13:13 / 11.10.2022
11394

Ukrainaning butun hududi bo‘ylab havo trevogasi e’lon qilindi

Havo trevogasi bo‘yicha onlayn ogohlantirish xaritasiga ko‘ra, butun Ukraina bo‘ylab havo trevogasi e’lon qilindi. 

Foto: Anadolu agency

Qayd etilishicha, Rossiyaning zarba berish ehtimoli juda yuqori. Shuning uchun aholi boshpanalarda qolishga chaqirilyapti.

Dnepropetrovsk oblastining Krivoy Rog shahrida rus qo‘shinlari 20 ta qanotli raketalarni uchirdi: 10 tasi Kaspiy dengizi havzasidan, 10 tasi - Saratovdan, deb xabar berdi shahar harbiy ma’muriyati boshlig‘i Aleksandr Vilkul. 

Portlashlar Kiyev, Xmelnitskiy va Rivne oblastlarida, shuningdek, Dnepropetrovsk oblastining Krivoy Rog shahrida qayd etilgan. Ba’zi hollarda gap havo hujumidan mudofaa tizimlarining ishlashi haqida ketyapti. 

Krivoy Rogda bir kun oldin raketa zarbasidan keyin shaxtalarda qolib ketgan barcha konchilar qutqarildi, dedi shahar harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Vilkul. «Tungi soat 2 ga kelib, konchilarni ko‘tarish bo‘yicha qutqaruv operatsiyasi yakunlandi. Barcha 854 ishchi yer yuzasiga olib chiqildi», deb yozadi u. Unga ko‘ra, shaharda elektr ta’minotini tiklash ishlari olib borilmoqda. Hozirgacha «eski SevGOK» tumanining 4319 abonenti elektr ta’minotisiz qolmoqda. 

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, 10 oktyabr kuni Rossiya tomonidan yarim kun ichida uchirilgan raketalarning o‘rtacha umumiy qiymati 400-700 million dollarga yetadi. Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, kechqurun Ukrainaga 84 ta qanotli raketa va 24 ta dron uchirilgan. 

Hujumlarning X-101, X-555, «Kalibr», «Iskander», S-300 va «Tornado-S» raketalari bilan amalga oshirilganini qayd etgan Forbes, ular narxi nishonga yetib borgan raketalarning aksariyati qimmat degan faraz asosida hisoblanganiga e’tibor qaratdi. Ular - yuqori aniqlikdagi X-101 va taktik masofali raketalar (S-300, «Tornado-S»), qolganlari esa havo mudofaasini ortiqcha yuklash uchun yuborilgan. 

10 oktyabrda uchirilgan barcha dronlarning umumiy qiymati bir necha million dollarni tashkil etadi, deb yozadi nashr.

Bundan oldin Ukraina energetika obektlari Rossiya tomonidan raketa hujumlariga uchragani tufayli 11 oktyabrdan boshlab elektr energiyasi eksportini to‘xtatayotgani xabar qilingandi. 

Rossiyaning raketa zarbalari natijasida deyarli butun Ukraina bo‘ylab elektr ta’minoti uzilib qolgan, 8 ta hududda suv ta’minotida muammolar mavjud. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Denis Shmixal o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top