O‘zbekiston | 07:33 / 23.08.2022
4509
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev AQSh Kongressi delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 avgust kuni AQSh Kongressi a’zolari Trent Kelli va Derin Laxud ishtirokidagi delegatsiyani qabul qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Parlamentlar o‘rtasida faol almashinuvlarni hamda kongressmenlar vakillik qilayotgan Missisipi va Illinoys shtatlari bilan amaliy hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda erishilgan yuqori daraja qayd etildi. Samarali muloqotlar kengaymoqda, o‘zaro tashriflar amalga oshirilmoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash o‘tgan yilda 53 foizga, joriy yil boshidan esa yana 20 foizga oshdi. Bozorda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan AQSh kompaniyalari soni ortib bormoqda.

Misol tariqasida «Silverleaf» kompaniyasining Jizzax viloyatidagi agroklasterni rivojlantirish borasidagi sermahsul faoliyati ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari AQSh Kongressida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston bo‘yicha kokus ishini yuksak baholadi.

Sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, sanoat va yuqori texnologiyalar sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

AQSh ushbu hududlaridan ishbilarmonlar delegatsiyalarining mamlakatga tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.

Mavzuga oid