Sport | 21:10 / 03.09.2022
32349
2 daqiqa o‘qiladi

Ilk marta o‘zbekistonlik 4 shaxmatchi FIDE reytingida TOP-100talikka kirdi

Nodirbek Abdusattorov FIDE reytingida kuchli 30talikdan joy oldi. Rustam Qosimjonov 72-o‘rinda qayd etildi. Nodirbek Yoqubboyev va Javohir Sindorov ham yuqori yuzlikka kirdi va bu reytingdagi o‘zbekistonliklar soni tarixda birinchi marta 4 nafarga yetdi.

Nodirbek Abdusattorov /Foto: International Chess Federation / Lennart Ootes

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) sentabr oyi uchun jahon shaxmatchilari reytingini e’lon qildi. Reytingda o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov avgust oyidagi o‘rnini sezilarli yaxshilagan: u reytingini 2713 ga yetkazib (+36), jahon reytingida 64-o‘rindan 30-o‘ringa ko‘tarildi.

Bunga Abdusattorovning o‘tgan oy Hindistonda bo‘lib o‘tgan jahon shaxmat olimpiadasi va Turkiya superligasida jami 22 ta o‘yin o‘tkazib, ularning aksariyatida muvaffaqiyatga erishgani sabab bo‘lgan. U yosh shaxmatchilar reytingidagi o‘rnini ikki pog‘onaga yaxshilab, 4-o‘ringa chiqdi.

Nodirbek Yoqubboyev / Foto: O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi

FIDE'ning TOP-100 reytingida o‘zbekistonliklar soni ilk marta 4 nafarga yetdi. Rustam Qosimjonov (2670) 72-o‘rinda bormoqda. O‘tgan oydagi olimpiada chempionlari – Nodirbek Yoqubboyev (2656) va Javohir Sindorov (2651) kuchli yuztalikka kirib, mos ravishda 89- va 92-o‘rinlarni band etishdi.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi FIDE reytingida 18-o‘ringa ko‘tarildi (+1).

Javohir Sindorov / Foto: O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi avgust oyida bo‘lib o‘tgan shaxmat olimpiadasida birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘lib, yakunda chempionlikka erishgandi. Jamoaning yuqorida ismi tilga olingan uch a’zosi, shuningdek Jahongir Vohidov va Shamsiddin Vohidov “O‘zbekiston iftixori” unvoni, Equinox avtomobili va 600 mln so‘mdan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Shaxmat toji hamon norvegiyalik Magnus Karlsenda (2861). Yuqori uchlikda xitoylik Liren Ding (2808) va rossiyalik Yan Nepomnyashiy (2792) bormoqda. TOP-10talikdagi to‘rt grossmeyster – amerikalik.

Mavzuga oid