O‘zbekiston | 13:36 / 06.10.2022
9884
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 3 ta yangi metro bekati qurilishi yakunlanmoqda

Toshkent shahrida yerusti metrosining 2-bosqichi «Qo‘yliq – Quruvchilar» yo‘nalishi 7-bekatdan 12-bekatgacha bo‘lgan 8,5 kilometrlik uchastkasida qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

«O‘zbekiston temir yo‘llari» xabariga ko‘ra, hozirgi vaqtda 3 ta bekat qurilishi yakunlanmoqda. Qo‘yliq bozoridagi 7-bekatdan 8-, 9- hamda 10-bekatlar Mirobod hamda Sergeli tumanidan o‘tgan Toshkent halqa avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan bo‘lib, ayni paytda mutaxassislar tomonidan 7-bekatdan 10-bekatgacha bo‘lgan masofada qurilish jarayonining barcha temir-beton ishlari tugatilib, yangi va mustahkam relslar to‘liq o‘rnatib bo‘lingan. 

Qayd etilishicha, 8-bekat Qo‘yliq-1 mavzesida joylashgan bo‘lib, yo‘lning o‘ng tomoni ko‘p qavatli uylar bo‘lsa, chap tomonida aholi xonadonlaridan iborat katta-katta mahallalar joylashgan. Bugungi kungacha 8-bekatda asosiy ishlar qariyb 95 foizi bajarib bo‘lindi. 

Mazkur bekat 2 qavatdan iborat bo‘lib, birinchi qavatda jami 28 ta xona qurildi, ularda maxsus elektr energiyasi, aloqa tizimi hamda yong‘in xavfsizligi xonalari, tibbiyot punkti, ishchi-xodimlar xonasi va kassa mavjud. Perron 2-qavatda bo‘lib, umumiy uzunligi 105 metrdan iborat. 

9-bekat Qo‘yliq-4 hamda Qo‘yliq-5 mavzelarida joylashgan bo‘lib, hozirgacha eng ko‘p ish qilingan bekat bo‘lib turibdi. Bu yerda asosiy qurilish va pardozlash ishlari qariyb 99 foizi yakuniga yetgan. 

Birinchi qavatdagi barcha xizmat ko‘rsatish va texnika xonalari to‘liq ta’mirdan chiqarilib, 2-qavatdagi perron qismida ham zamonaviy va mustahkam, uzoq muddatga chidamli marmar mahsulotlaridan foydalanildi. 

Ushbu yo‘nalishning 10-bekati Sergeli tumanidagi Qo‘yliq-7 mavzesida joylashgan bo‘lib, metro yo‘nalishi Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod ko‘chasiga burilish yaqinida joylashgan. 10-bekatda ham asosiy qurilish ishlari tugatilib, so‘nggi pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kungacha bu bekatda asosiy ishlar qariyb 98 foizi yakuniga yetgan.

8-, 9-hamda 10-bekatlarda 2-qavatdagi perron qismi ko‘rinishi bir-birini takrorlamaydi. Har bir bekatda yong‘in xavfsizligi yo‘lagi tashkil etildi. Mavjud 3 ta bekatda zamonaviy lift va eskalatorlar ham o‘rnatildi.

Loyihaning Toshkent halqa yo‘lidan poytaxt viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod ko‘chasiga burilish qismidagi monolit usulida bunyod etilayotgan estakada yo‘lida qurilish ishlari yakunlandi. Xonobod ko‘chasidagi metro yo‘nalishida poydevor, temir-beton ustunlar, rigellar hamda balkalarni o‘rnatish ishlari yakunlanyapti. 

Ushbu bosqich qurib bitkazilishi bilan Toshkent metropoliteni jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod bo‘ladi. Bekatlar soni 50 taga yetadi. Metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 600 minggacha oshadi. 245 ta yangi ish o‘rni yaratilib, metro harakati tannarxi, aholining jamoat transportiga xarajati va kutish vaqti sezilarli qisqarishi aytilgan.

Mavzuga oid