O‘zbekiston | 11:09 / 22.08.2022
12984
2 daqiqa o‘qiladi

Jamoliddin Hojimanov Chilonzor tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi

Chilonzor tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi tayinlandi. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2022 yil 18 avgust kuni tegishli farmoyishni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, Jamoliddin Husniddinovich Hojimanovga Chilonzor tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajarish yuklatildi.

J.Hojimanov Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

Ma’lumot uchun, 8 avgust kuni prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov boshchiligida Toshkentda 101 tup daraxtga shikast yetkazilgan holat yuzasidan selektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov va prokurori Izzat Bozorov lavozimidan ozod etildi. Mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va prokurori Ulug‘bek Qosimovga qattiq hayfsan berildi.

Shavkat Mavlonov 2021 yil iyunidan buyon Chilonzor tumaniga rahbarlik qilib kelgandi. U muqaddam Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Bundan oldinroq poytaxtning Chilonzor tumani Chilonzor ko‘chasi avtomobillar harakati uchun kengaytirilishi asnosida aksariyat emanlardan iborat daraxtlar ildizlarining bir qismi qo‘porib tashlangani jamoatchilik o‘rtasida norozilik uyg‘otgan, hodisa joyiga bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Ekologiya qo‘mitasi raisi Narzulla Oblomurodov va Prezident administratsiyasi xodimlari yetib borishgandi.

Mavzuga oid