O‘zbekiston chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha xalqaro majburiyatini bajara olmasligi mumkin
O‘zbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq 2030 yilgacha chiqindilar hosil bo‘lishi hajmini 2 baravarga qisqartirish majburiyatini olgan, biroq aholining o‘sishi prognozi inobatga olinsa, 2030 yilgacha chiqindilar hajmi 2 baravarga qisqarishi emas, aksincha tabiiy ravishda 2 baravarga ortishi kutilmoqda.
O‘zbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq 2030 yilgacha chiqindilar hosil bo‘lishi hajmini ikki baravarga kamaytirish majburiyatini bajara olmasligi mumkin. Bu haqda 13 oktyabr kuni tanqidiy ruhda o‘tgan Parlament komissiyasining navbatdagi majlisida so‘z borgan.
“Majlisda BRM 12-maqsadining 5-vazifasi, ya’ni chiqindilar hosil bo‘lishining oldini olish, qayta ishlash va takroriy foydalanish bo‘yicha choralarni qabul qilish orqali ularning hajmini 2030 yilgacha ikki baravarga qisqartirish yuzasidan Buxoro va Toshkent viloyatlarida olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida chiqindilar hosil bo‘lishining oldini olish, qayta ishlash va takroriy foydalanish, sohaga milliy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish, bu borada tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, umuman olganda, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni kompleks amalga oshirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilgani va sohaga oid 39 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani ta’kidlandi.
Amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, sohada mavjud ko‘plab muammo va kamchiliklar saqlanib qolayotganligiga e’tibor qaratildi.
Parlament komissiyasining ishchi guruhi o‘tkazgan o‘rganish natijasida muayyan holatlar aniqlangan bo‘lib, jumladan, Buxoro va Toshkent viloyatida chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishga oid mahalliy dasturlar ishlab chiqilmagan va tasdiqlanmagan.
Buxoro viloyatida 20 ta, Toshkent viloyatida esa 21 ta ikkilamchi xomashyoni qabul qilish shoxobchalari noqonuniy faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston BRMga muvofiq 2030 yilgacha chiqindilar hosil bo‘lishi hajmini ikki baravarga qisqartirish majburiyatini olgan, biroq hozirda aholi yillik o‘sish sur’atining prognozi inobatga olinsa, 2030 yilgacha chiqindilar hajmi ikki baravarga qisqarishi emas, aksincha tabiiy ravishda ikki baravarga ortishi kutilmoqda.
Senat raisi ana shu omillarni inobatga olgan holda chiqindilarni qayta ishlash va takroriy foydalanish hajmini 4 baravargacha ko‘paytirish zarur ekanligini alohida ta’kidladi.
Majlis davomida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi, Toshkent va Buxoro viloyati hokimliklarining hisoboti eshitildi. Shuningdek, aniqlangan muammo va kamchiliklar yuzasidan tegishli vazirlik hamda idoralar vakillarining fikrlari tinglandi.
Majlis yakunida Parlament komissiyasining sohadagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan tegishli qarori qabul qilinib, mutasaddi idoralarga muayyan vazifalar yuklandi.
Xususan, chiqindilar bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qonunchilikka tegishli o‘zgartishlar kiritish, chiqindini qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga imtiyozlar va preferensiyalarni belgilash, kelgusi yilga mo‘ljallangan budjetni shakllantirish jarayonida chiqindilar hosil bo‘lishini bartaraf etish choralarini inobatga olish, yangi chiqindi poligonlarini ochishni cheklash va shu kabi muhim masalalarni hal etish vazifalari belgilandi”, – deyiladi Senat xabarida.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlarini qabul qilgan va undagi 16 ta maqsadda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash majburiyatini olgan. Bu boradagi milliy maqsad va vazifalar doirasidagi ishlarning ijrosini ta’minlash, shuningdek, parlament nazoratini olib borish maqsadida Oliy Majlis palatalari rahbarlari boshchiligida Parlament komissiyasi tashkil etilgan.
Mavzuga oid
20:03
“Chiqindidan 6 oylik qarzdorligi mavjud bo‘lgan abonentlarga SMS-xabarnoma yuborildi” – Ekologiya vazirligi
18:28 / 05.10.2024
Chiqindidan qarzi borlarga elektr uchun to‘lov qilish cheklab qo‘yiladi
10:30 / 05.10.2024
Chiqindi tashuvchi mashinalarga GPS qurilmalari o‘rnatiladi
09:50 / 04.10.2024