O‘zbekiston | 12:11 / 26.08.2022
6636
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Belarus fuqarolari uchun maxsus turistik xizmatlarni tashkil etmoqchi

Minskda ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Belarus hukumatlararo qo‘shma komissiyasi 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev va Belarus bosh vaziri o‘rinbosari Leonid Zayats hamraisligida Minsk shahrida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Sanoat kooperatsiyasi sohasida hamkorlik yo‘nalishlari va qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish maqsadida shu yil sentabr oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston-Belarus biznes kengashi ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishildi.

Belarusda 2023 yil birinchi yarmida fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Belarus-O‘zbekiston komissiyasi 2-yig‘ilishini qatnashchilar bevosita ishtirokida o‘tkazish, tasdiqlangan qo‘shma ilmiy-texnikaviy va innovatsion hamkorlik dasturini IT, raqamlashtirish va yuqori texnologiyalar sohasidagi tashabbus va loyihalar bilan boyitish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Belarus fuqarolari uchun «Oila uchun turizm», «Quyoshli ta’til», «Vitaminli tur», «O‘qish va sayohat» kabi maxsus turistik xizmatlarini tashkil etishga tayyorlik bildirildi. Belarus joriy yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi va 2023 yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan BMT jahon turizm tashkiloti bosh assambleyasi 25-sessiyasiga taklif qilindi.

2023-2026 yillarda O‘zbekiston va Belarus yetakchi oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlash, O‘zbekistonda «Belarus kinosi kunlari» va Belarusda «O‘zbek kinosi kunlari»ni o‘tkazishga kelishildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha kelishuvlarni aks ettiruvchi yakuniy protokol, ikki davlat hukumat rahbarlari o‘zaro tashriflarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» imzolandi.

Mavzuga oid