O‘zbekiston | 13:33 / 21.10.2022
7184
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va AQSh energetika obektlarini xususiylashtirish rejalarini muhokama qildi

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov AQSh savdo vaziri o‘rinbosari Maris Lago boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

Tomonlar mamlakat energetika sohasini isloh qilish, energetika obektlarini xususiylashtirish, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish rejalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston tomoni «yashil» energetikani rivojlantirish va uglerod neytralligiga erishish rejalarini taqdim etdi. 2030 yilga borib mamlakat elektr energiyasi kamida 25 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, 7 GVt quyosh va 5 GVt shamol energiyasidan ishlab chiqarishni maqsad qilgan.

Gidroenergetikani rivojlantirish uchun 142 ta potensial obektlar o‘rganilib, 54 ta loyiha belgilandi. Quvvati 500 kVt gacha bo‘lgan mikro GESlar qurish bo‘yicha 200 ta loyiha amalga oshiriladi.

Tomonlar AQSh ijobiy tajriba to‘plagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.

Mavzuga oid