O‘zbekiston | 21:45 / 24.08.2022
11240
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon, Namangan va Termizdagi muzeylarda 3,5 mlrd so‘mlik zarar aniqlandi

Qayd etilishicha, Andijon, Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeylarda jami 54 mln 700 ming so‘m, Termiz davlat muzey-qo‘riqxonasida 3 mlrd 467 mln so‘mga yaqin zarar qiymati aniqlangan.

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi boshchiligidagi ishchi guruh iyun-iyul oylarida Andijon, Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeylari hamda Termiz davlat muzey-qo‘riqxonasida saqlanayotgan noyob ashyolarni xatlovdan o‘tkazib, ularning saqlanishi va xavfsizlik holatini o‘rgandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, o‘rganish davomida ishchi guruh tomonidan Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida 4 dona, Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida 9 dona ashyo muzeyning kirim va inventar kitoblari hamda ilmiy pasportlarining tavsifnomalariga, o‘lchami, ishlanish uslubi va yaratilgan davri bo‘yicha mos kelmasligi aniqlandi.

Shuningdek, Termiz davlat muzey-qo‘riqxonasida 24 dona ashyo muzeyning kirim va inventar kitoblari hamda ilmiy pasportlarining tavsifnomalariga, o‘lchami, ishlanish uslubi va yaratilgan davri bo‘yicha mos kelmasligi, 58 nomdagi ashyolar muzey fondida yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

Madaniy meros agentligining san’atshunoslik eksperti xulosalariga ko‘ra, Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida aniqlangan zarar qiymati 31 mln so‘mni, Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida 23 mln 700 ming so‘mni hamda Termiz davlat muzey-qo‘riqxonasida 3 mlrd 466 mln 800 ming so‘mni tashkil qiladi.

Avvalroq moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obektlarini foydalanishga (ijaraga) berish va ulardan foydalanishda qonun hujjatlariga rioya etilishi holatini o‘rganishda 15,3 mlrd so‘m debitor qarzdorlik aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid