Sport | 23:35 / 16.09.2022
42168
4 daqiqa o‘qiladi

«Bu yo‘l bilan O‘zbekistonda chempion bo‘larsiz, ammo OChLda bunday bo‘lmaydi». Lazarevich Namangandagi o‘yindan keyin «portladi»

Superliga 19-turi doirasidagi «Navbahor» - «Qizilqum» (1:0) o‘yinidan keyin navoiyliklar bosh murabbiyi serbiyalik Nikola Lazarevich fikrlarini ochiq bildirib, «portladi».

Foto: Tribuna.uz

- «Navbahor»ni Turkiyadagi mavsum oldi yig‘inlarda ko‘rganimdayoq Superliga yangi mavsumida chempionlikka da’vogar klublardan biri bo‘ladi, degandim. Ha, chindanam Namanganda yaxshi jamoa tuzilgan. 

Ammo, endi nimalar ro‘y bermoqda? Mana shu savolga javob topaylik. Hakamlar bilan nimalar ro‘y bermoqda, menga umuman tushunarsiz. Bu birinchi yoki ikkinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Bu yerda hakamlik qanday bo‘layotganini o‘zlaring ham yaxshi bilasizlar. Butun O‘zbekiston biladi! 

Bugungi o‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, hammasi o‘yin boshidanoq tushunarli edi. Eng avvalo hakam sababli bizga qiyin bo‘lishini bilardik. Bizni ikki marta «o‘ldirishdi».

Menda savol bor – sizga va rahbariyatga. Men Namangan klubi rahbariyatini hurmat qilaman, ammo menga ayting-chi, bu siz yurayotgan bu yo‘l to‘g‘rimi? 

Endi men hurmat qiladigan siz aziz muxlislarga savol: Yaxshi, ehtimol siz bu yo‘l bilan chempion bo‘larsiz, ammo siz butun mavsum davomida sizga kimdir yordam berishidan ko‘ra, ko‘prog‘iga arziysiz va munosibsiz. Bugun esa siz ko‘rib, hammasi ayon ekanligini tushundingiz.

Siz shu tariqa chempion bo‘lmoqchimisiz? Agar shu yo‘l orqali chempion bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, unda o‘zingizga bog‘liq. Sizda yaxshi tarkib, yaxshi zaxira, yaxshi murabbiylar shtabi bor va men o‘ylaymanki siz muxlislarning jamoangiz bu yo‘l orqali chempion bo‘lmasligi kerak. Buni chin dildan aytyapman. 

Ha, siz shu yo‘l bilan O‘zbekistonda chempion bo‘la olasiz, ammo Osiyo Chempionlar ligasida bunday bo‘lmaydi, u yerda hammasi boshqacha. 

Biz legionermiz bu yerda, futbolingizda ishlash uchun kelganmiz. Tushuning, biz pulni ishlab ketamiz, ammo siz bu muammolar bilan qolasiz shu yerda. Bu muammo bu yil paydo bo‘lgan emas, buni mendan ko‘ra yaxshiroq bilasiz. Bu muammo bu yerda qariyb 10-20 yildan beri bor. 

Ishoning, sizlarda iqtidorlar ko‘p, ammo siz bu yo‘ldan yurmasligingiz kerak. To‘g‘ri yo‘ldan borishingiz va yana rivojlanishingiz kerak. Shu yo‘l orqali siz jahon chempionatiga borishingiz, rivojlanish orqaligini cho‘qqilarni zabt etishingiz mumkin.

Bunday atmosferada bugun men uchun 90 daqiqalik spektakl bo‘ldi. Bunday yo‘ldan bormasligingiz kerak.  

- Boshqa yo‘ldan yurishni nazarda tutyapsiz. Ko‘rsating-chi qaysi yo‘ldan yuraylik?

- Faqat va faqat to‘g‘ri yo‘ldan. Hakamlar aralashuvisiz va hokazo. Bu mening fikrim. Men bugun bu yerdaman, ertaga esa yo‘q. Siz esa shu yerda qolasiz. «Navbahor», o‘zbek futboli bu yo‘ldan yurmasligi kerak. Halol o‘yin yo‘lidan borish lozim. Ehtimol, xato qilayotgandirman, ammo bunday holatga birinchi marta duch kelayotganim yo‘q, - deya Nikola Lazarevichning matbuot anjumanidagi so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri. 

Mavzuga oid