrif buyuruvchilar odatda mehmonxona karantin xonasida yetti kun bo‘lishi kerak, keyin esa uch kun kuzatuv ostida o‘tiradi. Millionlab aholisi bo‘lgan megapolislarda odamlar odatda har uch kunda bir marta testdan o‘tkazilyapti. Smartfondagi maxsus ilovada COVID-19 testining manfiy natijasiga ega bo‘lish hatto do‘konlar, bozorlar yoki shaxsiy turar joy majmuasiga kirish uchun ham zarur.
Bundan tashqari, odamlar ijtimoiy aloqalarini kuzatish uchun COVID-19 mobil dasturiy ilovasi yordamida o‘zlarini hamma joyda skanerlashlari kerak. Kovid bilan kasallangan yoki «xavf guruhida» bo‘lgan shaxs sifatida aniqlangan har qanday kishi o‘zini yakkalashi lozim. COVID-19 uchun testi musbat natija berganlar kasalxonaga yotqiziladi. Ba’zida aholi orasida kasallangan odam aniqlansa, butun mavzelarda lokdaun joriy etilyapti. Ammo qat’iy choralarga qaramay, dunyoda eng ko‘p aholisi bo‘lgan mamlakat hozirda pandemiya davridagi eng kuchli koronavirus tarqalishi holatini boshdan kechirmoqda, sababi uning so‘nggi turi - omikron oson tarqaladi.
Juma kuni Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi 500 dan ortiq yangi COVID-19 holatlari va 2000 dan ortiq alomatsiz holatlar haqida xabar berdi. Ayniqsa Xaynan orolida kasallikka gumonlanganlar juda ko‘p. O‘n minglab dam oluvchilar u yerda qolib ketishgan. Syamen dengiz faoliyatini rivojlantirish byurosi Hongkongning South China Morning Post nashriga infeksiyani Xaynanga dengizda boshqa mamlakatlardan kelgan baliqchilar bilan aloqada bo‘lgan xitoylik baliqchilar olib kelgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berdi. Ular jurnalistlarning baliq va baliqchilar SARS-CoV-2 uchun testdan o‘tkazilayotgani haqidagi savoliga: «Biz bu ish qilinayotgan yagona joy emasmiz», deb javob berdi.
Mavzuga oid
23:06 / 31.10.2024
Xitoy Xaynan oroli va Janubiy Xitoy dengizida 50 mlrd dollarlik harbiy obektlarni qurdi
21:49 / 31.10.2024
Yevroittifoq Xitoyning Temu internet-do‘konini jarimaga tortmoqchi
15:51 / 31.10.2024
Xitoyda ayollarni farzand ko‘rishga undovchi qo‘ng‘iroqlar qilinmoqda
13:50 / 31.10.2024