Jamiyat | 16:01 / 30.09.2022
33575
10 daqiqa o‘qiladi

Kuz faslini shamollamasdan o‘tkazishning yo‘li bormi? - Xalq tabobati tavsiyalari

Kuz kelib, havo harorati sekin-astalik bilan pasayib bormoqda. Bu vaqtda odamlarning immuniteti ham tushib, shamollashga moyilligi oshadi. Xo‘sh, kuzda qo‘zg‘aladigan kasalliklarning oldini olish uchun nima qilish kerak? Bu borada Xalq tabobati assotsiatsiyasi rahbari Ro‘zimuhammad Xonnazarov o‘zining bir qancha tavsiyalarini berdi.

Ro‘zimuhammad Xonnazarovning aytishicha, har bir odamning mizoji bo‘lganidek, fasllarning ham o‘ziga yarasha mizojlari bor va ular turlicha nomlanadi.

Kuzda badanni sovuqdan asrashga alohida e’tibor berish kerak

Masalan, bahor issiq-ho‘l bo‘lgani uchun burji obiy, yoz issiq-quruqligi uchun burji noriy, kuz sovuq-quruqligi uchun burji bodiy, qish esa sovuq-ho‘l, ya’ni burji xokiy deb ataladi.

Aslini olganda, insondagi 90 foiz bemorlik, masalan, surunkali yoki onkologik kasalliklar mizojning sovigani sababli paydo bo‘ladi. Shuning uchun issiqdan sovuqqa o‘tayotganda istalgan kishida ma’lum bir o‘zgarishlar bo‘lishi aniq. Bu davrda ko‘pchilikda asosan shamollash, yuqori nafas yo‘llari yoki allergik kasalliklar paydo bo‘ladi.

Bu borada xalq tabobati bir qancha tavsiyalarni beradi. Kuzda badanni sovuqdan asrash uchun alohida e’tibor berish, uning harorati va quvvatini oshiruvchi oziq-ovqatlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Kuzda nimalar iste’mol qilgan ma’qul?

Odamlar havo harorati, fasllar, tanasi, ichki xohish hamda zaruratidan kelib chiqib kerakli mahsulotlarni tanovul qilishi kerak. Umumiy qilib aytganda, hammamiz o‘z tanamizning tabibi bo‘lishimiz lozim.

Xalq tabiblari kuz faslida Alloh taolo tabiiy holda nimalarni pishirib yetiltirsa, shular bilan oziqlanishni tavsiya qiladi. Chunki bu vaqtda pishadigan mahsulotlarning hammasi inson tanasini qizdirishga, buning ortidan esa shamollash kabi kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Masalan, sholg‘om, turp, qovoq.

Shuningdek, bu mavsumda qaymoq, saryog‘, asal, qo‘y go‘shti, yong‘oq, nisholda kabilarni kam-kam, tez-tez iste’mol qilish ham zarar qilmaydi.

Bundan 2 ming 400 yil oldin yashab o‘tgan Buqrot «ovqating dori bo‘lsin, doring ovqat bo‘lsin», deb bejizga aytmagan.  

Turli «poroshok» va antibiotiklardan voz kechish kerak

Kuz va qishning boshida sovuq ichimliklarni ichishdan mutlaqo tiyilish kerak. Inson tanasi 36,6 darajada yuradigan bo‘lsa, mana shu haroratga mos ravishda iliq suyuqlikni ichish, taomni iste’mol qilish lozim.

Buning aksini bajargan ko‘pchilik odamlar shamollaydi, undan keyin bilib-bilmasdan turli xil «poroshoklar», antibiotiklarni qabul qilib qo‘yishadi. Bu kimyoviy ishlov berilgan preparatlar shamollash belgilarini bartaraf etishi mumkin, ammo jigar yoki oshqozonga jiddiy zarar yetkazadi. Bunday holatda iloji boricha tabiiy mahsulotlarga e’tibor qaratish zarur.

«Poroshok»larning o‘rniga na’matak (shipovnik), chakanda (oblepixa), moychechak (romashka), yalpiz (myata) o‘simliklarini damlab, kuniga bir mahal ichib turish bezarar va samarali bo‘ladi.

Shuningdek, asalga zanjabil, zarchava hamda qalampirmunchoqni aralashtirib qo‘yib, bir qoshiqdan och qoringa kuniga bir marta iste’mol qilish ham kimyoviy preparatlarga ehtiyoj qoldirmaydi. Bu bilan doimiy ravishda immunitetni ko‘tarib yurish mumkin.

Doimiy harakatda yurgan insonning tabibga muhtojligi bo‘lmaydi

Faqat yeb-ichishdan tashqari, odamlar sog‘lom-turmush tarzining asosiy shartlaridan biri — jismoniy faollikni ham oshirishi kerak. Buyuk hakim Abu Ali ibn Sinoning «doimiy harakatda yurgan insonning tabibga muhtojligi bo‘lmaydi», degan gapi isbot talab qilmas haqiqat hisoblanadi.

Ya’ni inson muntazam harakatda bo‘lib, kuniga bir soat bo‘lsa-da sport bilan shug‘ullanishi orqali tanasini kasalliklardan asraydi.

Hammom va uy sharoitidagi vanna ham kasal bo‘lishdan asraydi

Inson mizojini qizdiruvchi hammomlarga hech bo‘lmaganda haftada bir marotaba tushish ham tavsiya etiladi.

Demak, inson mijozini qizdirish uchun qizdiruvchi mahsulotlardan iste’mol qilish, jismoniy harakatni oshirish (sport bilan shug‘ullanish) yoki haftada bir marotaba kamida 40 daqiqa yoki bo‘lmasam, maksimum 4 soat hammomga tushib, badandan sovuq terni chiqarib turish lozim.

Har bir inson mijozini uy sharoitida ham qizdirishi mumkin. Buning uchun vannani suv bilan tozalab yuvib, unga ikki quti osh tuzi (iloji bo‘lsa dengiz tuzi) va ikki quti osh sodasini solishi va vannani 40 gradusli issiq suv bilan to‘ldirishi kerak. Keyin tuz va soda aralashgan suvda yuragi ko‘targuncha o‘tirishi zarur. Haftada bir marotaba shu ishni qilish orqali tanadagi sovuq terni chiqarib yuborish va mavsumiy kasalliklardan uzoqroq yurish mumkin. 

Kuzda tavsiya etiladigan muolajalar

Kuzda qon oldirgan yoki hijoma qilgan ham foydali. Chunki bunda qon suyulib, uning tarkibi o‘zgaradi, ya’ni sifati oshadi. Eski qon ketganidan keyin, organizm yangi qonni ishlab chiqaradi. Bu esa ma’lum kasalliklarga qarshi immunitetni oshiradi.

Shuningdek, profilaktika uchun apiterapiya (ari chaqtirish)ni ham maslahat beramiz. Arining nishi mizojni qizdirib, immunitetni ko‘tarishga xizmat qiladi.

Sayohat qilish ham foydadan xoli emas

Ibn Sino ta’biri bilan aytganda, bir fasldan boshqasiga o‘tayotganda insonda moddalar almashinuvi buziladi. Shuning uchun inson a’zolari kasallanishga moyil bo‘lib qoladi. Xalq tabobatida buning ham oldini olish choralari bor.

Tanasiga yetishmaydigan moddalarni nazorat qilish, turli narsalardan zavqlanish yoki sayr qilish eng maqbul yo‘llardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, kuz faslida bir joydan boshqa joyga borib sayohat qilib kelish, havo almashtirish ham surunkali allergik yoki yuqori nafas yo‘llari kasalliklaridan xalos qiladi.

Kuzda inson ruhiyatida ham o‘zgarish kuzatiladi

Kuz faslida nafaqat inson tanasi, balki ruhiyatida ham birmuncha o‘zgarishlar kuzatiladi, tushkunlik paydo bo‘ladi. Chunki bu vaqtda tanada D vitamini yetishmovchiligi boshlanadi. Shuning uchun kuzga o‘tishdan oldin yozdan boshlab tayyorgarlik qilishni boshlash kerak. Avvalo odamlar quyoshda yetarli darajada toblanib olgan bo‘lishi, quyosh nuri bilan to‘yingan suvda cho‘milishi, qizigan tuproqda yalangoyoq yurish orqali tanani qizdirib, kuzga tayyor bo‘lib o‘tishi kerak. Ana shunda ruhiyatda ham katta o‘zgarishlar bo‘lmaydi.

Salomatlik haqida Ibn Sino nima degan?

Shu o‘rinda Abu Ali ibn Sino yozgan «Tib qonunlari»ning 1 kitobida qayd etilgan sog‘liqni saqlash haqidagi ma’lumotlarni eslatmoqchiman. Ya’ni unda 7 ta narsaning mo‘’tadil bo‘lib yurishi inson salomatligining garovi deyilmoqda.

Birinchisi — mizojning mo‘’tadil bo‘lishi. Ibn Sinoning ta’rificha, sog‘liq bu — xiltlar (qon, balg‘am, safro, savdo)ning muvozanatda bo‘lishi hisoblanadi. Kasallik esa mana shularning buzilishidir.

Ikkinchisi — taomlanishga e’tibor qaratishdir. Ya’ni bu yerda insonlar yeyiladigan yoki ichiladigan mahsulotlarni yetarli darajada iste’mol qilishi nazarda tutilgan.

Uchinchisi — badanni chiqindilardan tozalab turishlik. Inson tanasi och qolganda yoki ro‘za tutganida tozalanadi. Qolaversa, ichaklarni xalq tabobatida huqna qilish, ma’lum surgi dorilarni ichish orqali ham chiqindilardan forig‘ qilib turish darkor.

To‘rtinchisi — qaddi-qomatning tuzilishini saqlash, ya’ni umurtqa pog‘onasi, suyaklarining qiyshayishi bilan bog‘liq. Bu esa bevosita sport bilan shug‘ullanishga borib taqaladi. 

Beshinchisi — burunga tortiladigan havoning yetarli va yaxshi bo‘lishi, ya’ni toza havoda, kislorodga to‘yingan holda yashash ham inson salomatligini belgilab beradigan omil hisoblanadi.

Oltinchisi — kiyiladigan kiyimlarning qanday matodan bo‘lgani va qaysi faslda nimani kiyishni bilishdir. Kuzda odamlar, hatto uyquda ham yengli va yoqali narsalarni kiyishi lozim. Chunki uyqu vaqtida hech kim o‘zini boshqarmaydi, usti ochilib ketganda shamollab qolishi hech gap emas.

Yettinchisi — jismoniy va ruhiy harakatning mo‘’tadilligidir. Ya’ni jismoniy harakat ruhiy harakat bilan teng bo‘lishi talab etiladi. Har ikkisidan bittasining faolligi oshsa ham bu salomatlikka ta’sir qiladi.

Xulosa o‘rnida shu gapni aytmoqchiman. Aslida shifokorlar va tabiblar insonni davolab, ularni chopish chizig‘igacha olib chiqarib qo‘yadi, xolos. 80 foiz qolgan harakat esa insonning o‘ziga bog‘liq. To‘g‘ri, sog‘lom va zavqli turmush tarzini hayot dasturiga aylantirishsa, hech kimning doriga ehtiyoji qolmaydi, fikrimcha.

Dilshoda Shomirzayeva, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid